«Navoiydan San-Fransiskoga...» – sun’iy intellekt bilan shug‘ullanayotgan o‘zbekistonlik hikoyasi

Bugungi kunda O‘zbekiston tashqarisida yashayotgan o‘zbeklar soni turli manbalarga ko‘ra, 5-7 millionni tashkil qiladi. Ular Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Eron, Turkiya, Janubiy Koreya va shu kabi boshqa ko‘plab davlatlarda yashaydi. Amerika Qo‘shma Shtatlarida ham so‘nggi yillarda o‘zbeklar soni sezilarli darajada ortib, hozirda taxminan 100 mingga yaqin vatandoshlarimiz bu davlatda istiqomat qilib kelishmoqda. O‘zbek diasporasi AQShda nafaqat iqtisodiy, balki ilmiy va madaniy jihatdan ham o‘z o‘rnini topib bormoqda. Ular orasida talabalar, olimlar, shifokorlar, huquqshunoslar, IT mutaxassislari, tadbirkorlar va boshqa turli soha vakillari bor.
Shunday yurtdoshlarimizdan biri – Nasim Nosirovdir. U Navoiy shahrida tug‘ilib, hozirda AQShning San-Fransisko shahrida o‘z ish faoliyatini olib bormoqda. «Xabar.uz» muxbiri bilan suhbatda u AQShdagi hayoti, ta’lim yo‘li va Silikon vodiysidagi ish tajribasi haqida so‘zlab berdi.
Ta’lim va ilk qadamlar
Nasim maktab ta’limini bir nechta mahalliy o‘quv muassasalarida olgan. 2014–2017 yillarda Navoiy davlat pedagogika instituti qoshidagi akademik litseyda o‘qigan. 2017-yili u Respublika fan olimpidasida faxrli birinchi o‘rinni egallab, bakalavr ta’limini Toshkent davlat yuridik universitetida davom ettirgan. Huquqshunoslik yo‘nalishida o‘qishiga qaramay, kompyuter va axborot texnologiyalariga yoshligidan qiziqqani bois texnologiya va huquq sohasi tutashgan – LegalTech, Lawtech yo‘nalishiga e’tibor qaratgan. Bu sohasidagi so‘nggi o‘zgarishlar va yangiliklarni doimiy kuzatib borgan. U o‘qish davrida do‘stlari bilan birgalikda bir nechta LegalTech loyihalarini amalga oshiradi va raqamlashtirish, sun’iy intellektni huquqshunoslik sohasiga tatbiq etish imkoniyatlari haqida bir qator maqolalar yozadi. O‘zbekistonda ilk bor tashkil etilgan «LegalTech Lab»ga birinchilardan bo‘lib a’zo bo‘ladi va uning faoliyatida yaqindan ishtirok etib keladi. Shuningdek, Nasim bir qancha davlat tashkilotlarida ham tajriba orttirishga ulgurgan. Ushbu tajribalar unga texnologiyalar bilan ishlash, yuridik amaliyotlarni avtomatlashtirish va innovatsion yechimlarni joriy etish borasida keyingi ishlariga turtki bo‘ldi. 2022-yilda «El-yurt umidi» jamg‘armasining stipendianti deb topildi. Garchi u tanlov g‘oliblaridan biri sifatida e’tirof etilgan bo‘lsada, mukofotni qabul qilmaslikka va chet elda o‘qib, o‘z malakasini oshirishga qaror qiladi.
AQSh sahifasi
2022-yil kuzida Nasim magistratura darajasini olish maqsadida AQShga yo‘l oldi. U o‘ndan ortiq universitetlarga qabul qilingan bo‘lsada, Illinoys universitetida o‘qishni tanlaydi. Uning bu universitetni tanlashida ham ramziy ma’no bor edi.
– Avvalo, mazkur ta’lim muassasasi texnologik paradigmalarni tubdan o‘zgartiradigan innovatorlarni yetishtirib chiqargan markaz ekanligi meni ajablantirgan, – deydi u. – O‘zining Mozaik va Netscape loyihalari orqali biz bilgan internetni shakllantirgan shaxslardan biri – Mark Andresson shu universitet bitiruvchisi bo‘lgan. YouTube, PayPal, Yelp, Mozilla, AMD, Tesla va Orakl kabi ilg‘or texnologik kompaniyalar asoschilari ham Illinoys universitetida o‘qigan. Shu va boshqa omillar mazkur qarorga kelishimga turtki bo‘ldi. Shuningdek, universitetdan deyarli barcha ta’lim xarajatlarimni qoplaydigan grantni qo‘lga kiritishim Illinoysni tanlashimga sabab bo‘ldi.
Chet eldagi hayot va ta’lim qanday kechdi?
– Birinchi bo‘lib Nyu-York shahriga kelib tushganman. U yerda do‘stlarim yashar edi. Oz muddat Nyu-Yorkda turib, turli diqqatga sazovor joylarni ko‘rish, AQShdagi yurtdoshlarimiz bilan tanishish imkoni bo‘ldi. Nyu-Yorkda bo‘lganimda moslashuv jarayoni juda oson kechgan. To‘g‘rirog‘i, boshqa davlatda, boshqa madaniyat ta’sirida yurganimni deyarli his qilmaganman. Universitetim Illinoys shtatidagi Urbana-Shampayn nomli kichik shaharchada joylashganligi bois u yerga ketishimga to‘g‘ri keldi. Haqiqiy «cultural shock» o‘sha yerda bo‘lgan. Avvalo, shaharcha tub aholisi asosan amerikaliklardan iborat bo‘lib, bizning mintaqadan kelgan insonlarni topish amri mahol edi. Bu yerning iqlimi va havosi ham O‘zbekistonga nisbatan ozgina sovuqroq bo‘lib, qish mavsumida harorat -25, -30 darajagacha tushib ketardi. Bir oz vaqt o‘tib, u yerda Ikromjon To‘xtasinov ismli inson bilan tanishdim – u Illinoys universitetida siyosatshunoslik yo‘nalishi bo‘yicha doktoranturada o‘qirdi. Ikromjon aka universitetdagi ta’lim jarayonimda va talabalik hayotimda ko‘p yordam bergan va o‘z tajribasidan maslahatlarni ayamagan. Shu bilan o‘qish davrida ko‘plab do‘stlar orttirdim. Iqlimga ham moslashib ketdim.
Illinoysda nafaqat biznes menejmenti va huquqiy masalalar bo‘yicha tajribamni kuchaytirdim, balki texnik bilimlarni ham chuqur o‘rganishga harakat qildim. U yerda texnologiya huquqi bo‘yicha huquq magistri (LL.M.) bilan bir qatorda Gies biznes maktabida biznes analitikasi va menejment bo‘yicha ikkinchi magistrlik darajasida o‘qidim. Aynan shu davrda sun’iy intellekt sohasiga qiziqishim yanada ortdi va bir nechta startaplarga qo‘shilib tajriba orttirdim. Biznes maktabdaligimda Luminous AI startapida ishlash imkoniga ega bo‘ldim. Bu loyiha sun’iy intellektga asoslanib, ko‘z kasalliklari (masalan, diabetik retinopatiya, glaukoma)ni erta aniqlash ustida ishlayotgan edi. Jamoa kichik bo‘lsada, sohada yuqori natijalarga erishib kelayotgandi va tajriba orttirish uchun juda yaxshi loyiha edi. Luminous’da mavjud sun’iy intellekt dasturi bilan bir qatorda ixcham tibbiy diagnostika qurilmasi prototipini ham ishlab chiqdik. Uni bir nechta klinkada sinovdan o‘tkazishga ham muvaffaq bo‘ldik. Shuningdek, har yili o‘tkaziladigan «Cozad New Venture Challenge» tanlovida ishtirok etib, AWARE mukofoti hamda «Commitment to Entrepreneurship» mukofotiga ham sazovor bo‘ldik.
Startaplardagi faoliyat
Magistraturadan keyin Kaliforniyaning San-Fransisko shahriga ko‘chib o‘tib, bir nechta startaplarda tajriba orttirdim. Ulardan biri hamyurtimiz, muvaffaqiyatli tadbirkor Akmal Payziyev asos solgan Numeo AI startapi edi. Do‘stim bilan bo‘lgan suhbatlarning birida u Akmal Payziyev Numeo AI loyihasini boshlagani, kuchli jamoa shakllantiryotgani haqida aytib qoldi. Bu startap kompaniya sun’iy intellekt orqali AQShdagi eng yirik sohalardan biri – logistika sohasida samaradorlikni oshirish ustida ishlayotgandi. Sun’iy intellektga kuchli qiziqishim tufayli ushbu jamoaga qo‘shilishga qaror qildim. Dastlab, Numeo AI kompaniyasida mijozlar bilan aloqalar, hamkorlik aloqalariga mas’ul bo‘lgan bo‘lsam, keyinchalik umumiy o‘sish, marketing strategiyasini yaratish va savdo ko‘rsatkichlarini oshirish bo‘yicha mas’uliyat zimmamga tushdi. Shuningdek, ish faoliyatim davomida qanday qilib mijozlar muammolarini aniqlash va unga yechim taklif qilish, biznesda prioritetlarni to‘g‘ri qo‘yish, investorlar va venchur kapital firmalari bilan qanday qilib aloqalar olib borish kabi ko‘plab bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ldim. Bu borada Numeo AI kompaniyasi yaxshi maktab bo‘lib xizmat qildi.
O‘rganilgan xulosalar
Stiv Jobsning mashhur gapi bor: «Odamlar yechimni ko‘rmagunicha o‘zi nima xohlashini bilishmaydi». Biroq ko‘plar bu jumlani mijoz bilan gaplashish shart emas, ular muammo haqida hech narsani tushunishmaydi deya noto‘g‘ri talqin qiladi. Aslida Stiv Jobs bu gapida muammoni emas, balki yechimni nazarda tutgan. Ya’ni mijozlar bilan muammo haqida gaplashish lozim, yechim to‘g‘risida emas. Turli startaplarda ishlash davomida shuni tushundimki, mijoz yoki potensial mijozlar bilan doimo muloqotda bo‘lish, ko‘proq ularni eshitish mahsulot yaratishdagi eng muhim bosqichdir. Bu kabi muloqotlar jarayoni (customer discovery) mijozning og‘riqli nuqtalarini aniqlash va unga mos yechimlar berish uchun juda zarur hisoblanadi. Ask holda, siz hech kimga kerak bo‘lmagan mahsulot yaratib qo‘yishingiz mumkin.
Startaplarda o‘rgangan yana bir muhim xulosam bu – tezlik. Muvafaqqiyatga erishishni maqsad qilgan har qanday startap dastlabki minimum mahsulotni (MVP – minimum viable product) tez qura olishi, ishga olish tezligi, qarorlar qabul qilish tezligi va uni tez ijro eta olishi juda zarur. Ayni paytda yirik korporatsiyalar va startap kompaniyalarning asosiy farqi ham shunda. Korporatsiyalardagi mavjud qaror qabul qilish tizimi va byurokratiya – innovatiyalar yaratilishini sekinlashtiradi. Shuningdek, jamoaning o‘zaro aloqalaridagi tezlik ham muvaffaqiyatning hal qiluvchi omillaridan biri.
Yana bir xulosam – startapning dastlabki kunlaridan uni sotib boshlashdir. Bu ko‘proq axborot texnologiyalari va dasturiy ta’minot bilan bog‘liq startaplarga tegishli bo‘lib, hatto mahsulot yaratilmasdan turib, uni sotishni boshlash kerak. Agar sotish ortga surilib, avval mukammal mahsulot yaratishga qaror qilinsa, ko‘p hollarda startap muvaffaqiyatsizlikka uchraydi. Shu sabab, mijozlar uchun kichik bo‘lsada og‘riqli nuqtani (pain point) topish va unga yechimni sotish – startapdagi eng birinchi vazifalardan biridir. Kimdir sizning mahsulotingiz uchun pul to‘lashga tayyormi, demak bu loyiha vaqt sarflashingizga arziydi.
Keyingi rejalar
Startaplarda ishlash davomida to‘plagan bilim va tajribalarim bilan yangi loyihalar boshlaganman. Keyingi rejalarda ushbu loyihalarni yanada rivojlantirish maqsadidaman. O‘zim ko‘proq elektron va mexanik qurilmalar bilan ishlashga qiziqishim tufayli loyihalarimiz ham shu yo‘nalishda. Hozirda sun’iy intellekt asosida ishlovchi qurilmalar (wearables) ishlab chiqishga ixtisoslashgan «be.ai» loyihamiz mavjud. Sun’iy intellekt sohadasida innovatsiyalar asosan dasturiy ta’minot (software) yo‘nalishida amalga oshirilib, ushbu tizim ustiga quriladigan robototexnika, SIdan unumli foydalanish qurilmalari va boshqa interfeysilarga (hardware) yetarlicha e’tibor qaratilmayapti. Shuni hisobga olib, bu kabi jihozlarni ishlab chiqish bo‘yicha yangicha qurilmalar ustida ish olib boryapmiz. Ayni paytda bu loyiha R&D bosqichida bo‘lib, AQSh Patent va Savdo belgisi agentligi (USPTO)ga 3 ta patentimiz uchun arizalar kiritilgan va yaqin orada to‘liq tasdiqlanishini kutyapmiz.
Ikkinchi loyihamiz «Fraganus» – tijoriy maqsadda uchiriladigan dronlar uchun batareyalar, energiya ta’minot tizimlarini (BMS) yaratishga asoslangan. Asosan AQShdagi dronlar va uchuvchisiz havo vositalari (UAV – Unmanned Aerial Vehicle) ishlab chiqaruvchilari bilan ishlaymiz. Ofisimiz San Mateo shahrida joylashgan. Ushbu loyihamiz ham erta bosqichdagi startap bo‘lib, yaqin kelajakda faoliyatimizni yanada kengaytirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri dron va uchuvchisiz havo vositalarini ham ishlab chiqarish niyatidamiz.
Elbek Boymuradov suhbatlashdi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter