Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Nodirbekning iste’dodini uvol qilmaylik, uni tinch qo‘yaylik...

Nodirbekning iste’dodini uvol qilmaylik, uni tinch qo‘yaylik...

Ma’lumki, kecha 17 yoshli grossmeyster Nodirbek Abdusattorov — rapid (tezkor shaxmat) yo‘nalishida jahon chempionligini qo‘lga kiritdi. Platformauz kanali mazkur g‘alaba yuzasidan o‘z munosabatini e’lon qildi.

«Yaqin tarix guvoh: u sport bo‘ladimi yoki biror fan olimpiadasi bo‘ladimi bizda qanchadan qancha jahon chempionlari chiqqan. Lekin eskicha qolib ketgan qarash tufayli ularning iste’dodiga, o‘z ustida ishlashiga to‘sqinlik qilganmiz. Masalan, 2016-yilgi Olimpiada chempionlarimizni olaylik!

O‘sha natijadan keyin sportchilarimiz tadbirma tadbir yuraverdi, yuraverdi, yuraverdi... Turli marosimlarda old qatorlarda o‘tirishdi, tinmay u jurnalistdan bunisiga, bunisidan narigisiga intervyu berdi.

O‘zbekistonda necha tashkilot borki, hammasiga mehmon sifatida taklif qilindi. Hattoki ma’nisiz konsertlargayam tushishga majbur qilib qo‘ydik. Ularning o‘z ustida ishlashiga imkon bermadik. Shu bilan oxirgi Olimpiadadagi natijani ko‘rib turibsiz.

Yoki bokschimiz Ruslan Chagayevni olaylik. Valuyev ustidan g‘alaba qozonganidan keyin bir yil to‘xtovsiz majburiy tadbirlar bilan band qildik. Shaxmatchimiz Rustam Qosimjonov ham Jahon chempioni unvonini saqlab qolishi mumkin edi. Ungayam to‘zim bermadik. Xullas, bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin.

Endi Nodirbek Abdusattorov haqida. To‘g‘ri, ertaga uni aeroportda karnay-surnaylar sadosi ostida yuzlab muxlislar olqishida kutib olamiz. Katta marosimlar o‘tkazib, uning, yaqinlarining sha’niga iliq gaplar aytamiz, sovg‘alar beramiz.

Yil davomida Toshkentda bo‘lgan vaqti tadbirlar o‘tkazib, televizordan tushirmaymiz. Bunday «kun tartibi» uni mag‘lubiyatga uchrashiga olib keladi. Buni yuqoridagi boshqa sportchilarimiz hayoti misolida aytib o‘tdik.

Nodirbekning iste’dodini uvol qilmaylik, uni shunchaki tinch qo‘yaylik. U ham Magnus Karlsenga o‘xshab 4-5 yil davomida chempionlikni himoya qilishiga sharoit yaratib beraylik. Shunda amerikalik Maykl Felpsga o‘xshagan chempionlar avlodining navbati uzilmaydi.

So‘zim yakunida yosh chempion barchamizga yana bir karra muborak bo‘lsin!».

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring