Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Nega Germaniya kompaniyalari O‘zbekistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoyalarni ko‘paytirmayapti?

Nega Germaniya kompaniyalari O‘zbekistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoyalarni ko‘paytirmayapti?

Zyoren Krol, Germaniyaning LAUREA GERMANIA kompaniyasi boshqaruvchisi

2016-yilda biz O‘zbekistondagi faoliyatimizni boshlashga qaror qildik va vakolatxonani akkreditatsiyadan o‘tkazdik. Ko‘pincha munozaralarda Germaniya tadbirkorlari nega O‘zbekistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoya kiritishni ko‘paytirmayotgani haqida hatto o‘zimizga savol beramiz. Buning sabablari nimada?

Daniya va Germaniyada faoliyat olib borish jarayonida men O‘zbekiston bilan alohida aloqalarga ega emas edim. Ba’zi bir nemislarning sobiq sovet respublikalariga nisbatan shakllangan shubha-gumonlariga qaysidir darajada men ham qo‘shilardim.

Ko‘p yillar oldin men Bremenda «nemis rusi» yoki «rus nemisi» janob Farid Raviliyevich Zokirov bilan uchrashdim. U talaba sifatida mening yuridik kurslarimda o‘qirdi. Keyinchalik LAUREA GERMANIA asoschisi sifatida Farid meni O‘zbekistonga chaqirdi va LAUREA GERMANIA boshqaruvchisi bo‘lishga taklif qildi. O‘zbekiston mehmondo‘stligi va go‘zalligi bilan chuqur taassurot qoldirdi, men bu yurt va uning odamlarini yoqtirib qoldim.

O‘zbekistonga kelgach, bu yerdagi vakolatxonani akkreditatsiyadan o‘tkazish va janob Akrom Haydarovni vakolatxonamiz rahbari etib tayinlash taklifini bildirdim. Qaror juda tez qabul qilindi va men katta ishtiyoq bilan mamlakatingizda faoliyat olib borishga kirishdim.

Hozirgi kunda O‘zbekistonda qariyb 160 ta Germaniya kompaniyalari faoliyat ko‘rsatmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 9000 ga yaqin xorijiy kompaniyalarning vakolatxonasi mavjud (manba: OWC Foreign Trade, 2019-yil, avgust). Germaniyaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalari 2016-yilda 104 million yevroni, 2017-yilda esa atigi 50 million yevroni tashkil etdi (manba: GTAI, 2019-yil, noyabr). Bu Xitoy, Rossiya, Turkiya, Qozog‘iston va boshqa davlatlarga taqqoslaganda sezilarli darajada past ko‘rsatkich. Biroq, O‘zbekiston sarmoya kiritiladigan mamlakat sifatida juda katta salohiyatga ega, ushbu raqamlar buni isbotlaydi: 2019-yilda iqtisodiy o‘sish 5 foizdan oshdi. 2018-yilning fevral oyida Yevropa assotsiatsiyasi Sharqiy qo‘mitasining Germaniya biznesi va Olma-Otadagi Xorij savdo palatasi tomonidan o‘tkazilgan so‘rov shuni ko‘rsatadiki, mintaqada faoliyat olib borayotgan barcha kompaniyalarning 66 foizi biznes rivojlanishini ijobiy baholaydilar.

Ushbu qarash xalqaro baholarga ham mos keladi. Jahon bankining 2019-yilgi «biznesni yuritish» hisobotida O‘zbekiston (190 mamlakat ichida) 69-o‘ringa ko‘tarildi. 2015-yilda O‘zbekiston 141-o‘rinda edi. Yaqinda «Ekonomist» jurnali O‘zbekistonni «Yil mamlakatii» sifatida e’tirof etdi. Jurnal prezident Shavkat Mirziyoyevning 2016 yil dekabr oyida lavozimga saylanganidan beri amalga oshirgan islohotlarni yuqori baholagan. Bularning barchasi nemis ishbilarmonlari qulog‘iga yoqadigan musiqa kabi eshitilishi kerak. Xo‘sh, nega unda germaniyalik ishbilarmonlar O‘zbekistonga ko‘proq ahamiyat bermayaptilar?
Keyinchalik so‘rovlarda tasdiqlangan fikrlarga ko‘ra, quyidagi holatlar mavjud: inflyasiya, byurokratik to‘siqlar va loyihalarni moliyalashtirishdagi qiyinchiliklar. Afsuski, anketalarda «mamlakat va millat to‘g‘risida yetarli ma’lumot yo‘q» yoki «sobiq sovet respublikalaridan umumiy shubhalanish» kabi savollar yo‘q. Shunga qaramay, Germaniyadagi potensial sarmoyadorlar bilan ko‘plab suhbatlarim shuni ko‘rsatadiki, mamlakatni umuman bilmaslik yoki umumiy «skeptitsizm» har qanday iqtisodiy to‘siqlar bilan bir xil rol o‘ynaydi.

Va aksincha, bu ko‘pgina o‘zbekistonlik do‘stlarim va sheriklarimni xavotirga solmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2016 yil oxirida boshlangan islohotlar («2017–2021 yillarda mamlakatni rivojlantirish strategiyasi») to‘g‘ri yo‘nalishda bormoqda. «Ekonomist» jurnalida aytib o‘tilgan holatlardan tashqari quyidagilarni ham ta’kidlash kerak: valyuta bozorini liberallashtirish, statistika va iqtisodiy ma’lumotlar sohasidagi islohotlar. Shuningdek, viza talablarini bekor qilish va infratuzilmani takomillashtirish haqida ham unutmaslik lozim. Bu turizmning o‘sishiga olib keldi. Faqatgina 2017 yildan 2018 yilgacha turistlar soni ikki baravar ko‘payib, mamlakat 3 milliondan 6 milliongacha sayyohni qabul qildi.

Turizmning investitsiyalarga bilvosita ta’siri borligini e’tibordan chetda qoldirmaslik lozim. Jarayonning boshida mening holatim shunday edi: ilk safarimdanoq mamlakatga va uning odamlariga mehrim ortdi va o‘zbekistonlik sheriklarim hamda do‘stlarim bilan birgalikda faol harakat qilishga qaror qildim.
Mamlakatda iqtisodiy, siyosiy islohotlar jarayonida kelajakda O‘zbekistonga sarmoya kiritilishini oshirish uchun yevropalik va nemis tadbirkorlari orasida mavjud «mavhumlik» va «skeptik» omillarni kamaytirish muhim. Buning uchun «oddiy inson diplomatiyasi» talab qilinadi.

Masalan, madaniy va ma’rifiy aloqalar maktablar va universitetlar darajasida yanada kengaytirilishi kerak. Va nihoyat, turizmni rivojlantirish va uning ko‘rsatkichlarini oshirish lozim.

Do‘stlarimiz va sheriklarimiz orasida 2019-yilning ikkinchi yarmida uchta Germaniya firmasi O‘zbekistonda ish boshladi. Bundan tashqari, ikkitasi allaqachon bu yerda kompaniya tashkil etishgan, uchinchisi esa hozirda kichik korxona ochishga tayyorgarlik ko‘rishmoqda. Ishonamanki, Germaniya va Yevropaning u yoki bu mamlakati investorlari xalqingizga va O‘zbekistonga mehr qo‘yadi hamda odamlarning mehmondo‘stligi va ishbilarmonlik qobiliyatini hisobga olib, bu yerga sarmoya kiritishda avvalgi shubhalarini yo‘qotishadi. Biz Daniya, Germaniya va umuman Yevropa Ittifoqida ishlash orqali bunga o‘z hissamizni qo‘shamiz deb va’da beramiz.

Zyoren Krol,
Germaniyaning LAUREA GERMANIA kompaniyasi boshqaruvchisi, Gamburg

Instagram:

@laureagermanialtd

@sorencroll

@faridzakirov

@akhaydarov

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring