Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xushnudbek Xudoyberdiyev

Faqat haqiqatni, barcha haqiqatni, haqiqatdan o‘zga hech narsani…

«NG» harf birikmasining alifbodan chiqarilishi bo‘yicha

«NG» harf birikmasining alifbodan chiqarilishi bo‘yicha

Ijtimoiy tarmoqlarda «endi «bodring», «mening», «boring», «keling» so‘zlarni qanaqa yozamiz?» deya berilayotgan savollardan bilish mumkinki, o‘zgarishlar biroz noto‘g‘ri talqin qilinmoqda.

«NG» harfi bilan yozuvda hech narsa o‘zgarmaydi, bodring – bodring, mening – mening, boring – boring, keling - keling yozilaveradi. Ya’ni «ng» degan tovush bekor qilinmayapti, uni talaffuzda ishlataveramiz, shunchaki alifbodan alohida 2 ta harfdan tashkil topgan «ng» harf birikmasi chiqarib tashlanyapti va bu to‘g‘ri qaror.

Misol uchun, ingliz alifbosida «sh» degan harf yo‘q, lekin «sh» tovushi bor. Ya’ni s+h harflari yonma-yon kelsa, ular «sh» deb talaffuz qilib ketaveradi. Masalan, Shop degan so‘zni ular «shop» deb o‘qimaydi, aksincha «shop» deydi. Bizda ham «ng» tovushi uchun alohida harf shart emas, talaffuzda fonetik birikma sifatida o‘rganilgani ma’qul.

Taklifni eshitgach, ko‘pchilikni qo‘rqitgan aldamchi tasavvur shu bo‘ldiki, endi «bodring» so‘zini – bodri, «keling» so‘zini – keli shaklida yozamiz, deya o‘ylashdi. Lekin bunday emasligini bilib oldingiz degan umiddaman.

Bolalar qiynalmaydimi?

Yana bir toifa insonlar alifbomizda «NG» harfi bo‘lmasa, endi maktabga qadam qo‘ygan o‘quvchilarga muammo bo‘lishini ta’kidlashmoqda.

Keling, «NG» alifboda bor va yo‘q bo‘lgan variantni ko‘rib chiqamiz.

Alifboda bor (hozirgi holat)

Tasavvur qiling, 1-sinf o‘quvchisining oldidan 2 ta so‘z chiqdi:
«menga» va «mening».

Bolalar bir qarashda bularning qaysi birida shunchaki «n» va «g» harflari yonma-yon kelgan, qaysi birida «ng» harfi kelganini bila oladimi?

Yo‘q, bilolmaydi! Bu ko‘z bilan yozuvda farqlanadigan holat emas. Bunday holatlar alohida fonetik qoidalar bilan bolalarga tushuntiriladi.

Alifboda yo‘q

Alifbodan «ng» harfi chiqarib tashlandi, deylik. O‘sha 2 ta so‘z qanday yoziladi:
«menga» va «mening».

Farq bormi? Yo‘q! Avval qanday bo‘lsa, shundayligicha yozilmoqda.

Demak, «NG» harfi alifboda bo‘lsa ham, bo‘lmasa ham, baribir qo‘shimcha fonetik qoidalar (qaysi so‘zda qanday o‘qish kerakligi) zarur bo‘lar ekan.

Unda aytingchi, nima uchun alifboda biror amaliy foydasi yo‘q harf bo‘lishi kerak?

Bo‘g‘in ko‘chirish deysizmi? Dengiz so‘zini den-giz qilib ko‘chirish kerakmi yoki de-ngiz shaklidami, degan savolga «NG» alifboda bo‘lsa ham, bo‘lmasa ham baribir javobni fonetik qoidalardan topasiz.

Yangi harf joriy qilish kerak

Uchinchi toifa insonlar esa «NG» tovushi uchun harf birikmasi emas, balki alohida yaxlit yangi harf joriy etishni taklif qilishmoqda. Shunda talaffuz osonlashar edi va tilimizda «ng» tovushini saqlab qolardik, deyishmoqda ular. Bir qarashda asosli taklif.

Lekin «NG» tovushi uchun yangi harf joriy qilinsa, hammayoq imlo xatolariga to‘lib toshadi. Ko‘chalar, TV, kitoblar, gazetalar, internet...

Aytaylik, alifboda «NG» tovushi uchun yangi Ñ/ñ harfi joriy etildi, deb tasavvur qilaylik. Bir qarashda bu yozuvda ishni osonlashtiradigandek. Ya’ni ’menga’ va ’meniñ’ so‘zlarini farqlash qulay bo‘ladi.

Ammo tanganing boshqa tomoni bor.

Tanga so‘zi tanga yoziladimi yoki taña? Mangu so‘zi mangu yoziladimi yoki mañu? Dengiz so‘zi dengiz yoziladimi yoki deñiz? Ko‘ngil so‘zi kóngil yoziladimi yoki kóñil?

Ko‘ryapsizmi, ayrim so‘zlarda o‘zingiz ham ikkilanib qoldingiz. Bu xuddi «x» va «h» muammosiga o‘xshaydi. Yillar davomida har qancha o‘qitsangiz ham, baribir odamlar xato yozaverishadi.

Agar «NG» tovushi uchun yangi harf joriy qilinsa, kelgusida xuddi shunaqa tuganmas va oxiri yo‘q imlo muammosiga duch kelamiz. Musahhihlar uchun ortiqcha yuk paydo bo‘ladi, jamiyatda imlo xatolari ko‘paygandan ko‘payib ketadi.

Bir narsani unutmaslik kerakki, alifboni isloh qilish natijasida mavjud muammolarga barham berilishi kerak, aksincha yangi muammolar kelib chiqishi emas.

Yuqoridagilarga ko‘ra, «ng» harf birikmasini alifbodan chiqarib, «ng» tovushini kelgusida «n+g» shaklida yozishda davom etish – eng maqbul variant, deb hisoblayman. Bu hech qanday ziyon yoki talafotni keltirib chiqarmaydi. Menimcha.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring