Nukusdagi ko‘zi ojizlar kutubxonasi qurilishida budjet mablag‘lari talon-toroj qilingan
Bosh prokuror o‘rinbosari Sh.To‘xtaboyev boshchiligidagi ishchi guruhning Qoraqalpog‘istonda nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish va ularning ta’lim olishi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishuvida, jumladan Nukus shahrida joylashgan ko‘zi ojizlar maxsus kutubxonasi qurilishida yo‘l qo‘yilgan kamomadlar aniqlandi.
Xabarda aytilishicha, ushbu maxsus kutubxona ma’muriy binosini yangidan qurish va jihozlash bo‘yicha amalga oshirilgan qiymati 10,4 mlrd so‘mlik pudrat ishlari o‘rganilganida jami 530,4 mln so‘mlik ishlar haqiqatda bajarilmagan bo‘lsada, hisobotlarga qo‘shib yozish yo‘li bilan budjet mablag‘lari talon-toroj qilingan.
«Achinarlisi, kutubxonani jihozlash maqsadida ajratilgan 2 ta «brayl» printeri uchun 90 mln. so‘m va 1 ta ovoz yozish studiyasi uchun 50 mln. so‘m mablag‘lar ham o‘zlashtirib yuborilgani oqibatida ko‘rish qobiliyatida nuqsoni bor shaxslarni qoraqalpoq tilida zarur adabiyot va audio materiallar bilan ta’minlash imkoni cheklangan», – deyiladi Bosh prokuratura xabarida.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi «a» bandi hamda 209-moddasi (Mansab soxtakorligi) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Hozirda tergov harakatlari olib borilib, yetkazilgan zararni qoplash choralari ko‘rilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter