Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

“Millat tafakkurini yangilagan adib”ning 180 yilligi keng nishonlanmoqda

“Millat tafakkurini yangilagan adib”ning 180 yilligi keng nishonlanmoqda

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev ulug‘ mutafakkir Abay Qo‘nonboyev tavalludining 180 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir ishtirokchilariga tabrik yo‘lladi. Bu haqda Oqo‘rda matbuot xizmati xabar berdi.

“Abay – madaniyatimiz rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan jahon miqyosidagi daho, xalqimiz milliy tafakkurini tiklagan buyuk shoirdir. U zamonaviy qozoq adabiyotiga asos soldi, dunyoqarashimiz ufqlarini kengaytirdi. Abay o‘sib kelayotgan avlodni bilimli, mehnatsevar, halol inson bo‘lib yetishishga da’vat etib, millatning yangi sifatini shakllantiruvchi fazilatlarni tarannum etdi. U vatanga muhabbat, el-yurt manfaatlari yo‘lida fidokorona xizmat qilishning yuksak namunasini ko‘rsatdi”, – deyiladi tabrikda.

Ta’kidlanishicha, Abayning boy merosi butun insoniyat o‘rnak olsa arziydigan bebaho xazina hisoblanadi. Zero, mutafakkirning ta’limoti haligacha dolzarbligini yo‘qotmagan.

Ma’lumot o‘rnida: 2018 yil 13 martda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Buyuk qozoq shoiri va mutafakkiri Abay Qo‘nonboyev ijodiy merosini keng o‘rganish va targ‘ib qilish to‘g‘risida” qarori qabul qilingan edi.

Ushbu hujjat asosida mamlakatimizda Abay merosi chuqur o‘rganilib, keng targ‘ib etilmoqda.

Ulug‘ shoir tavalludining 180 yilligi munosabati bilan ham Toshkentda qator madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda. Jumladan, poytaxtimizda “Abay – qozoq va o‘zbek xalqlarining sevimli shoiri” nomli xalqaro konferensiya tashkil etildi.

Abay Qo‘nonboyev (1845–1904) – qozoq yozma adabiyotining asoschisi, faylasuf, pedagog, bastakor, tarjimon, ma’rifatparvar. Arab, fors, turkiy va rus tillarini puxta egallagan, Sharq va G‘arb adabiyotini chuqur o‘rgangan mutafakkir qozoq adabiyoti va ma’naviyatida o‘chmas iz qoldirgan. Uning “Qora so‘z”, “Nasihatlar” kabi asarlari millatning axloqiy, diniy, falsafiy tafakkurini boyitishda muhim o‘rin tutgan.

Qozog‘iston, Rossiya, Turkiya, Germaniya, Fransiya, Eron bilan birga O‘zbekistonda ham Abay haykali o‘rnatilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring