Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Navoiy shahrida (!) soatlab chiroq o‘chmoqda. Aholi bu holatga rasmiy izoh berilmayotganidan tashvishda

Navoiy shahrida (!) soatlab chiroq o‘chmoqda. Aholi bu holatga rasmiy izoh berilmayotganidan tashvishda

Foto: «sensorika.uz»

So‘nggi kunlarda «Xabar.uz» axborot-tahliliy portaliga Navoiy shahridan murojaatlar kelib tushmoqda. Ularning e’tirozi deyarli bir xil: shaharda elektr energiyasi tarmog‘ida tinimsiz uzilishlar sodir bo‘lmoqda.

«Mana bugun ham Navoiyda chiroq o‘chdi, alam qiladigani qachon o‘chishini (aniqrog‘i, o‘chirilishini) bilmaysan, ko‘z nuringni to‘kib yozganlaring (kompyuterda deyilmoqchi — tahr.), mehnating bir pul bo‘ladi, kuyib ketadi... Bunday holat ikki haftadan beri kuzatilmoqda, ba’zi kunlari 5-6 soatlab elektr toki bo‘lmaydi. O‘zimcha bir so‘rab bilaychi deb (jonga tegdida to‘g‘risi), shaharni elektr energiyasi bilan ta’minlashga mas’ul Navoiy viloyat elektr tarmoqlari korxonasi dispetcherlik xizmati bo‘limi boshlig‘i bilan bog‘landim. «Sabab nimada?» deb so‘rasam, bo‘lim boshlig‘i: «Bizda ayb yo‘q aka, Toshkent markaziy dispetcherlik xizmatidan shunday buyruq bo‘ladi, yoqilg‘i, gaz yo‘q. Navoiy issiqlik elektr stansiyasi gaz bilan ishlaydi, tushuning» deydi. Tashkilotlar, idoralar, korxonalar elektr bilan ishlaydi, uzilishi sabab, belgilangan ishlar vaqtida bajarilmayapti, kechasi bilan ishlashga to‘g‘ri kelyapti, charchadik. Endi tasavvur qiling, kasalxonalarda ham shunday holat, ularda mustaqil elektr generatorlari yo‘q hisobi, agar biror kishi reanimatsiyaga tushganida chiroq o‘chib qolsa bormi, Alloh asrasin...», deb yozadi murojaatchilardan biri.

Yana bir murojaatda aytilishicha, elektr tarmog‘idagi davomiy uzilishlar sovuq suv, issiq suv ta’minotida ham muammolarni yuzaga keltirmoqda. Navoiy shahridagi tashkilotlar, idoralarda ish tartibi va unumdorligi buzilgan. Va bu holatga mutasaddi idoralardan na biror izoh berilmoqda, na aholi oldindan ogohlantirilmoqda.

Vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Navoiy viloyat elektr tarmoqlari korxonasi dispetcherlik xizmatiniki deb berilgan telefon raqami bilan boshlanishga urindik, ammo urinishimiz besamar ketdi.

«Xabar.uz» mutasaddilardan izoh kutib qoladi va albatta bu mavzuga yana qaytadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring