Myanmada odam savdosi qurboni bo‘lgan o‘zbekistonliklar qutqarildi

O‘zbekistonning Bangkok shahridagi Bosh konsulxonasi Myanmada odam savdosi qurboni bo‘lgan o‘zbekistonliklarni o‘z oilasi bag‘riga qaytishida amaliy yordam ko‘rsatdi, deya xabar berdi «Dunyo» AA.
Ma’lum bo‘lishicha, ikki nafar fuqaro Tailandga internet orqali yuqori maoshli ishga taklif qilingan. Biroq Tailandga yetib kelganidan so‘ng ular aldanib, noqonuniy ravishda Myanmaga olib ketilgan va u yerda odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruh qo‘liga topshirib, u yerda noqonuniy markazlarda ishlashga majbur qilingan. Noqonuniy harakatlarni amalga oshirishdan bosh tortgan fuqarolarga jismoniy zo‘ravonlik va tahdidlar qo‘llanilgan.
Shuningdek, Qirg‘izistonning 8 nafar, Qozog‘istonning 4 nafar fuqarosi ham Myanmada xuddi shunday vaziyatga tushib qolgan. Tailandda Qirg‘izistonning diplomatik vakolatxonasi yo‘qligi sababli Qirg‘iziston tomonining iltimosiga ko‘ra, O‘zbekiston va Qozog‘iston diplomatlari ushbu fuqarolarni o‘z vataniga qaytarishni tashkil etishda yordam ko‘rsatdi.
Myanma va Tailand vakolatli organlari bilan kelishib, aldanib qolgan fuqarolar Mayesot (Tailand) chegara o‘tish punktida ozod qilingan.
11-aprel kuni O‘zbekiston va Qozog‘istonning Tailanddagi diplomatik vakolatxonalari ko‘magida uchala mamlakat fuqarolari o‘z oilasi bag‘riga qaytarildi. Qirg‘izistonning bir fuqarosi sog‘lig‘i bilan bog‘liq holda tibbiy muassasada davolanish uchun vaqtincha Tailandda qolgan. Uning vataniga qaytishi davolanish kursi tugaganidan keyin tashkil etiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter