Mutaxassislar neft narxi 1 barrelga 15 dollarga qadar tushishi ehtimolini aytishdi

So‘nggi vaqtlarda neft narxining keskin tushib ketayotgani ko‘plab mutaxassislarni tashvishga qo‘ymoqda. Ba’zi xabarlarda aytilishicha, vaziyat shu tahlit davom etadigan bo‘lsa Brent tasnifidagi neftning bir barreli 20 dollarga qadar va undan ham pastga tushishi mumkin.
O‘z navbatida WTI tasnifidagi neftning narxi 15 dollar bo‘lib qolishi kutilmoqda. Neft narxining tushishi natijasida ko‘plab xaridor davlatlar o‘z neft saqlash ob’yektlarini to‘ldirib olmoqdalar.
Barcha neft saqlash inshootlari to‘lib-toshgandan so‘ng vaziyat qanday bo‘lishi tahlilchilarni eng ko‘p o‘ylantirayotgan masalalardan biri bo‘lib turibdi. Ko‘plab banklar mutaxassislari yaqin oylar davomida neft narxi tushishda davom etishini tahmin qilmoqda. Agar koronavirus tufayli iqtisodiy turg‘unlik davri davom etadigan bo‘lsa, barcha neft saqlash inshootlari to‘lib bo‘ladi va «qora oltin»ni saqlaydigan joyning o‘zi qolmaydi.
Eslatib o‘tamiz, neft narxlari OPEK+ tashkiloti a’zolari o‘zaro kelisha olmagandan so‘ng keskin tusha boshladi. Saudiya Arabistoni narxni ushlab turish uchun neft qazib olishni kamaytirishni taklif etgan edi, ammo Rossiya tomoni bunga qarshi chiqdi. Ularning nazdida, agar Rossiya kuniga 1,5 million barrel neft qazib olish bilan cheklanadigan bo‘lsa, bozorda bo‘sh qolgan joyni AQSh egallab olishi mumkin bo‘lardi. Shu bois Saudiya Arabistonining taklifi rad etildi.
Shundan so‘ng tomonlar OPEK+ kelishuviga zid o‘laroq neft qazib olishni ko‘paytirdi va bu holat narxga ta’sir o‘tkazdi. Eslatib o‘tamiz, neft narxi tushishi sababli Rossiya rubli ham keskin qadrsizlana boshladi va yil boshidan buyon dunyoning eng yomon valyutasi bo‘lib turibdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter