Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Noqonuniy tamaki savdosiga kuchli zarba: O‘zbekistonda qonunbuzarlarga qarshi choralar kuchaytiriladi

Noqonuniy tamaki savdosiga kuchli zarba: O‘zbekistonda qonunbuzarlarga qarshi choralar kuchaytiriladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti alkogol va tamaki bozori ustidan nazoratni kuchaytirish va kontrabandaning oldini olishga qaratilgan farmonni imzoladi.

«Alkogol va tamaki mahsulotlari bozorini tartibga solish hamda ularning noqonuniy aylanmasining oldini olish chora-tadbirlarini kuchaytirish to‘g‘risida»dagi hujjat O‘zbekiston Respublikasi hukumati noqonuniy tamaki mahsulotlari savdosini tubdan yo‘q qilishga va qonuniy tamaki mahsuloti bozori uchun adolatli va shaffof muhitni yaratishga qat’iy qaror qilganini ko‘rsatadi. Ushbu farmon o‘z vaqtida qabul qilingani va dolzarbligini, jumladan, Jorj Meyson universiteti (AQSh) o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra noqonuniy sigaret savdosi xalqaro jinoiy va terroristik hamjamiyatlarning asosiy moliyalash kanallaridan biri ekanligi fakti ham ko‘rsatadi.

Farmonga ko‘ra, ushbu vazifani bajarish uchun yangi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi tuziladi, u litsenziyalashni, nazoratni amalga oshiradi va mahsulot ishlab chiqarish hamda sotish siklining monitoringi uchun raqamli tizimlarni tatbiq etadi.

Endi mamlakatdagi noqonuniy tamaki mahsulotlarini sotuvchilar jiddiy oqibatlarga duch keladilar. Farmonda keltirilgan, vijdonsiz importchilar va tamaki mahsulotlarini sotuvchilarga ta’sir ko‘rsatishga qaratilgan bir qator choralar quyidagilardir:

1. Kontrabandachilarga tovar tashishni qiyinlashtirish maqsadida 2024 yil 1 sentyabrdan O‘zbekiston Respublikasi hududi bo‘ylab tamaki mahsulotlarini tranzit qilishga talablar kuchaytirilmoqda. Endi tranzit qilish uchun quyidagilar talab etiladi:

• tovar tayyorlangan mamlakat sertifikati;
• tovarni yetkazib berish shartnomasi;
• qabul qiluvchi davlat aksiz markasi tushirilgan tamaki mahsulotini tranzit tashishga ruxsatnoma.

Bundan tashqari, yuk tashuvchilar bojxona organlari depozit hisoblariga bojxona to‘lovlarini o‘tkaza boshlaydilar. Tamaki mahsulotlarini tashuvchi transport vositalari faqatgina ko‘zdan kechirish majmualari bilan ta’minlangan chegara-bojxona postlaridan o‘tishlari mumkin bo‘ladi.

2. Raqamli markirovka va aksiz markalari tizimlarining integratsiyasi.

Raqamli markirovka tizimini aksiz markalari tizimi bilan integratsiyalash bo‘yicha ishlar sezilarli faollashadi. Bu quyidagilar imkonini beradi:

• mahsulotni olib kirish va sotish ustidan nazoratni raqamlashtirish;
• noqonuniy mahsulotni kuzatish bo‘yicha ishlarni yanada shaffoflashtirish;
• tamaki mahsulotlari aylanmasining avtomatlashgan hisobi va nazoratini ta’minlash.

3. Vijdonsiz sotuvchilar uchun jazo kuchaytiriladi

Tadbirkorlar tomonidan raqamli markirovkaga ega tovarlarni markirovkani o‘qiydigan qurilmalardan foydalanmay sotilishi aniqlangan holatlarda, tadbirkorga nisbatan huquqbuzarlik ro‘y bergan chorakdagi faoliyat yuzasidan soliq tekshiruvi tayinlanadi. Bunda tadbirkorlik sub’yektlari bu tekshiruv haqida xabardor qilinmaydi.

Majburiy markirovkalanishi shart bo‘lgan tovarlar (tamaki mahsulotlari shunday tovarlar ro‘yxatiga kiradi) sotuvchilari soliq organlarining har choraklik tekshiruvidan o‘tadilar, shuningdek tamaki mahsulotini chakana sotish huquqi uchun bazaviy hisob miqdorining 10 foizi miqdorida har oylik yig‘im to‘laydilar.

Tamaki bozori ustidan nazorat choralarining kuchaytirilishidan quyidagilar maqsad qilingan:

• tamaki mahsuloti qora bozorini qisqartirish;
• qonuniy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish;
• soliq tushumlari hisobiga davlat daromadlarini oshirish;
• noqonuniy va sifatsiz tamaki mahsulotlari iste’molini kamaytirish orqali aholi salomatligini yaxshilash.

Noqonuniy tamaki mahsulotlari sotuvchilariga o‘z faoliyatini to‘xtatib, qonuniy shakldagi savdoga o‘tish tavsiya etiladi. Farmonga rioya etmaslik jiddiy huquqiy va moliyaviy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring