Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Maykl Jeksonning sirli taqdiri: o‘z joniga suiqasdmi yoki qotillik?

Maykl Jeksonning sirli taqdiri: o‘z joniga suiqasdmi yoki qotillik?

Maykl Jekson

Foto: «aif.ru»

Hammasidan ham eng muhimi — o‘zingga va oila a’zolaringga nisbatan halol bo‘lish va ko‘p ishlash. Hozir bor narsa ertaga yo‘q bo‘lishi mumkin. Ushlab qol. Kurash. O‘z iste’dodingni namoyon et. Qilayotgan ishingda eng zo‘ri bo‘l. Atrofingdagi narsalardan o‘z iqtidoring uchun foydalan: bu kitob bo‘lishi mumkin, balki raqs tushadigan poldir yoki suzadigan suvdir. Qayerda bo‘lsang-da, ular seniki. Hamisha tushunishga uringan bor haqiqatim mana shu.

Maykl Jekson

Pop musiqa qiroli Maykl Jekson haqida eshitmagan inson bo‘lmasa kerak. Uning nomi hali hayotligidayoq afsonaga aylanib ulgurgandi. U haqda ko‘plab mish-mishlar, xabarlar tarqalgan, taqdiri xususida turli gap-so‘zlar bolalagan. Faqat bular to‘g‘risida endi xonandaning o‘zidan boshqa hech kim aniq gap aytolmaydi. Shuningdek, sirli o‘lim haqida ham.

Maykl Jekson 2009-yilning 25-iyundan 26-iyunga o‘tar kechasi Los-Anjelesda vafot etgan. Uning o‘limi nafaqat muxlislarning, balki butun dunyodagi odamlarning hayratiga sabab bo‘lgan. Allaqachon tirik afsonaga aylangan qirolning tasodifiy o‘limini hech kim kutmagandi.

2009-yil 25-iyun kuni erta tongda Maykl Los-Anjelesdagi uyida hushidan ketadi. Jeksonning shaxsiy shifokori, kardiolog Konrad Myurrey advokatga xonandaning uyida hushsiz holda nafas olmay yotganini, lekin arteriyasida bemajol puls urayotganini aytadi. Vrach o‘sha paytda yurak-o‘pka reanimatsiyasi (YuO‘R) o‘tkazishni boshlaydi. Oradan besh-o‘n daqiqa o‘tgach, Myurrey qo‘ng‘iroq qilish uchun telefon qidiradi, ammo uydan topolmaydi. Qo‘l telefonidan sim qoqay desa, Jeksonning manzilini bilmasdi. Shuning uchun u uy qo‘riqchisini izlaydi. Bu orada yarim soatcha vaqt ketadi. Mahalliy vaqt bilan soat 12:21 da 911 qutqaruv xizmatiga qo‘ng‘iroq bo‘ladi. Myurrey emas, uy xavfsizlik xizmati xodimi telefon qilgan edi. Mana o‘sha tarixiy suhbat.

Qo‘ng‘iroqdan keyin 3 daqiqa-yu 17 soniya o‘tib yetib kelgan shifokorlar yuragi urishdan to‘xtagan va nafas olmayotgan Mayklni ko‘rishadi. 42 daqiqa mobaynida ular YuO‘R o‘tkazishadi. Myurrey advokatining so‘zlariga ko‘ra, Kaliforniya universiteti tibbiyot markazidan kelgan bir shifokor Jeksonning yuragiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri adrenalin ukol qilishini aytadi. Advokatning ta’kidlashicha, Jekson uyda bo‘lgan vaqtda uning tomirida puls bor edi. Uni hayotga qaytarish uchun harakatlar yo‘l-yo‘lakay ham amalga oshirildi va shifoxonaga borgach, yana bir soatcha davom etdi. Lekin foydasi bo‘lmadi. Mahalliy vaqt bilan soat 14:26 da o‘lim qayd etildi.

«The Jaskson 5» guruhi
Foto: AiF.ru

Qo‘shiqchining minglab muxlislari shifoxona tomon oqib kelishdi. Ular binoni o‘rab olib, yumshoq o‘yinchoqlar, gullar, xonandaning suratlari bilan atrofni to‘ldirib, Jeksonning hayotga qaytishini kutishardi. Bundan tashqari, minglab ishqibozlar Mayklning bolaligi o‘tgan uy (Indiana shtati) va Nyu-Yorkdagi Tayms-Skver maydonida ham to‘planishga ulgurishgandi.

Mayklning o‘limi haqida ular OAV orqali xabar topishmadi, bir-biriga qo‘ng‘iroq qilib, xabarlar yuborib, bloglarida yozib, olamni ushbu shumxabardan ogoh etishadi. Fojiaviyligi jihatidan qamrovi bo‘yicha Jeksonning vafotini malika Diananing o‘limi yoki prezident Kennedining o‘ldirilishi bilan tenglashtirish mumkin.

Jekson vafot etgan kunning ertasiga noodatiy va ovoza bo‘lib ulgurgan mazkur ish bilan Los-Anjeles politsiya departamenti shug‘ullana boshladi. Chunki xonandaning o‘limiga yangi sabab haqida mish-mish tarqalgandi — qotillik.

2009-yil 1-iyul kuni mazkur ishga Narkotiklarga qarshi kurash boshqarmasi ham qo‘shiladi. Ushbu boshqarma Maykl Jeksonning qanday dorilar iste’mol qilgani, dozalari, retseptlari va shifokorlari ustidan tekshiruv boshlaydi. 9-iyul kuni Los-Anjeles politsiyasi boshlig‘i Uilyam Bratton Jeksonning vafoti haqida ilk bayonotini beradi: qotillik yoki dori miqdorining oshirib yuborilishi haqidagi taxminlarini aytadi va to‘liq toksikologik hisobotni kutishni tavsiya etadi.

2009-yil 24-avgust kuni sud tibbiy ekspertizasining xulosalari e’lon qilinadi: kuchli ta’sir qiluvchi anestetik propofilning dozasi oshirilganidan o‘lim holati qayd etilgan. Shuningdek, qonida kuchli ta’sir etuvchi boshqa vositalar ham borligi aniqlanadi (lorazepam, diazepam, midazepam).

28-avgust kuni politsiya boshlig‘i Jeksonning o‘limi qotillik sifatida ko‘rib chiqilishida davom etishini bildiradi. Uning o‘limida kardiolog, Mayklning shaxsiy shifokori Konrad Myurrey aybdor deb gumon qilinadi.

Uning o‘limi hozirgacha turlicha talqin etiladi. Oxirgi tarqalgan gap-so‘zlarga ko‘ra, xonandaning yuragi to‘xtaganda Myurrey noqonuniy tarzda Jeksonga ichirgan preparatlarini yashirish maqsadida birinchi reanimatsion muolajani qilmagan. Yana ba’zi mish-mishlarga ko‘ra, uni ataylab o‘ldiga chiqarishgan va o‘zini muzlatib qo‘yishgan. Yoki islomiy ruhdagi taronalari bilan butun dunyo muxlislarini o‘ziga rom etayotgani kimlargadir yoqmagan va hokazo.

Maykl Jekson o‘limini hech kim kutmagandi
Foto: AiF.ru

Marhumning 18 yoshli qizi Peris Jekson 2017-yil yanvar oyida ommaviy axborot vositalari xodimlarining savollariga javob berar ekan, otasi «o‘ldirilgani»ni alohida ta’kidlaydi. «Buni oilamizdagilar ham, haqiqiy muxlislar ham juda yaxshi bilishadi. Lekin kim o‘ldirganini aytolmayman, hozirda o‘zim surishtiruv olib boryapman, aytib qo‘ysam, mening ham izimga tushishadi va...», deya nimalargadir shama qilib ketadi Peris.

Xullas, endi nima farqi bor. Bunday mish-mishlar Maykl Jeksonni hayotga qaytara olmaydi. Undan ko‘ra, keling, uning hayot yo‘liga biroz nazar solib o‘tsak.

***

Maykl Jozef Jekson 1958-yil 29-avgust kuni tavallud topgan. U oilada 9 farzanddan yettinchisi edi. 4 yoshida Maykl sahnaga chiqishga ulgurgan. Biroz vaqtdan keyin esa akalari Jeki, Tito, Jermen va Marlon bilan birga otasi Jozef tuzgan «The Jaskson 5» guruhida ko‘rinish bergan. Ularning ichida eng yoshi bo‘lishiga qaramay, eng ko‘p e’tibor aynan Mayklga qaratilgan: hammadan yaxshi kuylagan, raqs tushgan, odamlarni o‘ziga qaratishni qoyillatgan va yakunda yulduz bo‘la boshlagan.

1978-yilda Maykl yosh aktrisa Dayana Ross bilan «Sehrgar» badiiy filmi remeykida suratga tushgan. Film mumtoz kinolar qatoridan joy olmagan bo‘lsa-da, Jekson uchun katta imkoniyatlar eshigini ochgandi: suratga olish maydonchasida u buyuk musiqa prodyuseri Kuinsi Jonson bilan tanishib qolgan.

1979-yili aynan Kuinsi qora tanli oddiygina bola Maykl Jeksonga «Off The Wall» albomini chiqarishga yordam bergan va shu orqali qo‘shiqchi pop musiqa yo‘nalishida superyulduzga aylangan. Albom esa 10 million nusxada sotuvga chiqqan.

Ana shundan keyin butun dunyo uni taniy boshlagan. 1982-yilda Maykl nafaqat o‘z rekordini yangilagan, balki keyingi avlod xonandalari erishishi umuman imkonsiz natijani qayd etgan. Uning «Thriller» nomli albomi qayta chiqib ulgurmasdan, dunyo bo‘yicha 50 milliondan ortiq nusxada sotib tugatilgan. Shuningdek, ushbu albom ketma-ket 37 hafta xit-paradlarda birinchilikni hech kimga bermagan, mazkur natijani hozirgacha hech kim takrorlay olmagan. «Thriller» albomi uchun Maykl Jekson Gremmi mukofotining 7 ta haykalchasini qo‘lga kiritgan.

Maykl Jekson xonanda Elvis Preslining qizi bilan
Foto: AiF.ru

Shu tariqa Mayklning omad yulduzi borgan sari yorug‘roq chaqnasa chaqnadiki, aslo so‘nmas edi. 1987-yili «Bad» albomi 25 million, 1991-yili «Dangerous» albomi esa 23 million nusxada sotilgan. 1993-yilda aktrisa va teleboshlovchi Opra Uinfri Jeksonni o‘z shousiga taklif qilgan va ushbu suhbat bir yarim soat davom etib, 100 milliondan ortiq tomoshabin uni kuzatgan, “yilning eng ommabop shousi”, deb topilgan.

1996 yilda Maykl Jekson Debbi Rou ismli hamshiraga uylangan. Ularning oilasida ikki o‘g‘il (1997, 2002) va bir qiz (1998) tug‘ilgan. Jeksonning aytishicha, uning eng katta orzusi otalik edi.

Taniqli insonlar har doim ham baxtli hayot kechirishmaydi. Ularni odamlarning g‘iybatlari va bo‘htonlari, hasadu hasratlari yeb bitiradi. 2003—2005-yillar orasida o‘z dardi qolib, butun dunyo Maykl Jeksonning sud ishini muhokama qilishga tushadi: xonandani yosh qizlarning nomusiga tajovuz qilishda ayblashadi. Sud uni barcha jabhada aybsiz, deb topadi, ammo uzoq vaqtlik bosim uning sog‘lig‘iga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Shuning uchun sud yakunlangach, Maykl tarkidunyolikni tanlab Bahraynga ketishga, umrini zohidlikka bag‘ishlashga qaror qiladi.

2009-yil martda Angliyaning London shahrida «This is it Tour» nomli seriyali konsertlar taqdim etishini bildiradi. 20 ming odam sig‘adigan «The O2 arena» stadionida boshlanishi rejalashtirilgan so‘nggi 10 ta konsert 2009-yil 13-iyulda start olib, 2010-yil 6-martda yakunlanishi kerak edi. Maykl Jeksonni nazorat qilib turgan shifokorlarning aytishicha, uning bunday noodatiy turni o‘tkazishiga sog‘lig‘i to‘sqinlik qiladigan darajada emas edi...

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring