«Mikrokreditbank» parrandachilik sohasiga 635 mlrd so‘mlik kreditlar yo‘naltirdi
Parrandachilikni qo‘llab-quvvatlash orqali aholini arzon go‘sht va tuxum mahsulotlari bilan ta’minlash maqsad qilingan. Bu haqda bank axborot xizmati rahbari Sarvar Ochilov AOKAda o‘tkazilgan brifingda ma’lum qildi.
Prezidentning 2021-yil 14-iyundagi «Parrandachilikni rivojlantirish va tarmoq ozuqa bazasini mustahkamlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori doirasida «Mikrokreditbank» tomonidan parrandachilik xo‘jaliklariga jami 221 ta loyiha uchun 635 milliard so‘m kreditlar yo‘naltirildi. Natijada bugungi kunda mazkur korxonalarda ishlab chiqarish quvvatlari 41 foizdan 86 foizga yetkazildi.
Shuningdek, avval ajratilgan kreditlarning qaytishi hisobiga 22 ta parrandachilik loyihalariga 212 milliard so‘m kredit mablag‘lari ajratildi. Keltirilgan loyihalar to‘liq amalga oshirilishi evaziga yiliga 711 million dona tuxum va 63 ming tonnaga yaqin parranda go‘shti yetishtirish hamda 188 ming tonna tayyor ozuqa mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatlari yaratiladi.
– Ma’lumotlarni aniq misollar bilan keltirish joiz, – deydi Sarvar Ochilov. – Aytaylik, Toshkent viloyatidagi «Umid» mas’uliyati cheklangan jamiyatiga faoliyatini kengaytirish va modernizatsiya qilish uchun 75 milliard so‘m kredit ajratib berildi. Jizzax viloyatidagi «Sangzor-Poultry» korxonasiga parranda va ozuqa sotib olish uchun 10 milliard so‘m kredit ajratildi. Samarqand viloyatidagi «Jomboy naslli parranda» korxonasiga ham aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun 55 milliard so‘m kredit ajratib berildi. Bu ishlar natijasida ushbu tadbirkorlik sub’yektlarida parrandachilik mahsulotlari yetishtirish quvvati oshirildi.
Aholini arzon go‘sht va tuxum mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida parrandachilik tarmog‘ini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning huquqiy mexanizmlari ham yaratilgan.
Prezidentimizning 2022-yil 15-iyundagi «Parrandachilik sohasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora–tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan parrandachilik xo‘jaliklari va parranda omuxta yemi ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik sub’yektlariga don zaxirasi yaratish uchun 71,0 milliard so‘m kreditlar ajratildi. Shuningdek, qarorga muvofiq bankka kelib tushgan arizalarga asosan 166 ta parrandachilik xo‘jaliklarining 335 milliard so‘mlik kreditlarini qaytarish muddatlari 24 oydan 84 oygacha uzaytirib berildi.
Bank tomonidan parrandachilik yo‘nalishda loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ishlar bundan keyin ham davom ettirilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter