Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mehmonxonalarga yulduz toifasini berish bo‘yicha yangi davlat standarti qabul qilindi

Mehmonxonalarga yulduz toifasini berish bo‘yicha yangi davlat standarti qabul qilindi

O‘zbekistonda yulduz toifasiga ega mehmonxonalarga doir talablarni belgilaydigan davlat standarti qabul qilindi. Bu haqda Turizm qo‘mitasi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, prezident qaroriga ko‘ra, 2023 yil 1 oktyabrgacha xorijiy konsalting kompaniyalarini jalb qilgan holda kamida 50 ta mehmonxonaga  «to‘rt yulduz» va 200 tasiga «uch yulduz» olib berish choralarini ko‘rish vazifasi belgilangan.

Shu sababli Turizm qo‘mitasi tomonidan turizm sohasi ilg‘or rivojlangan davlatlarning mehmonxonalarga yulduz toifasini belgilovchi hujjatlarining talablari o‘rganildi.

O‘rganish natijasida, amaldagi davlat standarti talablari qayta ko‘rib chiqildi va balli tasniflash orqali yulduz toifasini beruvchi yangi standart loyihasi O‘zbekiston mehmonxonalar uyushmasi bilan birgalikda ishlab chiqildi. Yangi davlat standartiga kiritilgan talablar Hilton, Hampton by Hilton, Hyatt Regency Tashkent, Wyndham Hotels & Resorts mehmonxonalari biznes vakillari va boshqa mehmonxona vakillari bilan kelishildi.

Ushbu davlat standarti mehmonxonalarni balli asosda tasniflash tizimini belgilaydi. Toifalar «*» (yulduz) belgisi bilan belgilanadi va beshta toifa bo‘yicha tasniflanadi. Joylashtirish vositalari uchun – eng yuqori toifa «*****» (besh yulduz) va eng past «*» (bitta yulduz) hisoblanadi.

Joylashtirish vositalari mazkur davlat standartining ilovasiga muvofiq tasniflanadi. Bunda «m» bajarilishi majburiy bo‘lgan talablarni belgilaydi. Majburiy bo‘lmagan talablar bajarilganda esa qo‘shimcha ball beriladi. Ballar yig‘indisiga ko‘ra tegishli yulduz toifasi beriladi.

Yangi davlat standarti 2023 yilning 7 noyabridan amalga joriy etiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring