MTYaU talabasi: «Kelajakda yaratgan ixtiromni o‘z kompaniyamda ishlab chiqarishni xohlayman...»

Yosh ixtirochi Fayzullojon Xursanov muhandislikni faqat kasb emas, balki mas’uliyat deb biladi. U o‘z loyihalari ustida ishlaydi, iqtidorli talabalarga g‘oyalarini ilgari surishda yordam beradi, ilmiy maqolalar yozadi va ixtirolari uchun patentlar oladi. Masalan, u alternativ energetika, sun’iy intellekt, dasturlash, biotexnologiya va boshqa yo‘nalishlarda O‘zbekiston iqtisodiyotiga amaliy foyda keltira oladigan innovatsion g‘oyalarni aniqlashga qaratilgan «Mirzo Ulug‘bek vorislari» tanlovining birinchi bosqichida g‘olib bo‘lgan. Ya’ni, qahramonimiz ushbu ixtirosi orqali yo‘qotilayotgan issiqlik energiyasini qayta ishlab, turarjoylarni isitishda foydalanish imkonini beradigan innovatsion issiqlik almashtirgichni ishlab chiqish g‘oyasini ilgari surdi.
Fayzullo Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) darajasida tashkil etilgan «Tarixiy tajriba, barqarorlik va insoniy qadriyatlar, zamonaviy yondashuvlar» mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy tanlovda qatnashib «SCIENTIFICACADEMY» Ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan «Fidokorona xizmatlari uchun» ko‘krak nishoni bilan ham taqdirlangan. Uning ushbu loyihasi energiya yo‘qotilishini kamaytirish va atrof-muhitga salbiy ta’sirni pasaytirishga qaratilgan. Yana u xalqaro ilmiy-amaliy «Ilm-fan qanoti» tanlovi g‘olibi va shu nomdagi esdalik ko‘krak medali sohibi.
Hammasi qaysi qadamdan boshlandi, mualliflik huquqini himoya qilish nima uchun muhim... Toshkentdagi Milliy tadqiqot yadro universiteti (MTYaU) filialida tahsil olayotgan iqtidorli talaba bilan suhbatimiz ana shu savollarga javob topishdan boshlandi.
– O‘zingiz haqingizda qisqacha ma’lumot bersangiz. Nega oliy ta’lim uchun aynan Toshkentdagi Milliy tadqiqot yadro universiteti filialini tanladingiz?
– Farg‘onaning Bog‘dod tumanidanman. Bolaligim qishloqda, oddiy turmush muhitida o‘tdi. Men o‘zimga qattiq talab qo‘yadigan insonman. Har qanday ishni mas’uliyat bilan bajarishga harakat qilaman. Agar biron bir vazifa yuklatilsa butun e’tiborimni va kuchimni shu ishga bag‘ishlayman. Boshida men harbiy o‘quv yurtiga kirmoqchi edim, chunki tartib, intizom, qattiqqo‘llik menga juda yoqardi. Lekin sog‘liq bilan bog‘liq muammolar sabab hujjat topshira olmadim. Ammo fizika va matematika, ayniqsa, yadro fizika sohasiga qiziqishim ham bor edi. O‘quvchiligimda oddiy qurilmalar yaratardim, batareykalarni ulab sxemalar tuzardim, ularning ishlashini kuzatardim. Ana shu paytda fizikaning hayotda qanchalik muhimligini his qildim. Texnika va texnologiyalarga bo‘lgan qiziqish meni muhandislik dunyosiga yetakladi. O‘zbekistonda Milliy tadqiqot yadro universitetining filiali ochilganini eshitganimda, shubhasiz, shu yerda o‘qishga qaror qildim. Bu haqda birinchi marta bizga matematika o‘qituvchimiz aytgandi. Hammasi o‘shandan boshlangan. Aynan shu yo‘nalishni tanlaganim sababi, kelajakda yadro fizika sohasida jiddiy ilmiy tadqiqotlar bilan shug‘ullanmoqchiman. Agar boshqa universitetga kirganimda va boshqa yo‘nalishni tanlaganimda, kelajakda bunday imkoniyatlar kamroq bo‘lardi. Hozirgi men o‘qiyotgan dargoh yadro sohasida tadqiqotlar va muhandislik yechimlariga olib boruvchi to‘g‘ri yo‘l.
Suhbatimiz boshida aytganimdek tartib-intizom, qattiqo‘lliq, mas’uliyatlilik nafaqat harbiylarga kerak, balki muhandis va kashfiyotchilar uchun ham juda zarur ekanligini shu yerda tahsil olish jarayonida yana bir bor angladim.
– Muhandis-ixtirochi bo‘lishga qaror qilishingizga yana nimalar turtki bo‘ldi?
– Aslida bu qaror ham emas, tanlov ham emas. Ixtirochi bo‘lib qolish – mening qo‘limdagi narsa emas, balki miyamdagi g‘oyalarning taqozosi. Masalan, tasavvur qiling, miyangiz g‘oyalar makoni va uning eshigi bor, miyada tug‘ilgan yangilik esa tinmay eshik qoqadi, men esa ularni hayotga olib chiqishga harakat qilaman. Maktabda va universitetda bepul ta’lim oldim, bu menga berilgan ishonch va imkoniyat. Axir bu ta’lim soliq to‘laydigan oddiy xalqning mablag‘i hisobidan beriladi. Shuning uchun har bir g‘oyamga shunchaki shaxsiy orzu sifatida emas, balki xalq oldidagi burch va qarzdorligim, deb qarayman. Agar odamlar hayotini yengillashtirishi mumkin bo‘lgan g‘oya paydo bo‘lsa, uni amalga oshirish vazifam. Bu mening emas, balki butun jamiyatning g‘oyasi kabi: u men orqali shakl oladi va uni xalqqa qaytarishim shart.
– Hozirgacha nechta ishlanmangiz bor?
– Hozirda uchta tayyor ishlanmam bor, ular MVP (minimal hayotiy mahsulot): ya’ni prototip ko‘rinishda yaratilgan. Birinchisi – kiyimga o‘rnatilgan elektroshoker. Uni maktabda o‘qiyotgan paytimda yaratganman. Shundan beri u bir necha bosqichda takomillashtirildi, kamchiliklari bartaraf etildi. Hozirgi kunda biz shu ishlanma bo‘yicha bir tashkilot bilan hamkorlikda ish olib boryapmiz, memorandum ham imzolangan. Ikkinchi ishlanma – bu innovatsion dudbo‘ron. Hozirgi kunda bu dudbo‘rondan issiqlik elektr stansiyalari (IES) da foydalanish mumkin – atrof-muhitgga chiqarib yuborilgan issiqlik energiyasi ushbu dudbo‘ron yordamida qayta ishlanadi. Ayni paytda prototip tayyorlash ustida ish olib borilyapti, g‘oya esa amaliyot bosqichiga o‘ta boshlagan. Yana bir g‘oya chegara hududlarida yer osti tunnellarini aniqlash uchun radar tizimini yaratishga tegishli. Bu kontrabanda va noqonuniy trafikning oldini olish uchun mo‘ljallangan.
– G‘oyalaringizni amalga oshirishda qanday qiyinchiliklarga duch keldingiz? Qolaversa, o‘zingiz talabasizu, lekin shogirdlaringiz ham bor, shundaymi?
– Umuman olib qaraganda, har bitta g‘oyani amalga oshirish uchun shart-sharoit, imkoniyat bo‘lishi lozim. Har qanday prototipni yaratish uchun ehtiyot qismlar, uskunalar, o‘lchov priborlari kerak bo‘ladi. Iqtidorli talabada g‘oya bo‘lishi mumkin, lekin agar moddiy imkoniyat bo‘lmasa u amalga oshmaydi. Yaxshi tomoni shundaki, Oliy ta’lim va innovatsiyalar vazirligi tomonidan ilmiy g‘oyalar uchun tanlov o‘tkaziladi va unda 160 million so‘mgacha grant yutib olish mumkin. Lekin bu tanlovga hatto ariza topshirishning o‘zi tajriba talab qiladi, ya’ni smeta, hisob-kitoblar, har xil hujjatlarni to‘g‘ri to‘ldirish kerak. Bu narsani umrida qilib ko‘rmagan odam, bu ko‘chaga kirmagan odam, bilmaydi. O‘zim ham dastlab hech narsa bilmasdim. Ilk bor tanlovda ishtirok etganimda maktabda yasagan maketimni taqdim etdim, garchi o‘rin olmasam-da tajriba orttirdim va hozir shuni boshqalarga yetkazishga harakat qilayapman – iqtidorli talabalarga bu masalada yordam berayapman: arizani qanday to‘ldirish, qanday xatolarga yo‘l qo‘ymaslik, nimalarga e’tibor berish kerakligini tushuntiryapman.
Joriy yil Respublika miqyosidagi «Mirzo Ulug‘bek vorislari – 2025» ko‘rik- tanlovida biz 6 ta loyiha taqdim etdik: to‘rt nafar talaba ikkinchi bosqichga o‘tdi, bittasi esa respublika miqyosida mutlaq g‘olib bo‘ldi. Shogirdimning bu g‘alabasidan ko‘nglimda faxr tuyg‘usi paydo bo‘ldi.
– Siz kimdan motivatsiya olasiz – olimlar, muhandislar yoki oddiy odamlardanmi?
– Eng ko‘p ilhom beradiganlar – bu o‘tmishdagi buyuk olimlar. Ayniqsa, ular qanday qiyinchiliklardan o‘tgani haqidagi hikoyalar meni juda hayratga soladi. Masalan, lampochka ixtiro qilinguncha minglab tajribalar qilingan. Yoki kimdir ota-onasi taqiqlaganiga qaramay, tashlandiq joyda ishlab, kerakli qurilmalarni yig‘ib, noyob uskuna yaratgan, qiyinchiliklarga qaramay harakat qilgan, yuqori pog‘onaga chiqqan. Ulardan tashqari oddiy insonlar, o‘qituvchilar, katta yoshdagi ustozlar ham ilhom beradi. Ular aytadi: «To‘xtatmagin, qiynalsang biz yordam beramiz. Savollaring bo‘lsa, qiynalgan jihatlaring bo‘lsa, aytgin», deyishadi. Shu odamlar uchun yanada ko‘proq harakat qilishni davom etaman.
– Siz uchun muhandislik kasbmi, fikrlash tarzimi yoki yangilik izlovchimi?
– Muhandis bo‘lish – bu shunchaki kasb emas. Bu hayotdagi muammolarga amaliy yechim topa oladigan inson bo‘lish degani. Masalan, chiqindilarni yig‘ish mexanizmiga ega pol tozalash uskunasi juda oddiy ixtiro bo‘lishi mumkin, lekin kimdir o‘sha sovuq qish kunlarda pol yuvadigan insonning mehnatini yengillashtirish haqida o‘ylagan. Bu muhandislik fikrlashidir. Muhandis o‘z sohasini puxta bilishi va o‘rganishi kerak. Agar men yadro reaktori bilan ishlasam, uni besh barmoqdek bilishim shart. Ishlanmamda ozgina shovqin bo‘lsa ham, men uning sababini tushunib, bartaraf etish yo‘lini bilishim kerak. Bu shunchaki ish emas – bu katta mas’uliyat.
– Kelajakdagi orzuingiz?
– Ba’zan o‘ylayman, agar menda mablag‘ bo‘lganda, boshqalarning g‘oyalariga ham sarmoya kiritib, ularni startap sifatida ishga tushirishim mumkin edi. Ayni paytda o‘z g‘oyalarimni ro‘yobga chiqarmoqchiman. Chunki agar boshqa insonning g‘oyasini olib ishlasang, keyin turli tushunmovchiliklar chiqishi mumkin. Tarixda shunday holatlar bo‘lgan.
Biror kompaniyada ishlab yurgan ixtirochining shaxsiy yaratgan qurilmasini kompaniya o‘z nomiga patentlab olgan, keyin esa bahslar chiqqan. Shuning uchun muhandisning o‘zi o‘z mahsulotini ishlab chiqarishi, uni bozorga olib chiqishi, sotuvgacha bo‘lgan jarayondan o‘tishi kerak. Bu esa ertaga jamoatchilik ichida ham, kelajakda ham tushunmovchiliklar chiqishiga yo‘l qo‘ymaydi. Agar bu jarayonga biznesmenlar, tadbirkorlar aralashsa-chi? Axir hamma ham bu sohani birdek tushunmaydi. Birov tushunib: «Bu muallif o‘z gonorarini olyapti, yaratgan ixtirosiga haq olayapti, uning huquqi himoyalangan», – deydi. Ammo boshqalar: «Nega ixtirochi o‘zi kashf qilgan qurilmani o‘zi ishlab chiqarmayapti?» – deb o‘ylashi mumkin. Lekin ko‘p hollarda muhandisda imkoniyat yo‘q, sharoit cheklangan bo‘ladi. Eng yaxshi yo‘l, menimcha, muallifning o‘zi o‘z ishini boshidan oxirigacha olib borishi kerak.
Eng katta orzuim – o‘z ishlab chiqarish kompaniyamni, startapimni yaratish. O‘zim ishlab chiqqan qurilmalarni shu yerda ishlab chiqarishni xohlayman. Bungacha hali uzoq yo‘l bor...
Zarifa Tojiyeva suhbatlashdi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter