Mohina Jabborova: «Taqinchoqlarda tarixiylikni saqlab qolishga harakat qilaman»

Facebookda turli toshdan yasalgan milliy taqinchoqlar va milliy do‘ppimizni ko‘rib, uning muallifiga qiziqdim. Jozibador va rang-barang toshlar bilan bezatilgan tillaqoshlar, ziraklar, munchoqlar, oq toshchali, qora qalampir nusxa do‘ppilar – xuddi san’at asari deysiz!
Mohina Jabborova – haqiqiy o‘zbek qizi. Uning yuz-ko‘zlarida, hatti-harakati, ovozi, nigohlarida, yaratayotgan asarlarida o‘zbeklik, milliylik barq urib turadi. Uning har bir harakatida ona va momolarimizning chaqqonligi, uddaburonligi aks etadi. Hali o‘ttiz yosh ostonasini hatlamagan, shunga qaramay o‘qishni, ishni, hunarni, uy bekaligini ham eplagan – pedagog, psixolog, dizayner, hunarmand Mohina ikki farzandning onasi. Mohina mehnatga, ijod, farzandlar tarbiyasiga qayerdan quvvat oladi, qanday vaqt yetkazadi? Buning javobi bitta – izlagan imkon topadi.
Uning yasayotgan taqinchoqlari oddiy hunarmandchilik emas, balki san’at. Har bir taqinchoq, har bir do‘ppi orqasida nafaqat mehnat, balki mehr, muhabbat, milliylikka bo‘lgan yuksak ehtirom yotadi. Mohina Jabborova nafaqat go‘zallikni yaratadi, balki uni qadrlaydi. U har bir buyumining tarixini, ma’nosini izlaydi, o‘qiydi, o‘rganadi.
Mohina Jabborova yaratgan buyumlar nafaqat o‘zbekistonliklar, balki chet elliklar tomonidan ham e’tibor qozonmoqda. U Instagram sahifasida ham o‘z ishlarini namoyish etadi va buyurtmalar qabul qiladi. Hatto xorijda muxlislari bor.
Uning hikoyasi – ko‘plab ayollar uchun ibrat. Bolalar, oila, asosiy kasb yana hunar – bularning barchasini uyg‘unlashtirib, ijod qilish mumkin. Faqat ishqibozlik va mehnat zarur. Keling, uning hikoyasiga quloq tutamiz.
Do‘ppi men uchun shunchaki bosh kiyim emas
Bundan 5-6 yil oldin ustozim Zilola opadan taqinchoq tayyorlash sirlarini o‘rgandim va shu vaqtdan beri milliy taqinchoqlar hunarmandi sifatida mustaqil ijod qilyapman. Buyurtma asosida tillaqosh, zirak, zebigardon va shunga o‘xshash taqinchoqlar tayyorlayman. Shu bilan bir qatorda do‘ppilarga bezak berish bilan ham shug‘ullanyapman. Hozir Toshkentda yashayotgan bo‘lsam-da, asli Namanganning Chust shahrida tug‘ilganman. Chust pichoqlari va do‘ppilari bilan juda mashhur. Yoshlik paytlarim Chust do‘ppisi tayyorlashga juda qiziqqanman, bir-ikki harakat qilib ham ko‘rganman. Afsus o‘qish, vaqt, fursat kamligi sabab bu hunarni to‘liq o‘rgana olmagandim. Do‘ppiga muhabbat shu yoshligimdan paydo bo‘lgan.
Talabalik paytlarimda ham asosan do‘ppi kiyishga harakat qilganman.Chunki do‘ppi kiysam qanaqadir menda boshqacha faxr tuyg‘usi uyg‘onardi. Bu shunchaki bosh kiyimi emas, milliy madaniyatimizning bir bo‘lagi ekanligini ko‘rsatishga harakat qilardim. Har Juma kuni butun O‘zbekiston bo‘ylab Milliylik kuni deb e’lon qilingani ham meni juda quvontirdi. Yanada yangiliklar qilishga undadi va do‘ppilarga toshlardan bezak berishga harakat qildim. Bu yoshlarimiz tomonidan qiziqish bilan qabul qilindi va toshli to‘ppilarga buyurtmalar soni oshib bormoqda.
Milliylik va zamonaviylik uyg‘unlashsa...
Men avvaldan milliyligimizga alohida hurmat va muhabbat bilan qarayman. Shu sabab milliy taqinchoqlar tayyorlash hunarini zo‘r qiziqish bilan o‘rgandim. Chetdan qaraganda bu shunchaki munchoqlardan oddiy taqinchoq tayyorlashdek tuyulishi mumkin. Lekin milliy taqinchoq tayyorlash jarayoni unday emas. Har bir detalga, har bir predmetga alohida e’tibor bilan yondashishga harakat qilaman. Bu – bizning ayollarimizdek nozik, bir vaqtning o‘zida matonatli. Bu toshlarning har biri – bir avloddan ikkinchi avlodga o‘tadigan an’analar timsoli. Bu jarayonda men haqiqiy ma’noda ijod qilaman, jarayonning o‘zi ruhlantiradi, g‘oya beradi, taqinchoq dizayni bir xillikni takrorlamasligini istayman.
Milliyligimizga jon bag‘ishlangan kun...
Milliylik va zamonaviylikni birgalikda uyg‘unlashtirsa yangi, o‘zgacha uslub yaratiladi. Men tayyorlagan taqinchoqlar asosan milliy yo‘nalishda. Yangi dizayn yaratmoqchi bo‘lsam albatta ikkisini ham qo‘llayman.
Sir emaski, odamlar avvallari milliy kiyimlarni faqat bayram, to‘y yoki shunga o‘xshash biror bir tadbir kunlari kiyishardi. Hozir vaziyat juda o‘zgardi. Har juma Milliylik kuni etib belgilangani bu milliyligimizga qayta jon bag‘ishladi. Milliy obrazda yurish hozir juda urfda. Endi nafaqat juma kuni, balki boshqa kunlari ham yosh-u qarilarimizni milliy kiyimlarda ko‘rayapmiz. Bu har tomonlama ijobiy holat. Ham milliy madaniyatimiz mustahkamlanmoqda, ham hunarmandlarimiz obro‘si oshib, ularning daromadlari ham ko‘tarilyapti.
Taqinchoqlarimga nom beraman...
Kundalik ishlardan, yumushlardan charchagan insonga qo‘l mehnati bilan shug‘ullanish o‘zgacha kuch beradi. Men har safar taqinchoq tayyorlayotganimda yangi quvvatni his etaman. Ishtiyoqim oshib ketadi. Taqinchoqlarim tayyor bo‘lganidan so‘ng esa ularni ko‘rib g‘ururlanaman, nahotki shu san’at asarini men tayyorladim deya. Xayolan ularga nom beraman: «Bibixonim», «Xonzodabegim», «Nodirabegim»...
Tayyorlash jarayonida shu malikalar tarixini eslab, uni taqinchoqlarimda jonlantirishga harakat qilaman.
Taqinchoqlarni asliday ko‘rsatgim keladi
Hunar o‘rganish bu juda yaxshi, ham miya faoliyatini yaxshilaydi ham estetik zavq beradi. Har bir inson hunarli bo‘lsa kelajakdagi faoliyatiga ham ijobiy ta’sir o‘tkazadi. Milliy taqinchoqlar tayyorlashni menimcha hamma qiziqib o‘rgana oladi. Men ham hunarimni keng yoyish maqsadida shogirdlar tayyorlaganman va kelajakda ko‘plab shogirdlarim bo‘lishini xohlayman.
Menimcha, har qanday buyum asli bilan qadrliroq va buyukroq ko‘rinadi. Albatta, modernizatsiya qilishning ham o‘z o‘rni bor. Masalan buyurtmachilarim taqinchoqlarga zamonaviylik qo‘shib ham tayyorlashimni iltimos qilishadi. Agar iloji bo‘lsa, o‘zgacha uslub yaralsa albatta tayyorlayman. Lekin ayrimlarida shaklan o‘zgarish ortiqchalik qilsa u holda o‘z holicha yasayman.
O‘z brendim bo‘lishini orzu qilaman
Yurtimizda hunarmandchilik har doim ham qadrlangan. Yildan-yilga yana ham keng imkoniyatlar yaratilyapti va hunarmandchilik turlari ham ko‘paymoqda. Qo‘l mehnati bilan oddiy narsalardan odamlarga foyda keltiradigan buyumlar, taqinchoqlar yaratish qadriyat darajasiga ko‘tarilyapti. Insonlar ham qo‘l mehnatiga boshqacha hurmat bilan qarashadi. Milliylik kuni e’lon qilinganidan beri xorij kiyimlaridan ko‘ra milliy mahsulotlarimizga talab juda oshib ketdi. Bu esa ichki ishlab chiqarish va hunarmandlar mehnati, daromadlari o‘sishiga katta turtki bo‘ldi. Hunarmandlarimiz hozir bemalol jahon bozorigacha chiqib, o‘zbek milliy buyumlarini butun olamga yoyilishiga sabab bo‘lishyapti.
Bu barchasi yurtimizda hunarmandlarga katta e’tibor qaratilib kelinayotganidan darak albatta.
Oddiylik va takroriylikdan qochaman
Men ham o‘z brendim asosida tayyorlangan milliy taqinchoqlarimni butun jahonga yoyishni istayman. Buning uchun ancha mehnat qilishim kerak.
Men uchun taqinchoqlar tayyorlash bu san’at. Shunchaki o‘tirib tez-tez tayyorlab yuborolmayman. Oldindan alohida tayyorgarlik ko‘raman, xayolimda dizaynini yarataman, bezak beraman. Tayyor holatini tasavvur qilaman. Oddiy va takroriy dizayn bo‘lishini istamayman. Mukammal bo‘lishiga harakat qilaman.
Taqinchoqlarim orqali o‘zimdagi muhabbatni, sevgini ifodalashga intilaman. «Yurakdan chiqqani yurakka yetib boradi» deyishadiku. O‘zimdagi mehrni insonlarga taqinchoqlarim orqali ulashyapman.
Taqinchoqlarimda asosan tarixiylikni saqlab qolishni istayman. Bu bilan yanayam qadri oshadi deb hisoblayman. Taqqan insonga ham shunda alohida ulug‘vorlik beradi.
Hunarimga qiziqish bildirib, ajoyib savollar berganingizdan juda xursandman. Niyatim milliyligimiz qadri hech qachon tushmasin. Har bir o‘zbek xonadonida o‘zligini, milliyligini anglatib turadigan muhit bo‘lishini va farzandlar ana shunday milliylik ruhida ulg‘ayishini tilayman.
Barchamizga Navro‘zi olam muborak bo‘lsin!
Barno Sultonova tayyorladi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter