Matbuotni qadrlagan xalq

Mana, olti yildirki, Finlyandiya «Chegara bilmas muxbirlar» xalqaro tashkiloti tomonidan e’lon qilingan matbuot erkinligi reytingida birinchi o‘rinni egallab kelmoqda. Amerikaning «Freedom House» tashkilotining yillik hisobotida ham ushbu mamlakat shaxsiy fikrlarni bildirish borasida birinchi o‘ringa munosib ko‘rilgan hamda matbuot erkinligi bo‘yicha yetakchi to‘rtlikdan joy olgan.
Finlyandiya bunday darajaga erishish, so‘z va matbuot erkinligi bo‘yicha jahonda yetakchi davlatga aylanish uchun uzoq va mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tdi. Yuz yigirma yil ilgari boshlangan bu jarayon bugungi kunda ham to‘xtagani yo‘q — so‘z va matbuot erkinligi uchun kurash hamon davom etayapti.
1898-yilda Nikolay Bobrikov Buyuk Finlyandiya knyazligi general-gubernatori etib tayinlanadi. U ushbu lavozimda ayniqsa Fevral manifesti ijrosini ta’minlashga jiddiy e’tibor qaratadi. Imperator Nikolay II ning 1899-yil 15-fevraldagi farmoyishida Finlyandiyada rus qonunlari amalda bo‘lishi, mamlakat seymi esa maslahat ovoziga ega bo‘lishi belgilab qo‘yilgandi. Bobrikov general-gubernatorga gazetalar faoliyatini to‘xtatish va maqolalar chop etishni taqiqlash huquqini beruvchi senzura to‘g‘risidagi buyruqdan foydalangan holda fin matbuotini qat’iy nazoratga oladi. Birgina 1899-yilning o‘zida gazetalarga 47 ta ogohlantirish yuboriladi, 400 ta maqolani bosish man etiladi.
1899 — 1905-yillar davomida 26 gazeta yopiladi, 46 tasining faoliyati vaqtincha to‘xtatib qo‘yiladi. Ko‘plab jurnalistlar ishdan bo‘shatiladi. 1900-yilda Bobrikovning talabi bilan «Päivälehti» gazetasining hur fikrli bosh muharriri Eero Erkko vazifasidan chetlatiladi. Oradan uch yil o‘tib, u mamlakatdan ham chiqarib yuboriladi.
Bu orada senzorlar soni ham ortib boradi. Chunki 1905-yilda mamlakatda fin tilida chiquvchi 61 ta, shved tilida chop etiladigan 25 ta gazeta mavjud bo‘lib, senzura xodimlarining ishi ko‘payib qolgandi. Finlarni ayniqsa mamlakatning konstitutsion maqomi to‘g‘risidagi bahsli maqolalar ko‘proq qiziqtirardi. Bobrikov va Senzura qo‘mitasi jamoatchilik qarashlari ustidan butkul nazorat o‘rnatishga intilar, bu doimiy e’tibordagi muhim masala hisoblanardi. Finlyandiyaning maqomi va tashqi siyosati xususida yozish umuman mumkin emasdi.
Muharrirlarning asosiy ishi senzura e’tiboriga tushgan maqolalarni qaychilash yoki boshqasiga almashtirishdan iborat bo‘lib qolgandi. Ba’zan esa taqiqlangan mavzular kinoya yoki ma’nodosh so‘zlar orqali berilardi. Lekin bu kifoya qilmasdi. Mavjud vaziyat, maqolalarning berilmasligi va jazo choralari qo‘llanishi jurnalistlarni ishdan sovutgan, gazetalarda o‘quvchi e’tiborini jalb etadigan materiallar o‘rniga qisqa xabarlar, katta-katta ma’ruzalar va amaldorlarning asabiga tegmaydigan maqolalar chop etish odatiy holga aylangandi.
Matbuotni temir qo‘l bilan jilovlab turish ko‘pchilikning noroziligiga sabab bo‘lardi. Ana shunday kayfiyatdagilardan biri bo‘lgan Yevgeniy Shauman 1904-yil 16-iyunda general-gubernator Bobrikovga qarata senat binosi oldida o‘q uzadi. Amaldorning o‘limidan ko‘p vaqt o‘tmay «Päivälehti» gazetasida «Ivan Kupalaning kuni» degan kinoyali sarlavhali maqola chop etiladi. «Zulmat hukmron bo‘lib turgan bo‘lsa-da, aftidan uning hokimiyati zaiflashib bormoqda, yorug‘lik g‘alabasi boshlanmoqda», — deyiladi maqolada.
Ushbu maqola tufayli gazeta yopiladi. Uning oxirgi sonida bu haqda e’lon chop etilib, doimiy qo‘llab turgani uchun o‘quvchilarga minnatdorchilik bildiriladi. Tahririyat a’zolari esa darhol yangi gazeta — «Helsingin Sanomat»ni tashkil etib, o‘quvchilar e’tiboriga havola etadilar.
1905-yili Rossiyaning urushda Yaponiyaga mag‘lub bo‘lishi butun mamlakatda g‘alayonlar to‘lqinini yuzaga keltirdi. Finlyandiyada boshlangan isyonlar natijasida senzura bekor qilindi va 1906-yilda so‘z erkinligi, majlislar o‘tkazish va birlashmalar tuzish huquqini kafolatlovchi konstitutsiya qabul qilindi.
Oxirgi marta mamlakatda faqatgina Birinchi jahon urushi yillarida sharoit taqozosiga ko‘ra senzura yana jonlanib qolgan bo‘lsa, 1917-yilgi inqilobdan so‘ng senzura butkul bekor qilindi. Shundan so‘ng Finlyandiyada so‘z erkinligini ta’minlash mislsiz darajada rivojlanib bordi va fin xalqi bugungi kunda ham ushbu tarixiy tamoyilga sodiq qolmoqda.
Dilshod Islomov,
jurnalist
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter