Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Men shu yomon qizni yaxshi ko‘raman». Mashhur qo‘shiqning she’ri kimga atab yozilgan edi?

«Men shu yomon qizni yaxshi ko‘raman». Mashhur qo‘shiqning she’ri kimga atab yozilgan edi?

Xonanda Imron kuylagan, o‘z vaqtida ancha ommalashgan «Men shu yomon qizni yaxshi ko‘raman» qo‘shig‘i she’rini boysunlik iste’dodli shoir, iqtidorli ijodkor Jo‘rabek Ramazon yozgan edi. Ming afsuski, uning umri erta xazon bo‘ldi. Jo‘rabek Ramazon 2014 yili 31 yoshida vafot etdi.

Shoirlar orasida bunday qismat egalari ko‘p. O‘zbek shoirlari Chori Avaz va Ravshan Fayz umrlarining 35 yoshida bu dunyodan rihlat qilishgan. Shoir, dramaturg Ilhom Hasanov 31 yoshida hayot bilan vidolashgan.

Qisqa umri davrida betakror she’rlar yozib qoldirgan Jo‘rabek Ramazon yurak xastaligi tufayli hayotdan ko‘z yumgan. U nazm va nasrda ijod qilgan bo‘lsa-da, asosan she’rlari shuhrat topdi. Ayniqsa, «Men shu yomon qizni yaxshi ko‘raman» tillarga tushdi. Xonanda Imron uni qo‘shiq qilib kuylagach, u yanada ommalashdi. Afsuski, bu vaqtda Jo‘rabek hayotdan ko‘z yumgan edi.

Marhum shoirning umr yo‘ldoshi Nodira Jo‘raqulova mazkur she’rning yaralishi haqida shunday deydi.

– «Men shu yomon qizni yaxshi ko‘raman» – ataylab men uchun yozilgan va meni hayajonga solgan she’r. Jo‘rabek aka uni ishxonada, yonimda o‘tirib 3-4 daqiqada yozib tugatgan va menga berib, «O‘qib ko‘ring-chi, sizni qanday ta’riflabman», dedilar. Men o‘qib xursand bo‘lib ketsam ham sezdirmay «Nega endi men yomon qiz ekanman?» dedim. «Men darrov gapga kiradigan muloyim qizlarni emas, o‘z gapidan qolmaydigan qaysar, yomon qizni yaxshi ko‘raman», degandilar.

Biz Jo‘rabek aka bilan birga «Boysun» gazetasi sahifalarini tayyorlar edik. Shunda qarasam, bir sahifa tayyor, tepasiga katta-katta harflar bilan «YoMON QIZNI YaXShI KO‘RAMAN» deb yozilgan. Pastda esa 5-6 ta she’r. Menga atalgan she’r gazetaga chiqayotgani uchun nimalarni boshimdan kechirganimni ta’riflab bera olmayman. 2007 yil edi o‘shanda.

Jo‘rabek Ramazon rafiqasi va farzandi bilan.

She’rning qo‘shiq bo‘lganini tasodifan internet orqali bilib qoldim. Qo‘shiqchining o‘zi ham bu she’rni internetda o‘qib, qo‘shiq qilibdi, muallifining vafot etganidan xabari yo‘q ekan. Ochig‘i, qo‘shiqni eshitib xursand bo‘ldim. Naqarotini o‘zidan qo‘shgan ekan, bir joyida «Ko‘rgim kelar moviy ko‘zini» degan joyini eshitgan qizim xafa bo‘ldi. Negaki, u bu she’rni «dadam men uchun yozgan», deb yurardi. «Oyi, mening ko‘zim moviy emas, qora-ku, nimaga «moviy ko‘zini» deb she’rni o‘zgartiribdi?» deb ancha payt arazlab yurdi.

Nima bo‘lganda ham bu she’r qo‘shiq bo‘lganidan juda xursandman. Ko‘cha-ko‘yda kafe-barlarning yonidan o‘tib ketayotganimda qo‘shiqni baland qilib qo‘yishadi yoki kimnidir telefoni jiringlab, shu qo‘shiq yangrab qoladi. Bundan juda g‘ururlanaman. Jo‘rabek aka she’ri qo‘shiq bo‘lganini eshitmadi-da, rosa xursand bo‘lardi, degan armon yuragimni kemiradi.

Faqat bu emas, Jo‘rabek akaning «Bugun» kitobidagi ko‘p she’rlarni menga bag‘ishlab yozgan. U kitob bizning bugunimiz – birga yurgan paytlarimiz, boshimizdan o‘tkazgan kunlarimiz, kechinmalarimiz haqidagi she’rlardan iborat. Afsuski, umr yo‘ldoshimning ko‘p kitoblari vafotidan keyin chiqdi, – deydi Nodira Jo‘raqulova.

Akbar

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring