Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mobiuz eng zamonaviy mmWave radiochastotasidan foydalanib 5,5G imkoniyatlarini ko‘rsatadi

Mobiuz eng zamonaviy mmWave radiochastotasidan foydalanib 5,5G imkoniyatlarini ko‘rsatadi

2025-yilning 23-26-sentyabr kunlari ICT Expo 2025 ko‘rgazmasida Mobiuz Markaziy Osiyoda ilk bor 28 GGs (mmWave) radiochastota diapazonlariga asoslangan 5,5G texnologiyasini namoyish etadi.

Innovatsiyalar to‘lqinida

5,5G texnologiyasi mobil tarmoqlar rivojlanishining keyingi bosqichi hisoblanadi. Uning asosiy xususiyati millimetrli to‘lqin diapazonlaridan (mmWave) foydalanish imkoniyatidir. Bu tufayli mobil internet tezligi 10 Gbit/s gacha yetishi, tarmoqning yuklama eng yuqori bo‘lgan joylarida esa yuqori o‘tkazuvchanlik ta’minlanishi mumkin.

Innovatsion texnologiyaning ilk namoyishi Mobiuzning «Insonlarlarni birlashtirib, innovatsiyalar bilan kelajak sari» falsafasini yaqqol tasdig‘idir. Kompaniya "O‘zbekiston - 2030" strategiyasiga muvofiq iqtisodiyot va hududlarni raqamlashtirish bo‘yicha davlat dasturini jadal sur’atda amalga oshirishni davom ettirmoqda.

Hususan, joriy yilda Mobiuz Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida mobil internet tezligi va tarmoqlar barqarorligi bo‘yicha yetakchi deb e’tirof etildi. Bundan tashqari, kompaniya Farg‘ona vodiysi shaharlarida 5G tarmoqlarini joriy etdi.

5,5G (mmWave) qanday ishlaydi?

Xalqaro mobil yechimlar yetkazib beruvchilar uyushmasi (GSA) ma’lumotlariga ko‘ra, hozircha dunyoning 56 ta eng rivojlangan mamlakatidagi 200 dan ortiq operator mmWave’dan foydalangan holda 5,5G texnologiyasiga qiziqish bildirmoqda va unga sarmoya kiritmoqda. Endi Mobiuz ham ushbu operatorlar safiga qo‘shildi.

ICT Expo 2025 tashrif buyuruvchilari Mobiuz stendida Huawei kompaniyasining ilg‘or yechimlari asosida taqdim etilgan mmWave qo‘llanilgan 5,5G texnologiyasi imkoniyatlari bilan batafsil tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Shu maqsadda, Radiochastotalar bo‘yicha respublika kengashi tomonidan sinov o‘tkazish uchun vaqtinchalik asosda n257 (26,50-29,50 GGs) diapazonidagi radiochastota resursi ajratib berilgan.

Polosa kengligi (400 MGs) tufayli tarmoq bir vaqtning o‘zida ko‘proq ma’lumotlarni qayta ishlab, katta gigabitli tezliklar va minimal kechikishlarni ta’minlaydi. Jahon tajribasida 5,5G (mmWave) abonentlar va trafik ko‘p bo‘lgan joylarda manzilli tarzda o‘rnatiladi.

Avval namoyish — keyin joriy etish

Mobiuz mobil operatori tomonidan 5,5Gni tijoriy joriy etish faqat vaqt masalasidir. Kompaniya har yili O‘zbekiston uchun yangi texnologik yechimlarni namoyish etib, sinovdan o‘tkazgandan so‘ng o‘z faoliyatida faol qo‘llaydi.

Xususan, 2022 yilda ICT Expo doirasida Mobiuz birinchi marta VoLTE va ViLTE texnologiyalarini amalda namoyish etdi. Natijada, 2023 yil iyun oyida kompaniya O‘zbekistonda VoLTE’ni ishga tushirishda yetakchiga aylandi va 2023 yil oktyabr oyida ViLTE’ni barcha hududlarda muvaffaqiyatli joriy etdi.

Endi esa Mobiuz va Huawei o‘rtasidagi faol hamkorlik tufayli O‘zbekistonda asta-sekin 5,5G davri boshlanmoqda. Bu mamlakat mintaqaviy raqamli transformatsiyaning oldingi saflarida ekanligini va eng ilg‘or yechimlarni joriy etishga tayyor ekanligini ko‘rsatmoqda.

Mobiuz barchani ICT Expo 2025 ga taklif etadi! Ko‘rgazma va AKT haftaligi tadbirlari CAEx Uzbekistan ko‘rgazmalar markazida o‘tkaziladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring