Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mashina olishda hech kim to‘lamayotgan 3 foizlik yig‘im bekor qilindi

Mashina olishda hech kim to‘lamayotgan 3 foizlik yig‘im bekor qilindi

2022 yil 1 yanvardan avtomobil sotib olganlik uchun 3 foizlik yig‘im to‘liq bekor qilindi. Davlat budjeti to‘g‘risidagi Qonundan ushbu yig‘im olib tashlangan.

2019 yil oktyabrgacha bo‘lgan muddatda mazkur yig‘im mashina sotib olgan fuqaro tomonidan to‘lanardi. Ya’ni yangi (avval foydalanilmagan) avtotransport vositalarini xarid qilganlik uchun to‘lov xarid narxining uch foizi avtotransport vositasi egasi (foydalanuvchi) tomonidan avtotransport vositasini Ichki ishlar vazirligi organlarida ro‘yxatdan o‘tkazilishi uchun to‘lanishi lozim edi.

2019 yil 1 oktyabrdan boshlab mamlakatda ishlab chiqarilgan yangi mashinalarni sotib olganlik uchun yig‘im avtotransport vositalari ishlab chiqaruvchilari tomonidan to‘lanishi qayd etilgan. Ammo Uzauto Motors kompaniyasi 2020 yilning yanvar-sentyabr oylari davomida shu 3 foizlik yig‘im ortidan davlat budjetiga 582,6 mlrd so‘m yig‘imni to‘lamagani oshkor bo‘lgandi.

«O‘zavtosanoat» 2019 yil 1 oktyabrdan joriy qilingan ushbu yig‘im avtomashinalar narxiga kiritilgan va xaridorlar hisobidan undirilishini aytgandi. Lekin amalda 2020 yil davomida ushbu yig‘im to‘lanmagan va bu summa yarim trillion so‘mdan ortiqni tashkil qilgan. Yanayam aniqrog‘i, Uzauto Motors 3 foizlik davlat yig‘imini xaridorlardan undirib, davlatga topshirmagan.

Uzauto Motors uchun berilgan bunday imtiyozlar birinchisi emas. Shu paytgacha kompaniya Prezident va Vazirlar Mahkamasi qarorlariga asosan, bojxona imtiyozlaridan 1,64 trln. so‘m, qo‘shimcha qiymat solig‘i qo‘shilishidan 255,6 mlrd. so‘m, aksiz solig‘ini to‘lamaslik ortidan 356,7 mln. so‘m miqdorida foyda ko‘rgandi.

Bekor qilingan mazkur amaliyot faqatgina ikkilamchi bozordan mashina sotib olinganda foyda berishi mumkin. Shu paytgacha ishlab chiqilgan mashinalardan yiliga qarab har bir ot kuchi uchun 29 ming 700 so‘mgacha yig‘im olinardi. Endi bu yig‘im butkul yo‘qoldi.

Uzauto Motors kompaniyasining yarim trln.lik yig‘imni davlatga to‘lamaganiga Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbayev o‘sha paytda o‘z munosabatini bildirgandi. U mazkur imtiyoz keyingi yilda (2022 yil nazarda tutilmoqda — Xabar.uz) ham saqlanib qolishidan xavotirda ekanini bildirgan.

«Bu imtiyoz qayerda o‘tib ketgan, degan savol ham qiziqtiryapti. Balki qonunlarda nomuvofiqlik bordir, bu o‘tgan yilgi (2019 yil) budjet qonunida ketgan bo‘lishi mumkin. Nimaga bunaqa bir-biriga zid ketyapti? Kamiga keyingi yil ham shunday 3 foizlik yig‘imni to‘lamaslik imtiyozini saqlab qolishi mumkin. Biz bunday imtiyoz berilishiga qarshimiz», — degandi Rasul Kusherbayev.

Soliq kodeksining 460-moddasida avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun yig‘im mamlakatning o‘zida ishlab chiqarilgan avtotransport vositalari sotib olinganda, yig‘im qonun hujjatlarida belgilangan tartibda avtotransport vositalarini ishlab chiqaruvchilar tomonidan to‘lanishi belgilangan.

Qolaversa, prezidentning 2019 yil 18 iyuldagi qarorida 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan yangi transport vositalari sotib olganlik uchun yig‘in ishlab chiqaruvchilar tomonidan to‘lanishi qayd etilgan.

Oliy Majlis palatalari qabul qilgan «2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida»gi qonunda ham yangi avtotransport vositalari bo‘yicha undiriladigan yig‘imdan mamlakatda ishlab chiqarilgan avtomobillar mustasno ekanini ko‘rish mumkin. Bu UzAuto Motors AJga («O‘zavtosanoat» AJ tizimidagi ishlab chiqaruvchilar ham) 3 foizlik yig‘imni to‘lashdan qonuniy ozod qilingan degani. Buni parlamentlar tasdiqlagan. Muhimi, ushbu imtiyoz quyi palataga kiritilgan 2021 davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasida bor edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring