Nogironni nafaqasidan mahrum qilgan sudya jazolandi
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakkabog‘ tumanlararo sudi sudyasining e’tiborsizligi sabab nogiron o‘z nafaqasidan mahrum bo‘ldi.
Qayd etilishicha, ikkinchi guruh nogironi sog‘lig‘i yomonlashgani tufayli ishdan bo‘shagan va 625 ming so‘m nogironlik nafaqasi hisobiga amallab kun ko‘rib turgan. Ammo fevral oyidan nafaqasini ololmay qolgan. Surishtirsa, MIBning Qamashi bo‘limidagilar uning nafaqasini kreditga ushlab qolibdi.
MIB ijrochisining aytishicha, sudya sirtdan chiqargan hal qiluv qaroriga ko‘ra, X. N. bankdan olgan 29 million 787 ming kreditini qaytarmagan. Qarorda kafil sifatida o‘tgan nogiron shaxsning pasporti seriyasi va raqami bo‘lgan.
«Otamning nogironlik nafaqasini biz umuman tanimaydigan qandaydir shaxsning kreditini to‘lashga yo‘naltiribdi», deya murojaat qilgan jabrlanuvchining farzandi.
Holatga aniqlik kiritish maqsadida Sudyalar oliy kengashi tomonidan xizmat tekshiruvi tayinlangan.
Qashqadaryo viloyati sudlari sudyalari malaka hay’ati tomonidan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvida yuqoridagi holatlar tasdig‘ini topgan.
Yakunda viloyat sudlari sudyalari malaka hay’atining qarori (2023 yil 1 mart, 18-son) bilan sudya O.Suyunovga nisbatan intizomiy ish qo‘zg‘atilib, tegishli intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter