Navoiy viloyatida kredit mablag‘larini talon-toroj qilgan shaxs aniqlandi

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Navoiy viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda o‘zining rahbarligi va ta’sischiligi ostida 5 ta MChJni tashkil qilib kredit mablag‘larini talon-toroj qilgan shaxs aniqlandi.
Fuqaro J.M. bank mansabdor shaxslari bilan oldindan til biriktirib, mol-mulklarni sun’iy oshirilgan narxda garovga qo‘yib, AT «Xalq bank» Navoiy shahar filialidan 2 ta holatda 2,9 mlrd so‘m, ATB «Mikrokreditbank» Karmana tuman filialidan jami 3,4 mlrd so‘m kredit mablag‘ini ajratilishiga erishib, shundan 2,4 mlrd so‘mini o‘zi rahbarligidagi MChJlar orqali bank kassalaridan naqd pul shaklida va korporativ kartaga tushirib olib, o‘zining shaxsiy manfaatlari yo‘lida sarflab talon-toroj qilganligi ma’lum bo‘lgan.
Shuningdek, J.M. faoliyati davomida jami 668 mln so‘mga savdo majmuasi hamda «Lacetti», «Damas» rusumli avtotransport vositalarini xarid qilib, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarini legallashtirgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (talon-toroj qilish), 207-moddasi (mansabga sovuqqonlik bilan qarash) va 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter