Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Memlar qahramoniga aylangan «Lavrov fenomeni»

Memlar qahramoniga aylangan «Lavrov fenomeni»

Rossiya tashqi ishlar vaziri faqat rasmiy bayonotlari bilan emas, to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirdagi so‘kinishi yoki butun dunyo guvohi bo‘lib turgan bir paytda «Rossiya hech qachon Ukrainaga bostirib kirmagan», degan gaplari bilan ham tarixga kirib ulgurgan.

2015 yili rasmiy matbuot anjumanida Ukraina masalasi yuzasidan savol berilganda, Lavrov javob berib bo‘lib, mikrofon o‘chirilgan deb o‘ylaydi va «Debili, bl*t» deb yuboradi. Uning so‘zlari efirga chiqib ketadi hamda Rossiya tashqi siyosatining ikkiyuzlamachiligini tanqid qiluvchi memlarda ko‘p bora qo‘llaniladi.

«Russia never invaded Ukraine» (Rossiya hech qachon Ukrainaga bostirib kirmagan) — Lavrov shu so‘zlarini 2022 yili urush boshlanganiga qaramay, xalqaro anjumanlarda qayta-qayta takrorlagan. Jahon hamjamiyati tomonidan bu gaplar «informatsion absurd» sifatida qabul qilingan. Uning bu so‘zlari «reallikni inkor qiluvchi davlat» haqidagi internet hazillarida tez-tez paydo bo‘ladi.

«We didn’t attack anyone» (Biz hech kimga hujum qilmadik) — BBC muxbirining to‘g‘ridan-to‘g‘ri savollariga javoban, Lavrov tinchlikparvarlik pozitsiyasini saqlayotgandek qilib ko‘rsatishga uringan. Bu orqali u «gap bilan ish o‘rtasida farq katta» kontekstidagi memlarda ko‘p qo‘llaniladi.

Janob Lavrov ushbu haftada mamlakatimizga keldiyu, yana «qovun tushirdi». Norasmiy davralarda aytgan gaplari muhokamalar markaziga ko‘chdi.

Bir jihatga e’tibor qaratish kerak, siyosatchi bu gaplarini rasmiy uchrashuv yoki bayonotlarda emas, yo‘l-yo‘lakay aytdi va darhol rus propagandasi ishga tushib, bizga yo bosim o‘tkazishni boshlab yubordi, yoki shunchaki xo‘rak tashlab qo‘ydi. Shu orqali ular o‘zbeklarning biroz izdan chiqishini, balki jazavaga tushishini kutayotgandek.

Lekin biz vazminmiz, vaziyatga bosiq, ammo uyg‘oq ko‘z bilan qaraymiz.

Shunchaki, Lavrovning so‘zlarini «signal» sifatida qabul qilamiz. Alamzadalik emas – ong uyg‘oqligi bu yerda asosiy qurolimiz bo‘ladi.

Rossiya tashqi ishlar vazirining bu kinoyasi va rus propagandasining urinishlari hali teskari effekt beradi. O‘z tilimizga yanada kuchliroq e’tibor qaratamiz. Migrantlarimiz «qora ishchi» bo‘lib emas, «kasb egasi» sifatida yaxshi sharoitlarda ishlashi uchun ta’limga e’tiborni kuchaytiramiz. Bo‘lar-bo‘lmas tashqi propaganda ta’siriga tushmaslik uchun o‘zimizda ishonchli kontent yaratamiz.

O‘zbeklar rus tiliga qarshi emas, uni ham xorijning istalgan tili kabi hurmat qiladi. Lekin o‘z tilimizni ularning hammasidan ustun, deb bilamiz.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring