Netanyahuni o‘z qo‘l ostidagi vaziri safsatabozlikda aybladi
Isroil mudofaa vaziri Yoav Gallant bosh vazir Binyamin Netanyahuning HAMAS ustidan to‘laqonli g‘alaba qozonilgani haqidagi bayonotini safsata deb atadi. Gallant bu haqda Isroil parlamentining (Knesset) tashqi aloqalar va mudofaa qo‘mitasidagi maxfiy uchrashuvda gapirgan.
Deputatlardan biri Isroil armiyasi nega Livanga qarshi keng ko‘lamli urush ochmayotgani haqida savol bergan.
«(HAMAS) ustidan uzil-kesil g‘alaba qozonilgani haqida lof urayotgan va boshqa safsatalarni gapirib yurgan «qahramon»larni ko‘ryapmiz. Ular muhokama payti jasoratlarini namoyish qiladilar, xolos», – degan Yoav Gallant bunga javoban.
Unga ko‘ra, jamoatchilik qarshisida harbiylarni qo‘rqoqlikda ayblaydigan bosh vazir hukumatning yopiq majlislarida ancha yuvosh tortib qoladi.
Livanga qarshi urush ochish uchun vaziyat noqulay ekanini aytgan vazir mamlakat siyosiy rahbariyatidan garovdagilarni ozod qilish uchun sharoit yaratishni talab qilgan.
2023 yil 7 oktyabrda HAMAS harakati hujumiga javoban G‘azo sektoriga qo‘shin kiritgan Isroil ma’muriyati o‘z xalqi va ittifoqchilarini HAMAS ustidan to‘laqonli g‘alaba qozonilishiga ishontirib keladi. Xususan, Netanyahu HAMASning xotimasi yaqinligi haqida ko‘p bora bayonotlar bergan. Ammo tahlillar bu da’vo haqiqatdan yiroq ekanini ko‘rsatgan.
So‘nggi xabarlarga qaraganda, Isroil harbiylari orasida G‘azodagi urushni davom ettirishga qarshilar ko‘paymoqda.
«The New York Times» gazetasi joriy yil iyul oyida Isroil harbiy qo‘mondonligi o‘q-dori yetishmasligi, askarlarning charchagani sabab HAMAS harakati bilan sulh tuzish niyatida ekani haqida yozgan edi. Isroil harbiylari G‘azoda HAMASning kuchi saqlanib qolishiga rozi, ammo ular istalgan vaqt Falastin harakati bilan urushga kirish imkoniyatidan foydalanish istagida.
Netanyahu esa HAMAS bilan sulh tashabbusiga qarshi chiqmoqda. «The New York Times»ga ko‘ra, Netanyahu avval-boshda e’lon qilganidek, HAMAS ustidan to‘laqonli g‘alabaga erishmasa, uning koalitsiyasi parchalanishi va o‘zi ham hukumat rahbarligidan ketishi aniq. Tahlilchilar Isroil bosh vaziri o‘z siyosiy karerasini saqlab qolish uchun ham G‘azo sektorida sulhga bormasligini aytmoqda.
Bundan avvalroq Isroil armiyasi rasmiy vakili Daniel Xagari HAMAS harakati bu mafkura ekani, uni yo‘q qilishga urinishlar samarasiz yakunlanishi haqida bayonot berib, Netanyahuning rasmiy pozitsiyasini shubha ostiga olgan edi.
G‘azo sektorida 2023 yil 7 oktyabrdan buyon davom etayotgan urushda 40 mingdan ziyod falastinlik (hudud aholisining 1,8 foizi) halok bo‘ldi. Dahshatli qirg‘in oqibatida 21 mingga yaqin falastinlik bolalar dom-daraksiz yo‘qoldi.
Xalqaro tashkilotlar misli ko‘rilmagan insoniy talafotlar ko‘rgan G‘azo sektorida zudlik bilan otashkesim o‘rnatilishi kerakligini talab qilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yil 20 may kuni Haagadagi Xalqaro jinoiy sud prokurori Karim Xon Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va mudofaa vaziri Yoav Galantni hibsga olish yuzasidan so‘rov bergan edi. Hujjatda qayd etilishicha, har ikki shaxsni Falastin hududida 2023 yil oktyabr oyidan buyon sodir etilgan urush jinoyatlari va insoniyatga qarshi jinoyatlar uchun javobgar deb hisoblash uchun yetarli asoslar bor.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter