Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mohir, mashhur, injiq va antiqa Fisher

Mohir, mashhur, injiq va antiqa Fisher

Robert (Bobbi) Jeyms Fisher 1943-yili AQShning Chikagosida tug‘ilgan. 2008-yili Reykyavik (Is­­landiya)da vafot etgan. U o‘z zamo­na­si­ning eng yorqin va buyuk shaxmatchi­la­ri­dan biri, shaxmat bo‘yicha o‘n bi­rin­chi jahon chempioni (1972–1975) edi. Xalqaro usta rutbasiga (1957) ega bo‘lgan, keyin (1958-yili) grossmeysterga aylangan.

Ko‘chish, ajrashish...

Robertning onasi Regina Fisher, qizligida Vender – shveysariyalik yahu­­­diy oilasidan bo‘lib, Polshadan Shveysariyaga ko‘chib o‘tgan edi. Otasi esa nemis bi­olog olimi, kommunist Hans-Ger­xard Fisher natsistlar zulmidan SSSRga qochib kelgan. U shu yerda tibbiyot institutida o‘qiyotgan Re­gi­­na bilan tanishadi. 1939-yili er-xotin SSSRni tark etib, Amerikaga ko‘­chib ketishdi. Ammo tez orada ajrashdilar. Re­gina AQShda qoldi, Gerxard esa — Chilida.

Ikkinchi jahon urushidan ke­yin Gerxard Germaniyaga qaytib keldi. Taxmin qilishlaricha, Robertning ha­qiqiy otasi natsistlar Germa­niya­sidan AQShga qochib o‘tgan vengriyalik yahu­diy, matematik, atom bomba­sini yaratish bo‘yicha «Manhetten loyihasi»ning qatnashchisi Pol Nemeni bo‘l­gan. Nemeni bolaning tarbiyasida faol qatnashadi, unga yordam beradi, o‘qishiga pul to‘lab turadi. U ikki mar­­ta Regi­nadan bolani tarbiyalash huquqini sud orqali olib qo‘yishga uringan. Ammo harakatlari zoye ketgan. «Bolaning onasi ruhiy kasal va unga munosib tarbiya bera olmaydi», — degan edi Nemeni.

Urush tugagach, onasi bolalari bilan Bruklinga ko‘chib o‘tdi. Ro­bert olti yoshga kirganida opasi Joan unga shaxmat o‘ynashni o‘rgatdi. Tez ora­da uning shaxmatga nisbatan qobiliyati namoyon bo‘ldi. Shaxmatga ishqibozlik Robertni tengdoshlaridan to‘­liq ajratib qo‘ydi. U faqat shaxmat o‘ynay oladigan odamlarni tan olar, teng­dosh­lari orasida esa bundaylar yo‘q edi. O‘tkir xotirasi Robertga nemis, rus, ispan va serb-xorvat tillarini o‘rganish, chet tillaridagi shaxmat adabiyotlarini o‘qiy olish imko­ni­ya­ti­ni berdi. 1957-yili 13 yoshida Robert Fisher o‘smirlar o‘rtasida AQSh chempi­oni bo‘ldi. 14 yoshida esa kattalar o‘rtasida AQSh tarixidagi eng yosh chempionga aylandi.

Maktab va o‘qituvchilar haqida nojoiz gaplar

Fisher janjalkashligi va hammani hayron qoldiruvchi gapla­ri bilan ham nom chiqardi. Masalan, u mak­­tab haqida shunday gaplarni aytgan: «Maktabda hech narsaga o‘rganib bo‘l­may­di. O‘qituvchilar ahmoq. Ayol­larning o‘qituvchi bo‘lishi mumkin emas. Mening maktabimda faqat jismo­niy tarbiya o‘qituvchisi ahmoq emas — u shaxmatni yaxshi o‘ynaydi».

Fisher 15 yoshida, o‘zini to‘laligicha shaxmatga bag‘ishlash uchun maktabni tash­lab ketadi. «Mening yagona istagim — shaxmat o‘ynash», — deydi u. Shu tufayli ona­si bilan janjallashib qoladi va 1960-yili Bruklindagi kvartira­ni un­ga qoldirib, o‘zi ketib qoladi. O‘shandan boshlab Fisher alohida yashay bosh­ladi. Yoshligidanoq Fisherning maqsadi jahon chempioni bo‘lish edi, shu­ning uchun barcha imkoniyatlardan foydalanib, jon-jahdi bilan ish­­la­di. Sog‘lig‘i va qomatini saqlash uchun suzish, tennis, chang‘i va konkida uchish bilan ham shug‘ullandi.

AQSh chem­­pi­­o­natida g‘olib bo‘lgan Fisher, 1958-yili Portoroj (Yugoslaviya)da o‘tadigan hududlararo turnirda qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi. Turnir ol­di­­dan Amerika shaxmat federatsiyasi Sovet federatsiyasiga Fisher uchun ikki­ta mashq o‘yin­ini tashkillashtirish taklifi bilan murojaat qildi. U Bo­ris Spas­skiy va Yev­geniy Vasyukov bilan uchrashish uchun birinchi va oxirgi marta SSSRga keldi. Ammo Moskvaga tashrifidan so‘ng Fisher Botvinnik­ning o‘zi bilan ham match o‘ynash istagini bildirdi, buning imkoni yo‘q­ligini aytganlarida esa, matchlardan voz kechdi va sovet shaxmatchilari, jum­ladan, Petrosyan va Vasyukov bilan ham tezkor partiyalar seriyasi o‘tka­zish bilan cheklandi.

Keyin, Fisherning onasi iltimos qilganligi tufayli, Yugoslaviya shax­­­mat ittifoqi amerikalik talant sohibini hududlararo turnir boshla­ni­­shidan bir oy oldin qabul qildi. Hududlararo turnirning o‘zida Fisher xalqaro grossmeysterlik nor­ma­sini oshirib bajardi va da’vogarlar tur­nirida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi. Shunday qilib, 1958-yili, o‘n besh yarim yoshida u shaxmat tarixidagi eng yosh grossmeyster bo‘ldi va 17 yoshida grossmeysterlikni egallagan Boris Spasskiyning avvalgi rekordini yangiladi.

Mislsiz natijalar

1959-yili Fisher birinchi marta Yugoslaviyada jahon chempionligiga da’­vogarlar turnirida qatnashdi. Bu ishtirok muvaffaqiyatsiz bo‘ldi: Fi­sher 5-6-o‘rinlarni bo‘lishib oldi, turnirda g‘olib chiqqan Mixail Tal bilan mikromatchda 0:4 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. Ekstra-klassdagi shax­matchilar bilan o‘yinlarda tayyorgarligidagi kamchiliklar ko‘rinib qoldi. Omadsizlik Fisherni tinmay mehnat qilishga undadi va tez orada u bir qator yirik turnirlarda ajoyib g‘alabalarga erishdi. 1960–1962-yil­lari hu­dud­lararo turnirlarda to‘rt marta birinchi va bir marta ikkinchi bo‘ldi.

Bobbi Fisher 19 yoshda, 1962-yil

1962-yili Kyurasaoda navbatdagi da’vogarlar turnirida u yana omad­siz­likka uchradi — Petrosyan, Keres va Gellerlardan keyin 4-o‘rinni egal­ladi. Fisher uyiga qaytgach, «Sports Illustrated» jurnalida maqola e’lon qi­­lib, unda eng kuchli sovet shaxmatchilari o‘zaro o‘yinlarda, boshqa da’­vo­gar­­larning birinchi o‘ringa chiqmasliklari uchun, kelishilgan durang­larni qayd etayotganliklarini aytdi (turnirda Petrosyan, Keres va Geller o‘rta­sidagi 12 partiyaning barchasi durang bilan yakunlangan va da’vogar­lar­ning har biriga teng miqdordagi ochko tekkan). Fisherning so‘zlariga ko‘ra, «shax­matda ruslarning nazorati shu darajaga yetganki, jahon chempioni unvo­ni uchun musobaqalarning haqqoniy o‘tishi mumkin emas».

To‘g‘risini ayt­gan­da, kelishilgan duranglar yordamida yuqori mavqeni saq­lab qolish mum­kin, lekin faqat Fisher yetakchilardan ancha orqada qolgan taqdirdagina bu­ni amalga oshirishning imkoni bo‘lardi. Agar u haqiqatan birinchi o‘rin­ga yaqin turganida, sovet grossmeysterlari faqat bir-birlarini yeng­gan taqdirdagina uni to‘xtatishlari mumkin bo‘lardi. Hatto Fisherning o‘zi ham partiyalardan birida Geller bilan 14-yurishda, Keres bilan 12-yurish­da durangga rozi bo‘lgan. Fisher, toki FIDE da’vogarlar turnirini olimpiya tizimidagi matchlar bilan almashtirilga­niga qadar oliy unvon uchun musobaqalarda qatnashmasligini aytgan. Ke­yin­chalik o‘zining shaxmatdagi fao­li­ya­tini tan­qidiy baholagan holda, muvaf­faqi­yat­sizlik­lari­dan to‘g‘ri xu­lo­sa­lar chiqardi.

1960-yillarning ikkinchi yarmida Fisher jahonning eng kuchli shax­mat­chilari safiga kirdi va eng yuqori mavqedagi turnirlarda yutuqlarga erish­di: Gavana (1965) — 2-4-o‘rinlar (Fisher sirtdan qatnashdi — 1960-yillarda AQSh Kubaga qarshi cheklovlar qabul qilgandi, davlat de­par­tamenti uning Gavanaga borishiga ruxsat bermadi va Robert AQShda tu­rib, o‘z yurishlarini telefonda aytib turdi); Santa-Monika (1966) — 2-o‘rin; Ox­rid va Monte-Karlo (1967) — 1-o‘rin; Netanya va Vinkovsi (1968) — 1-o‘rin; Rovin-Zagreb va Buenos-Ayres (1970) — 1-o‘rin.

Fisher o‘z vatanida mutlaq g‘olib edi. AQShning 8 karra chempioni. 1963–1964-yillardagi AQSh birinchiligida yuz foizli natija bilan g‘olib bo‘l­gan. 1960, 1962, 1966, 1970-yillardagi Butunjahon olimpiadalarida AQSh jamoasining yetakchisi bo‘ldi, ularda dunyoning ilg‘or shaxmatchila­ri­ga qarshi 65 ta partiya o‘ynadi, faqat 7 tasida mag‘lubiyatga uchradi va 18 tasida durangga erishdi.

Jahonning eng kuchli shaxmatchilari jamoasi («jahon termasi») bi­lan SSSR terma jamoasi o‘rtasidagi uchrashuvda (1970) 2-taxtada T.Petrosyanni 3:1 hisobida yengdi. 1971-yildagi da’vogarlar matchida uning ko‘rsatkich­lari rekord darajaga ko‘tarildi — u M.Taymanov va B.Larsenni «qup-quruq» — 6:0 hisobida yengdi, finalda esa T.Petrosyanni 6,5:2,5 hisobida mag‘­lu­bi­yat­ga uchratdi, natijada, jahon chempioni Boris Spasskiy bilan o‘ynash hu­quqini qo‘lga kiritdi. Musobaqalarning bu qismida Fisher jahon­ning eng yetakchi shaxmatchilari bilan o‘yinlarda misli ko‘rilmagan natijaga erish­­di — ochkolarning 85 foizini egalladi.

Intervyu berish — 25 000 dollar

Fisher doimo turli janjallar markazida bo‘lar, o‘zi­ni musobaqaning boshqa qatnashchilaridan ustun qo‘yib, turli im­ti­yozlar talab qilar, mavjud tartiblarni buzar, boz ustiga ko‘­pin­cha buni qo‘pollik bilan va namoyishkorona amalga oshirardi. Fisher, masalan, o‘zining ishtirokidagi par­ti­ya­lar kechqurun soat 16:00dan keyin boshlani­shi­ni talab qilardi, chunki u juda kech uyg‘onishga o‘rgangan, mehmon­xonalarda esa faqat «lyuks» xonalar­da­ yashashga rozi bo‘lardi. U hamisha o‘yinning boshlanishiga kech qolardi, vaqt o‘tishi bilan hamma bunga ko‘­nikdi.

Sharhlovchilar Fisher, aslida turnir sharoitining yaxshilanishi va yetakchi shaxmatchilarning moddiy ta’minoti ko‘tarilishi uchun ko‘p ishlar qilgan­li­gi­ni ta’kidlashgan. Masalan, Fisherning talablari tufayli shaxmat bo‘­yicha ja­hon chempionati sovrin jamg‘armasining miqdori sezilarli ra­vish­da oshgan. Fisher: «Men shaxmatga boks­dan kam bo‘l­magan darajada hurmat bilan qarashlariga erishaman. O‘zining navbat­da­gi chiqishi uchun Muhammad Ali qancha so‘rasa, men undan ko‘proq talab qi­la­man»,  — degan edi.

B.Spasskiy bilan jahon chempionligi uchun match 1972-yili Reyk­yavikda o‘tkazildi va Fi­sherning 12,5:8,5 hisobidagi g‘alabasi bilan yakun­landi. Shaxmat tari­xi­da birinchi marta sovrin jamg‘armasi 250 000 dollar­ni tashkil etdi.

Fisher va Spasskiy o‘rtasida o‘tkazilgan mashhur o‘yin.

G‘alabadan keyin AQShda Fisherni milliy qahramon sifatida kutib ol­ishdi. AQSh prezidenti Nikson tomo­ni­dan Oq uyda uyushtirilgan ziyofatga taklif etildi, lekin Fisher: «Men ov­qat chaynayotganimda og‘zimga qarab turishlariga chiday olmayman», — deya ziyo­fat­dan bosh tortdi.

G‘arb matbuoti Fisherni maqtovlarga ko‘mib tashladi, ko‘pgina mash­hur odamlar — qo‘shiqchilar, aktyorlar u bilan do‘stlashishni istar­di. Fi­sher­­ning g‘alabasi G‘arbda shaxmatning ommaviylashishiga tur­tki bo‘l­di. Bu, ayniqsa, AQSh va Islandiyada sezildi. Amerikada ko‘pgina chaqaloq­lar­­ni Fi­sher­ sharafiga Bobbi deb atadilar, Brodveyda shaxmat myuzikl­la­­ri qo‘yildi.

Fisherning o‘zi bo‘layotgan voqealarga xotirjam qarar va o‘zini odat­da­gi­dek keskin, erkin tutardi. U intervyu berishni yoqtir­mas, fa­qat eng yaqin do‘stlarining tor doirasida muomala qilishni lozim topar, taklif qilingan ko‘p millionli reklama shartnomalaridan ham voz kechardi (aytishlaricha, Fisherga, jumladan, avtomobillarni reklama qilishni taklif qilishgan, lekin u mashinalarni ko‘rib, ko‘plab kamchiliklar topgach, «joniga qasd qiluvchilarga mo‘l­jal­langan bu ulovlarni reklama qilmoqchi emas»ligini aytgan). Ayni paytda Fisher barcha jamoatchilik ishlaridagi ishtiroki uchun haq talab qi­lar­di. Shu tarzda, xatni o‘qib chiqish uchun 1000 dollar, telefonda gap­la­shish uchun 2500 dollar, shaxsan uchrashish uchun – 5000 dollar, intervyu be­rishga esa 25000 dollar talab qilardi. Bir necha oydan keyin u judayam char­chagan­ini aytib, asta-sekin odamlar oldiga chiqmay qo‘ydi.

Shaxmatchi... jinoyatchimi?

Spasskiy bilan matchdagi so‘nggi bellashuv Fisher o‘ynagan oxirgi rasmiy par­tiya bo‘ldi. Jahon chempioni unvonini egallaganidan keyin juda kam o‘yna­di, faqat no­rasmiy partiyalarda ishtirok etdi, biror marta ham jid­diy tur­nirlarda qatnashmadi. Uni bilgan odamlarning aytishicha, chem­pi­o­nlik un­vo­ni­ni olish yangi chempionning izzattalabligini oshir­gan va mag‘lu­bi­yat haqida, hatto o‘ylab ko‘rish ham uning uchun juda azob bo‘lgan.

Anatoliy Karpov bilan jahon chempionligi uchun match o‘tkazish tar­tib­lari haqidagi uzoq va og‘ir muzokaralardan so‘ng, murosaga ke­la olmagan Robert Fisher bu o‘yinni o‘tkazishdan bosh tortdi. 1975-yil 3-aprelda FIDE Fisherni chempionlik unvonidan mahrum etdi va Kar­povni yangi jahon chempioni deb e’lon qildi. Keyingi ikki yil davomida Fisher-Karpov uchrashuvi baribir o‘tkaziladi degan umid bor edi, lekin match haqidagi muzokaralar 1977-yilga kelib to‘xtab qoldi.

Unvonidan mahrum qilingan Fisher rasmiy shax­matga qaytmadi. 1976–1977-yillari FIDE doirasida Anatoliy Karpov bilan match haqida muzokaralar olib borildi, lekin natija bo‘lmadi. 1970-yil­lar­ning oxirida mat­buotda Fisherning kompyuter shaxmat dasturiga qar­shi o‘yini (u har uchala partiyada yutib chiqqan) haqida xabarlar paydo bo‘ldi.

Fisher bir qancha vaqt «Yaratganning Butunjahon cherkovi» diniy sek­ta­­si­ qatnashchisi bo‘lgani haqida xabar qilingandi, lekin uning rah­bar­lari bashorat qilgan oxir zamon ro‘y bermagach, sektadan chiq­qan.

1990-yillarning boshiga qadar Fisher Pasadena (Ka­li­for­­niya)da yolg‘iz o‘zi yashadi. 1980-yillarning oxirida u xat orqali 18 yoshli venger shax­mat­chisi Zita Raychani bilan tanishdi, bir muncha vaqt o‘tib uning yoniga, Bu­dapeshtga bordi va jurnalistlarga ko‘rinmay yashay boshladi. Fisherni unu­tib ham yuborishgandi. Lekin 1992-yili yugoslaviyalik bankir Ye.Vasi­le­vich B.Spasskiy bilan tijoriy match-revansh o‘tkazishni taklif qilganida, kutilmaganda eks-chempion rozi bo‘ldi. Matchning sovrin jamg‘armasi 5 mil­lion AQSh dollarini tashkil etardi. O‘yin Yugoslaviyadagi Sveti-Stefan orolida, av­val Fisher A.Karpov bilan o‘yinga qo‘ygan talablar asosida 10 ta g‘alabagacha o‘ynal­di.

Hali match boshlanishidan oldin Fisherga AQSh Davlat departamen­ti­dan yozma axborot keldi, unda Yugoslaviya hududida o‘tkazilayotgan o‘yinda qat­na­­shish xalqaro embargoni (AQSh Yugoslaviyaga e’lon qilgan boy­kot­ni) buzishi va bu match uchun Fisher 10 yil qamoq jazosi olishi mumkinligi aytil­gan­di. Matchdan oldingi matbuot anjumanida Fisher xatni namoyish­ko­rona yirtib tashladi va shunday dedi: «Men odamlarni AQSh — intellektual davlat ekanligi, unda aqlli insonlar yashashiga ishontirdim, ular esa minnatdorlik o‘rniga meni xonavayron qilishdi, kamsitishdi. Men ham ularga xuddi shunday javob qaytaryapman».

Muhojirlar qamoqxonasida va o‘lim

Match o‘ynaldi va Fisher 10:5 hisobida g‘alaba qozondi, hammasi bo‘­lib 30 ta partiya o‘tkazilgan edi. O‘sha paytda ham, keyinchalik ham Fisher bu match­ni «Jahon birinchiligi uchun match» deb atadi, o‘zini chempion deb hi­sob­lashini, chunki uni hali hech kim yenga olmaganini ta’kidladi.

Fisher Spasskiyga qarshi. 1992-yil

Matchdagi g‘alabadan so‘ng Fisherning AQShga qaytib borishi mumkin emas­di. Yugoslaviyaga qilingan embargoni buzishda ayblovdan tashqari unga so­liq boshqarmasi ham da’vo bilan chiqqan edi: 1976-yildan buyon soliq to‘la­ma­gani, shu jumladan, o‘tkazilgan matchda olgan gonorardan ham soliq pu­li­ni bermaganligi uchun unga 250 ming dollar jarima xavf solib turardi. Fi­sher bir muncha vaqt Vengriyada, Budapeshtda yashadi. 1994-yili u Zita Ray­cha­ni bilan ajrashdi, lekin yana yosh shaxmatchilar, opa-singil Yudit va Ju­ji Polgarlar oilasining do‘sti bo‘lib oldi.

Keyin Fisherning hayotida yana muhim o‘zgarishlar ro‘y berdi: 2000-yili u kutilmaganda o‘zining vengriyalik tanishlari bilan aloqalarini uzdi va doimiy yashash uchun Sharqqa ravona bo‘ldi. Filippinda 22 yoshli mahalliy ayol Me­ri­­­lin Yang bilan tanishdi. 2001-yil 21-mayida Merilin qizchali bo‘ldi (av­valiga u Fisherning qizi deb taxmin qilingandi, lekin Fisherning vafoti­­dan so‘ng, shaxmatchining merosiga da’vo qilib chiqqan Merilin Yangning talabi bilan o‘tkazilgan DNK tahlili buni tasdiqlamadi).

Fisher, asosan, Yaponiyada, o‘zining eski tanishi, yaponiyalik shaxmatchi ayol Miyoko Vatai bilan yashadi. U bilan Fisher 1970-yillarda tanishgandi.

Fisher Yaponiyada

2003-yilning dekabrida AQSh Davlat departamenti Fisherning pas­por­­tini rasman bekor qildi. Uning o‘zi bu haqda faqat 2004-yilning 13-iyulida, Yaponiyadan Filippinga uchib ketmoqchi bo‘lganida bildi, mam­la­kat hududiga noqonuniy kirishda ayblanib, qamoqqa olindi va muhojirlar qamoqxonasiga joylashtirildi. AQSh o‘sha zahoti Fisherning jinoyatchi sifatida berilishini talab qildi. Miyoko Vatai Fisherni qut­qa­rib qolish iltimosi bilan dunyo jamoatchiligiga murojaat qildi, buning uchun siyosiy boshpana berilishi kerak bo‘lardi. Qamoqxonada bo‘lgan pay­ti­da Fi­sher yozma ravishda Amerika fuqaroligidan voz kechganini bil­dirdi, si­yosiy boshpana berilishi haqida iltimosnoma va noqonuniy qa­moq­qa olin­gan­i xususida da’vo arizasi yozdi. Fisherning advokatlari uning pas­por­ti bekor qilingani haqida bilmagani, bundan tash­qari qa­moqqa olinishi har qanday holatda noqonuniy bo‘lgani, chun­ki u Yapo­ni­yaga kelgan paytida pasporti hali bekor qilinmaganini ayt­ishdi.

Kunchiqar mamlakatdan deportatsiya qilingan Fisher Islandiya poy­tax­ti Reykyavikda yashadi. 2007-yil noyabrda buyrak xastaligi bilan ka­sal­­xonaga yotqizildi. Biroq operatsiyaga rozi bo‘l­madi. Bu kasallik tufayli u 2008-yil 17-yanvarda — 65 yoshida vafot etdi.

Izzat Ahmedov tayyorladi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring