Musht
Boks olamining so‘nmas yulduzlaridan biri, afsonaviy Mayk Taysonning bir suhbatidan shu qadar ta’sirlandimki... Faqat ta’sirlanish emas, inson o‘z hayotida duch keladigan turfa xil chorraha, turfa holatlarni o‘ylab, xayolim qochdi...
Taysonning jurnalist bilan suhbati binoyidek ketayotgan edi, ammo... kutilmaganda «temir musht» o‘rnidan sapchidi, suhbatdoshiga quturgan fildek tashlanishiga sal qoldi. Bunga jurnalistning: «Oxirgi jangingiz uchun 20 million dollar mablag‘ oldingiz, bu ko‘p emasmi?» degan savoli sabab bo‘ldi.
Tayson shaytonga hay berib, dilini jahli ustiga yopdi. Og‘ir o‘tgan bolaligi, och-yupun kunlari, tinimsiz mushtlashuv, omon qolish uchun o‘tkazgan tengsiz janglari, yutqiziqlar, ayovsiz kaltaklar, yuzidan ter kabi oqqan qon, zirqiragan suyaklari, adolatsizlik, irqiy kamsitishlar haqida gapirdi.
«Sen bilib qo‘yki, hayotning zalvorli mushti mening, sizlar «temir» deb ataydigan mushtimdan yuz, ming barobar ayovsiz, – dedi u suhbatdoshiga. – Xohlagan paytida ezib, yanchib, chilparchin qilib tashlaydi. O‘lasanmi, qolasanmi, kissangda puling qolganmi-yo‘qmi, ota-onangning ahvoli qanday – bu bilan ishi yo‘q. Nima ham qilardim, yashashim kerak. Hamma ko‘chaga kirib chiqdim, qamaldim, giyohvandlik balosidan qutulishga harakat qildim. Ammo menga... mushtimdan boshqa hech kim, hech narsa yordamga kelmadi. Sen qanchadan-qancha bokschilar mashq paytida yuragiga musht tushib, o‘sha zahoti olamdan o‘tgani, uyida bolalari zor qaqshab qolgani, onalarining oh-faryodini bilasanmi? Bilmaysan, shuning uchun ham shunday bema’ni savollar berasan. Yana shuni ham bilib qo‘yishing kerakki, bizning jang oldidan tuziladigan shartnomalarimizda, bordi-yu jang payti o‘lim holati yuz bersa, buning uchun kimdir javob berishi kerakligi to‘g‘risida biror bir yozuv bo‘lmaydi. Bokschi ko‘p holatlarda raqibi bilan emas, o‘lim bilan jang qiladi. Mana, mening senga javobim...»
Ahmadjon Meliboyev


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter