Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Masofaviy ta’lim - innovatsion ta’lim muvaffaqiyati

Masofaviy ta’lim - innovatsion ta’lim muvaffaqiyati

Yangi yutuqlar yoki innovatsiyalar insonning har qanday kasbiy faoliyatiga xos bo‘lib, shu bois ularni o‘rganish, tahlil qilish va amaliyotga joriy etish tabiiy jarayon hisoblanadi. Innovatsiyalar o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi; ular ilmiy izlanishlar, olimlar hamda pedagogik jamoalarning ilg‘or tajribalari natijasida vujudga keladi. Bu jarayon o‘z-o‘zidan yuzaga chiqmaydi, balki tizimli boshqaruv va rejalashtirilgan yondashuvni talab etadi.

Oliy ta’limda yaxlit pedagogik jarayonni amalga oshirish bo‘yicha innovatsion strategiya kontekstida oliy ta’lim muassasasi o‘qituvchilarining rolini sezilarli darajada oshirish lozim bo‘ladi, chunki ular innovatsion jarayonlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri amalga oshiruvchi asosiy figuralar hisoblanadilar.

Ta’lim texnologiyalari turli va xilma-xil bo‘lishiga qaramay — masalan, didaktik, kompyuterlashgan, muammoli, modulli va boshqalar — asosiy pedagogik jarayonlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi, baribir, o‘qituvchilarning salohiyati va faoliyatiga bog‘liqdir.

Zamonaviy texnologiyalarni o‘quv jarayoniga joriy etish natijasida o‘qituvchi an’anaviy ma’ruza qiluvchi emas, balki maslahatchi, yo‘l ko‘rsatuvchi rolini tobora kengroq o‘zlashtira boshlamoqda. Bu esa ulardan maxsus psixologik va pedagogik tayyorgarlikni talab etadi, chunki pedagogning kasbiy faoliyatida nafaqat ta’lim va psixologiya sohalaridagi maxsus bilimlar, balki ta’lim texnologiyalari va ularni samarali qo‘llash ko‘nikmalari ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Aynan shu bilim va ko‘nikmalar asosida o‘qituvchining pedagogik innovatsiyalarni qabul qilish, baholash va amaliyotga joriy etishga bo‘lgan tayyorligi shakllanadi.

Innovatsiya vosita va jarayon sifatida qandaydir yangini joriy etishni nazarda tutadi. Pedagogik jarayon nuqtai nazaridan, xususan, professional ta’limda innovatsiya ta’lim maqsadlari, mazmuni, o‘qitish usul va shakllari, hamda o‘qituvchi va talabalar o‘rtasidagi hamkorlik faoliyatini tashkil etishga yangilik kiritishni anglatadi.

Ilgari jamiyat taraqqiyoti asosan texnologiyalar sohasida namoyon bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda undagi asosiy yutuqlar axborot sohasida to‘planmoqda. XXI asr — axborot asri deb hisoblanadi, hozirgi taraqqiyot bosqichi esa telekommunikatsiyaviy davr sifatida tavsiflanadi.

Ishlab chiqarish kombinatsiyalari muntazam yangilanib turgan ayni zamonda  professional bilimlar juda tez eskiradi, ularni doimiy ravishda yangilab va takomillashtirib borish zarur. Xo‘sh, ishlash bilan birga butun umr davomida ta’lim olish mumkinmi?

Aynan shu ehtiyoj, ya’ni bilimni doimiy ravishda yangilab borish zarurati, shuningdek axborot va kompyuter texnologiyalarining vujudga kelishi masofaviy ta’lim tizimining yaratilishiga sabab bo‘ldi. So‘nggi o‘n yilliklarda O‘zbekistonda masofaviy ta’lim texnologiyalari jadal rivojlana boshladi.

Masofaviy ta’limning ildizlari XVIII asr oxirida Yevropada paydo bo‘lgan. Bu davrda ommaviy va muntazam pochta aloqasi yo‘lga qo‘yilishi natijasida korrespondentlik aloqalari orqali ta’lim shakli vujudga kelgan. O‘quvchilar dars materiallarini pochta orqali olishgan, o‘qituvchilar bilan yozishma tarzida muloqot qilishgan va imtihonlarni ishonchli shaxsga topshirish yoki ilmiy ish sifatida taqdim etish orqali topshirishgan.

XX asr boshlarida telegraf, telefon, keyinchalik esa radio va televideniyening paydo bo‘lishi masofaviy ta’lim usullariga jiddiy o‘zgarishlar kiritdi. O‘quv auditoriyasi yuzlab marta kengaydi. Ko‘pchilik mustaqillikning dastlabki yillarida televideniyada namoyish etilgan ta’limiy ko‘rsatuvlarni hali ham eslaydi.

Biroq radio va televideniyening asosiy kamchiligi shunda ediki, o‘quvchida o‘qituvchi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish, savol berish va javob olish imkoniyati mavjud emas edi.

XXI asrda shaxsiy kompyuterlar va internetning ommalashuvi bilan har qanday o‘quvchi, qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, o‘qituvchi bilan muloqot qilish, savol berish va fikr almashish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

«Tezkor internet» texnologiyalarining keng tarqalishi ta’limda quyidagi imkoniyatlarni joriy etishga zamin yaratdi:

  • audio va video translyasiyalar;
  • audio va video konferensiyalar;
  • internet-konferensiyalar va onlayn efirlar;
  • shuningdek, ta’lim jarayonlarini imitatsiya qiluvchi onlayn simulyatorlar va menejment o‘yinlari.

Bunday o‘yinlar va simulyatorlar kichik korxonalardan tortib, yirik kompaniyalargacha boshqarish bo‘yicha asosiy ko‘nikmalarni shakllantirishga xizmat qiladi.

Xo‘sh, masofaviy ta’lim nima?

Masofaviy ta’lim — bu o‘quv materiallarini o‘rganuvchiga yetkazish, ta’lim jarayonida o‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasida interaktiv hamkorlikni ta’minlash, shuningdek, bilimlarni o‘zlashtirish darajasini nazorat qilishga xizmat qiluvchi axborot va kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) majmuasidir. Bunday nazorat turlari sifatida testlar, mantiqiy sxemalar, test-treninglar, sinovlar va imtihonlar kabi shakllar qo‘llaniladi.

Masofaviy ta’limning asosiy tarkibiy qismlari quyidagilardan iborat:

  • Interaktiv muloqot — o‘quvchi va ta’lim vositasi (platforma, dastur, o‘qituvchi) o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa;
  • O‘quv axborotini kompyuter orqali vizualizatsiya qilish — ya’ni ma’lumotni grafik, video, animatsiya yoki interaktiv shaklda taqdim etish;
  • Katta hajmdagi ma’lumotlarni arxivlash, saqlash, uzatish va qayta ishlash imkoniyati;
  • Axborot-qidiruv faoliyati va metodik ta’minlash jarayonlarini avtomatlashtirish;
  • O‘quv materialini o‘zlashtirish darajasini baholash va monitoring qilish vositalari.
  • Masofaviy ta’limning asosiy vositalari — turli xil axborot texnologiyalaridir. Ular qatoriga kompyuterlar, kompyuter tarmoqlari, multimedia tizimlari va boshqa shunga o‘xshash texnologiyalar kiradi.

Ta’lim jarayonida axborot resurslariga tezkor va masofaviy kirish imkoniyati ta’minlanadi. Bu esa tinglovchiga interaktiv ravishda turli masofada joylashgan ma’lumotlar bazalari, axborot-ma’lumot tizimlari va kutubxonalardan foydalanish, shuningdek, muayyan fanni chuqur o‘rganish jarayonida zarur ma’lumotlarga ega bo‘lish imkonini beradi.

Masofaviy ta’lim tizimida butun o‘quv jarayoni fanlar to‘plami ko‘rinishida tashkil etilgan. Har bir fan bir nechta moduldan iborat bo‘lib, modullar ma’lum bir fan sohasiga mos keladigan, mantiqiy jihatdan tugallangan axborot bloklaridir. Bu usul mustaqil o‘quv kurslaridan foydalangan holda individual yoki guruh ehtiyojlariga mos o‘quv rejalarini shakllantirish imkonini beradi.

Har bir modul bir nechta ma’ruzadan tashkil topgan. Ma’ruza materiallar tinglovchilarga raqamli formatda, ya’ni slayd-leksiyalar ko‘rinishida taqdim etiladi. Ushbu slaydlar pedagogik dizayn asosida tayyorlangan bo‘lib, o‘quvchining diqqatini faollashtiradi va materialni yaxshi o‘zlashtirishga yordam beradi.

O‘quv jarayonida barcha kerakli va foydali axborot birlashtirilgan, tizimlashtirilgan va sodda hamda tushunarli tilda bayon qilingan. Har bir leksiyadan so‘ng tinglovchi test topshirishi kerak. Agar o‘quv dasturida ko‘zda tutilgan bo‘lsa, mantiqiy sxema yoki test-trening ham topshiriladi.

Har bir modulni to‘liq o‘zlashtirgandan so‘ng, unga oid modul testini topshirish talab etiladi. Bu testdan o‘tmasdan keyingi modulga o‘tish mumkin emas. Barcha modullar o‘zlashtirilgandan so‘ng esa ushbu fan bo‘yicha yakuniy nazorat — sinov yoki imtihon testlari ochiladi.

Masofaviy ta’lim (MT) bozorini quyidagi sektormalarga ajratish mumkin:

  1. Korporativ sektor

Korxonalar o‘z tuzilmalarida masofaviy ta’lim markazlarini tashkil etish orqali xodimlarning tayyorgarligini standartlashtirish, arzonlashtirish va sifatini oshirishga erishmoqdalar. Xodimlar kerakli treninglar, qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarini o‘z tashkiloti doirasida, hatto ish joyini tark etmasdan o‘tadilar. Bu korporativ ta’limga ketadigan xarajatlarni sezilarli darajada kamaytiradi. Ularni har qanday sohada — xavfsizlik texnikasidan sotuv strategiyalarigacha, kreativlik treninglaridan tortib yangi uskunalarning texnik jihatlarigacha — o‘qitish mumkin.

  1. Ta’lim sektori

Oliy va o‘rta ta’lim tizimida masofaviy ta’lim professional, qo‘shimcha va aspirantura ta’limi hamda malaka oshirish imkoniyatlarini kengaytirib beradi.

  1. Boshqaruv sektori

Davlat va mahalliy hokimiyat organlarida ishlovchi kadrlarning malakasini oshirish va qayta tayyorlash jarayonlarini tashkil etishda qo‘l keladi.

Masofaviy ta’limning talabalar uchun asosiy afzalliklari

Dastuplik (qo‘llanish imkoniyati) — Internetga ulangan kompyuter mavjud bo‘lgan istalgan joyda (uyda, ishda, safarda) ta’lim olish mumkin. Ta’lim markazining joylashuviga bog‘liq emas.

Ijtimoiy tenglik — Masofaviy ta’lim barchaga teng ta’lim olish imkoniyatini yaratadi: yashash joyi, moliyaviy ahvoli, yosh yoki sog‘lig‘idan qat’i nazar.

Sifatli ta’lim — Yuqori malakali o‘qituvchilardan ta’lim olish, doimiy maslahatlar, bilim o‘zlashtirilishining monitoringi, talabalar o‘rtasida doimiy muloqot imkoniyati yaratiladi. Bu guruh bo‘lib ishlash ko‘nikmalarini (masalan, kurs ishi) shakllantirishga imkon beradi.

Individuallashtirilgan yondashuv — Har bir talabaga shaxsiy o‘quv dasturi, o‘quv reja, dars jadvali va fanlarning o‘rganish tartibi, sur’ati moslashtiriladi. Bu ishbilarmonlar, yosh onalar va nogironlar uchun juda qulay.

Ob’yektiv baholash — Bilimlar baholash tizimi o‘qituvchining sub’yektiv fikriga bog‘liq emas, xolis va avtomatlashtirilgan. “Inson omili” ta’siri kamayadi.

Innovatsion yondashuv — Eng zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish orqali talabalar ularni o‘rganadi va amaliyotda qo‘llash imkoniga ega bo‘ladi.

Iqtisodiy samaradorlik — Ta’lim muassasalarini saqlash, ijara to‘lovlari, transport va vaqt xarajatlari kamayadi. Barcha kerakli o‘quv materiallari elektron shaklda taqdim etiladi. Konspekt ko‘chirishga hojat qolmaydi. Video-leksiyalarni istalgancha ko‘rish mumkin.

Uzluksizlik — Bir bosqichni o‘zlashtirgan talaba osonlik bilan keyingi bosqich dasturiga o‘tishi mumkin.

Mobillik — O‘qituvchilar axborotni har kuni yangilab borishlari mumkin. Bu talabalarga dolzarb, zamonaviy ma’lumotlarni o‘rganish imkonini beradi va ularni bozor talablariga mos mutaxassisga aylantiradi.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, masofaviy ta’lim talabalarga an’anaviy bo‘lmagan axborot manbalaridan foydalanish, mustaqil ish samaradorligini oshirish, ijodiy imkoniyatlar va turli kasbiy ko‘nikmalarni rivojlantirish imkoniyatini yaratadi. O‘qituvchilar esa yangi pedagogik yutuqlarni, konseptual va matematik modellashtirishni joriy etish orqali ta’limni zamonaviy uslubda tashkil etishlari mumkin.

Zulfiya Jumaniyazova
Chirchiq davlat pedagogika universiteti o‘qituvchisi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring