Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mintaqaviy intilishlarda O‘zbekiston va AQSh tutumi yaqin ekani ta’kidlandi

Mintaqaviy intilishlarda O‘zbekiston va AQSh tutumi yaqin ekani ta’kidlandi

«Hyatt Regency Tashkent» mehmonxonasida O‘zbekiston va AQSh delegatsiyalari o‘rtasidagi bo‘lib o‘tgan muzokaralardan so‘ng tashkil etilgan matbuot anjumanida O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri A.Komilov va AQSh Davlat kotibi Maykl Pompeo uchrashuv natijalari yuzasidan ma’lumot berdi, deb xabar qilmoqda «Dunyo» AA muxbiri.

«Muloqot chog‘ida ikki tomonlama hamkorlik masalalarini muhokama qildik. Uchrashuvda O‘zbekiston – Amerika hamkorligi yuqori sur’atlarda rivojlanib borayotgani, u tizimli va doimiylik kasb etgani qayd etildi», – dedi Abdulaziz Komilov.

Tashqi ishlar vaziri hamkorlik ikki davlat rahbarlarining oliy darajadagi uchrashuvlari chog‘ida erishilgan kelishuvlar asosida va Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning Amerika Qo‘shma Shtatlari tomonidan e’tirof etilishi natijasida rivojlanib borayotganini ta’kidladi.

Matbuot anjumanida ma’lum qilinishicha, muzokaralarda asosiy e’tibor Vashington shahrida 2018 yil may oyida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi O‘zbekiston – AQSh sammiti doirasida erishilgan kelishuvlar ijrosiga qaratildi. Tomonlar yangi ruhda davom etayotgan strategik hamkorlikni amaliy mazmun bilan boyitib, ta’lim, innovatsiya, zamonaviy texnologiyalar va boshqa sohalarda sohasida qo‘shma loyihalarni davom ettirishga kelishib oldi.

«AQSh mamlakatimizda so‘nggi yillarda diniy erkinlikni ta’minlash, majburiy va bolalar mehnatiga barham berish, fuqarolar huquqlarini himoya qilish va so‘z erkinligini ta’minlashda erishilayotgan ijobiy natijalarni yana bir bor e’tirof etdi. Biz kun tartibida turgan va hal etilishi kerak bo‘lgan boshqa masalalar bo‘yicha muloqotni davom ettiramiz», – dedi A.Komilov.

Shuningdek, mintaqaviy intilishlarda O‘zbekiston va AQSh tutumi yaqin ekani, tomonlar Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikka mustahkamlashda hamkorlikni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirdi. «S5+1» shaklidagi muzokaralar bu maqsaddagi ko‘p tomonlama intilishlarni samarali ro‘yobga chiqarishning diplomatik mexanizmi ekani bildirildi.

O‘zbekiston tashqi siyosat idorasi rahbari zamonaviy tahdidlarga qarshi kurashish, Afg‘onistonda tinchlikka erishish, ushbu davlatda iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash maqsadida Afg‘onistonni Markaziy Osiyoning savdo-iqtisodiy jarayonlariga jalb qilish va tranzit-kommunikatsiya tizimlariga integratsiyalashuviga ko‘maklashish kabi dolzarb vazifalar yuzasidan ham fikr almashilganini ta’kidladi.

AQSh Davlat kotibi o‘z chiqishida Prezident Shavkat Mirziyoyevning oliy darajadagi tashrifi tarixiy ahamiyat kasb etgani, O‘zbekistonda so‘nggi yillarda fuqarolik jamiyatini isloh qilish, majburiy mehnatga barham berish, so‘z va diniy erkinlik sohalarida ijobiy natijalarga erishilganini qayd etdi va buni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.

«Bugungi muloqot yakuni bo‘yicha aytishim mumkinki, hamkorligimiz bundan keyin ham izchil davom etadi. Istagimiz O‘zbekistondagi islohotlar jarayoniga Amerika biznesi vakillari ham munosib hissasini qo‘shsin, yangi ish o‘rinlari yaratilsin. Biz O‘zbekistonda moliya va soliq tizimida davom etayotgan islohotlarga texnik yordam ko‘rsatishga tayyormiz. Uchrashuvda xavfsizlik masalalari ham muhokama qilindi. Bu o‘rinda O‘zbekistonning Afg‘onistonda tinchlikka erishish bo‘yicha sa’y-harakatlarini olqishlaymiz», — deya qayd etdi Maykl Pompeo.

Shuningdek, AQSh Davlat kotibi AQSh O‘zbekiston bilan Afg‘oniston o‘rtasidagi savdo aloqalarini rivojlantirish uchun bir million dollar miqdorida moliyaviy yordam ko‘rsatishini ma’lum qildi.

Davlat kotibi AQSh Prezidenti Donald Tramp ma’muriyatining mintaqa bo‘yicha sa’y-harakatlariga ham to‘xtaldi. Uning bildirishicha, AQSh Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi strategiya ishlab chiqmoqda. «Ayni paytda Toshkentda o‘tadigan «Markaziy Osiyo – AQSh» shaklidagi vazirlar uchrashuvini sabrsizlik bilan kutmoqdamiz. Hamkorlikning ushbu shakli terrorizmga qarshi kurashish, mintaqaviy, energetik muammolarni hal qilish imkonini beradi», — dedi u.

Anjumanda jurnalistlar Afg‘oniston bo‘yicha ikki mamlakat intilishlari yuzasidan savollar bilan murojaat qildi.

Abdulaziz Komilov Afg‘onistondagi xavfsizlikni ta’minlash masalasiga to‘xtalar ekan, O‘zbekiston AQShning Afg‘oniston siyosatiga yuqori baho berishini ta’kidladi.

«AQShning Afg‘onistonda mavjudligi mintaqada tinchlikni ta’minlash, terrorizm va narkotrafik xavfini kamaytirish imkonini bermoqda», — dedi u. «Biz toliblar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarni qo‘llab-quvvatlaymiz. Zero, ular ham afg‘on jamiyatining ajralmas qismidir. Afg‘onistondagi urush 40 yildan buyon davom etmoqda va bu mojaroga birgina hujjat imzolash bilan barham berib bo‘lmaydi. Tinchlikka erishish jarayoni uzoq davom etishi mumkin», — dedi A.Komilov.

O‘z navbatida, Maykl Pompeo Afg‘onistonda tinchlikka erishish bo‘yicha O‘zbekiston tashabbuslarini alohida qayd etdi.

«O‘zbekiston qo‘shni mamlakat sifatida Afg‘onistonda tinchlikka erishish bo‘yicha izchil sa’y-harakatlarni amalga oshirib kelmoqda. Biz buni yuqori baholaymiz», — dedi u.

Bugun kunning ikkinchi yarmida «Markaziy Osiyo – AQSh» («C5+1») shaklidagi vazirlar uchrashuvini o‘tkazish rejalashtirilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring