Muddatli to‘lov operatorlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi
Muddatli to‘lov xizmati operatorlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
«Aholiga muddatli to‘lov xizmatlari ko‘rsatilishini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi Prezident qarori (PQ–294-son, 14.08.2026 y.) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2027-yil 1-yanvardan muddatli to‘lov xizmati operatorlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxs (banklar va mikromoliya tashkilotlari bundan mustasno) muddatli to‘lov xizmati operatori deb e’tirof etiladi.
Yuridik shaxslarning muddatli to‘lov xizmatlarini ko‘rsatish faoliyatini amalga oshirish huquqi Markaziy bank tomonidan shakllantiriladigan Muddatli to‘lov xizmati operatori faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlar reyestriga kiritilgandan so‘ng vujudga keladi.
Yuridik shaxslar quyidagi tartibda Reyestrga kiritiladi:
- banklar, mikromoliya tashkilotlari Markaziy bankni xabardor qilish orqali;
- boshqa yuridik shaxslar Markaziy bankda hisob ro‘yxatidan o‘tish orqali.
Ko‘chmas mulk, shuningdek, qonunchilikka muvofiq muomaladan chiqarilgan yoki muomalada bo‘lishi cheklangan boshqa mulk muddatli to‘lov xizmati obyekti bo‘lishi mumkin emas.
Muddatli to‘lov xizmati operatoriga:
- moliyaviy iste’mol kreditlarini ajratish hamda jismoniy shaxslardan pul mablag‘larini jalb qilish taqiqlanadi;
- muddatli to‘lov xizmatlarini ko‘rsatish shartnomalari bo‘yicha talab qilish huquqidan faqat boshqa muddatli to‘lov xizmati operatori, mikromoliya tashkiloti va banklar foydasiga voz kechish huquqi beriladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter