Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

G‘ayrat Yo‘ldosh

Beshikdan qabrgacha ilm izla!

Narx-navo nega oshmoqda?

Narx-navo nega oshmoqda?

Mamlakatimizda oxirgi bir yil ichida yoqilg‘i mahsulotlari, oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining narxi birmuncha oshdi. Ammo mustaqil O‘zbekiston tarixida bunday keskin narx oshishlari birinchi marta bo‘layotgani yo‘q.

Foto: Dallol.ru

Ko‘p qaytarilgan bo‘lsada, bu mavzuda yana yozayapman. Sababi..., sababi oxirgi paytlarda narxlarning oshishini ma’lum shaxslarga bog‘laydigan kishilar ko‘p uchrayotganidir. To‘g‘ri, kimdadir katta mas’uliyat yotadi, bir kishi o‘z qo‘l ostidagi iqtisodiy muhitni yaxshi yoki yomon qilib qo‘yishi mumkin, ammo baribir narx-navolarning oshishi va tushishi ko‘pincha shaxslarga bog‘liq bo‘lmaydi, balki ko‘p jihatdan pistachi xola aytganidek dollar kursining milliy valyutalarga nisbatan qiymatining oshib-tushishiga bog‘liq bo‘ladi.

Aslini olganda esa dollarning oshishi va tushishi iqtisodiyotga, iqtisodiy muhitga bog‘liq. Qisqasi hammasi zanjirday bog‘langanki, qo‘yida shularni sizga tushintirib berishga harakat qilaman.

1) Narxlarning oshishi avvalambor AQSh dollar oshishi ortidan kelib chiqadi.

Dunyodagi aksariyat mamlakatlardagi turli xil iste’mol tovarlarining narxlari o‘sha davlatdagi dollar narxiga bog‘liq. Shu jumladan bizda ham. Agar biron bir davlatda dollar narxi yillar davomida bir xil turaverar ekan o‘sha davlatdagi iste’mol tovarlarining narxi yillar davomida oshmaydi. Oshsa ham keskin oshmay arzimagan chaqa miqdorida oshadi. Masalan, uzoqqa bormaylik, yon qo‘shnimiz Qozog‘istonda qariyb 15 yil davomida, 2000-yildan 2014-yilning kuzigacha bir AQSh dollari 140-160 tenge atrofida tebranib turdi va ko‘pgina iste’mol tovarlarining narxi ham ana shu 15 yil mobaynida o‘zgarmadi. 2000-yillar boshida qo‘shni davlatga o‘tib bir joydan ikkinchi joyga taksida borib 500 tenge bergan bo‘lsam, oradan o‘n besh yil keyin borib ham o‘sha masofada taksida yurib 500 tenge berganman. Yoki 15 yil oldin nimadir bir narsani 1000 tengega xarid qilgan bo‘lsam, oradan 15 yil o‘tib o‘sha narsani yana 1000 tengega xarid qilganman va qo‘shnilarimizda uzoq yillardan beri narx o‘zgarmay kelayotganiga hayron qolganman. Xuddi shunday holat bizda ham 2010-2015-yillarda bo‘ldi. O‘shanda dollar kursi ozgina o‘zgarishlarni aytmasa 2500-2700 atrofida turgani uchun narx-navolar keskin o‘zgarishga uchramasdan bir xil turdi. Masalan, 2010-yilda 4500 - 5000 so‘m bo‘lgan 1 litr kungaboqar moyi 2015-yilning boshida ham 4500-5000 so‘m edi. O‘shanda bizda iste’mol tovarlarning narxi oshmadi, ammo xizmat ko‘rsatish sohasida narxlar biroz oshdi. Sababi davlat monopoliyasiga tegishli sohalarda tinmay narxlarni oshiraverishdi. Masalan, yoqilg‘ini oshirishdi, yoqilg‘iga qarab jamoat transportlari va xususiy taksilar narxlarni oshirishdi. Yoki kommunal to‘lovlar oshdi va hokazo.

Ammo 2014-2015-yilllarda Rossiya-Ukraina mojarosi ortidan Jahon hamjamiyati Rossiyaga iqtisodiy sanksiyalar kiritdi va o‘sha sanksiyalar tufayli avvaliga Rossiyada, keyinchalik Qozog‘istonda va MDHning boshqa davlatlarida dollar narxi keskin oshib ketdi. Buning oqibatida esa MDH da Rossiya va Qozog‘istondan boshlab hamma mamlakatlarda iste’mol tovarlari va xizmat ko‘rsatish narxlari milliy valyutalarda keskin oshib ketdi. Shu jumladan bizda ham. Shu o‘rinda Rossiya iqtisodiyotining mintaqa mamlakatlari iqtisodiyotiga ta’siri katta ekanligini va Rossiya iqtisodiyoti yuksalsa yoki zaiflashsa mintaqa davlatlari iqtisodiyotiga yaxshi yoki yomon ta’sir qilishini ham e’tirof etish kerak. Shundan xulosa chiqarib aytamizki nafaqat bizning va qo‘shnilarimizning balki dunyodagi aksar mamlakatlardagi narx-navolarning oshishi yoki tushishi bugungi kunda «dunyo valyutasi» rolini bajarayotgan AQSh dollarining narxiga bog‘liq. Agar dollar narxi oshsa narxlar oshadi, agar dollar narxi tushsa narxlar tushadi. Shu uchun xam dollar narxini bir zaylda ushlash har bir mamlakat iqtisodiyot, shu jumladan bizning iqtisodiyotimiz uchun xam, odamlarning yashash sharoitlari uchun ham juda muhimdir.

2) Tabiat hodisalari va tabiy ravishda narxlarning oshishi.

Iste’mol tovarlari va xizmat ko‘rsatish narxlarining oshishi yoki tushishi ham ayrim hollarda dollar narxining oshishi yoki tushishiga bog‘liq bo‘lmay tabiiy jarayonlar tufayli ham ro‘y beradi. Masalan, bunda ob-havo va tabiat hodisalarining turlicha yuz berishi ham narxlarning oshishi yoki tushishiga yaxshigina sabab bo‘ladi. Bunda tabiat hodisalarining iste’mol tovarlarining asosiy xom-ashyo bazasi bo‘lgan qishloq xo‘jaligiga ta’sirini inobatga olish lozim. Masalan, yomg‘ir va qorlarning har yilgidan kam yoki ko‘p yog‘ishi, to‘fon va dovullar kabi tabiat hodisalarining yuz berishi yoki bermasligi, toshqinlarning yuz bo‘lish-bo‘lmasligi bularning hammasi yig‘ilib qishloq xo‘jaligiga foyda keltiradi yoki aks ta’sir qiladi va buning oqibatida turli mintaqalarda yoki hatto Jahon bozorida turli mahsulotlarning narxlarini keskin oshib yoki tushib ketishiga sabab bo‘ladi. Masalan, yon qo‘shnilarimiz Qozog‘iston va Rossiya Jahon bozorida Kanada bilan birga bug‘doyni asosiy eksportchisi hisoblanishadi. Agar biron bir yil bu ikki davlatda kuz va bahorda yog‘ingarchilik kam bo‘lsa, buning natijasida bug‘doydan yetarlicha hosil olinmaydi va Jahon bozorida bug‘doy va unga bog‘liq mahsulotlarning narxlari keskin oshib ketadi. Yoki jahonda yetishtiriladigan guruchning salmoqli qismini beradigan Xitoyda turli tabiy omillar, toshqinlar yoki qurg‘oqchilik tufayli guruch hosili kam olinsa darrov Jahon bozorida guruchning narxi keskin oshadi. Yoki yana bir misol, ikki uch yildan beri mamlakatimizda bahorgi yog‘ingarchilik kam bo‘layapti va buning oqibatida yaylovlarda pichan kam bo‘layapti. Ana shu omil ham ta’sir qilib bizda go‘sht narxi bu yil sezilarli oshdi. Yoki bahorda yog‘ingarchiliklar kam bo‘lgan yillarda Qoraqalpog‘iston va Xorazmga Amudaryoning suvi kam boradi va buning oqibatida daryo o‘zani pasayib sholi kam ekiladi va o‘sha yili guruch qimmatlab ketadi. Bunday misollar judayam ko‘p.

Narxlarning oshishi yangilik emas

Mamlakatimizda oxirgi bir yil ichida yoqilg‘i mahsulotlari, oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining narxi birmuncha oshdi. Ammo mustaqil O‘zbekiston tarixida bunday keskin narx oshishlari birinchi marta bo‘layotgani yo‘q. 1994-yil avgust oyida milliy valyutamiz so‘m 1 AQSh dollariga 1-5 so‘mgacha teng qiymatda muomalaga chiqarilishi rejalashtirilgan va o‘shandan beri bizda so‘mimiz tinmay qadrsizlanayapti va uning ortidan iste’mol tovarlarning narxi ko‘tarilib kelayapti.

Bunday keskin ko‘tarilish ilk bor 1996-yilning oktyabr-noyabr oylarida sodir bo‘lgandi. O‘shanda qora bozorda 1 AQSh dollari 50-55 so‘m bo‘lib turgan holda uch kun ichida dollar kursi 1 dollar 150 so‘mga qadar ko‘tarilib ketdi va qisqa muddatda iste’mol tovarlarining narxi ham keskin oshib ketgandi.

Ikkinchi marta narxlarning bunday keskin ko‘tarilishi 1998-yilning kuzida kuzatilgan edi va qora bozorda 170-180 so‘m bo‘lib turgan 1 AQSh dollari qisqa muddatlarda 500 so‘mgacha ko‘tarilib borgan edi. O‘shanda xam iste’mol tovarlarning narxi dollarning qimmatlashuviga qarab tezda ortib ketgandi.

Uchinchi bor bunday keskin ko‘tarilish 2001-yilning oktyabr-noyabr oylarida kuzatildi. O‘shanda qora bozorda 1 AQSh dollarining qiymati 800-900 so‘mga teng bo‘lgan holda qisqa kunlarda 1600-1650 so‘mga ko‘tarilib ketgan va bu ko‘tarilish xam narxlarning ancha oshishiga to‘g‘ri kelgandi. Oxirgi keskin ko‘tarilish 2015-yilda bo‘lib o‘tdi va 2700-2800 bo‘lib turgan 1 AQSh dollari bir necha oyda 5500-6000 so‘mga chiqib ketdi va iste’mol tovarlarning narxlarini oshishiga sabab bo‘ldi.

Shunday ekan, narxlarning bunday keskin oshishini ma’lum shaxslarga nisbat berish bu umuman noto‘g‘ri bo‘lgan tushunchadir. To‘g‘ri, iqtisodiyotimiz boshqaruvida ma’lum shaxslar ishtirok etadilar, ammo bu hammasiga ular aybdor degani emas.

Umumiy xulosa shuki, har qanday mamlakatda narx-navo oshishiga yo‘l qo‘ymaslikning eng samarali chorasi bu dollar narxining milliy valyutaga bo‘lgan qiymatini qimmatlashuviga yo‘l qo‘ymaslikdir. Bunda choralar majburiy tarzda qo‘llanilmaydi, balki iqtisodiyotni rivojlantirish, erkinlashtirish, eksportchilarni ko‘proq-quvvatlash bilan qilinadi.

E’tibor bersangiz hukumatimiz hozir ayni shu yo‘ldan ketmoqda va bu yo‘lda to‘siq bo‘lib turgan juda ko‘p cheklovlar olib tashlandi. Umid qilamiz, hozir amalga oshirilayotgan islohotlar yaqin yillarda o‘z mevasini berishni boshlaydi.

Bozorni majburan arzonlashtirish chora-tadbirlari esa o‘zini umuman oqlamaydi. Masalan, ko‘pgina bozorlarda «arzonlashtirilgan mahsulotlar» deb yarmarkalar tashkillashtiriladi. Ammo o‘sha arzonlashtiiilgan mahsulotlarning aksariyati narxi arzon bo‘lgani bilan sifati judayam past bo‘ladi. Chunki kim ham yaxshi narsani zarariga sotishni xohlaydi?

Shunday ekan, iqtisodiyotni erkinlashtirib hammani «erkin bozor» sharoitida raqobat bilan ishlashiga sharoit yaratib beraverish kerak. Narxlarning keskin oshishiga kelsak, bu tinimsiz davom etadigan jarayon emas. Shunday ekan, ertangi kunimizga umid bilan qarayverishimiz kerak. Xudo xohlasa, yaxshi kunlarimiz hali oldinda.


R.S. Albatta yuqorida bildirgan fikrlarimda xato mulohazalar bo‘lishi mumkin. Agar sizlarda bundan jo‘yaliroq fikrlar bo‘lsa, marhamat, birgalashib o‘rganamiz.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring