Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Odamlari banklarga ishonmaydigan mamlakat naqd puldan voz kechmoqchi

Odamlari banklarga ishonmaydigan mamlakat naqd puldan voz kechmoqchi

Foto: Flickr

Albaniya dunyoda birinchi bo‘lib naqd pullardan voz kechmoqchi. Olamshumul rejasiga 2030 yilda uzil-kesil erishishni ko‘zlagan bosh vazir Edi Ramaning fikricha, qora iqtisodiyotni tag-tugi bilan yo‘q qilish uchun avvalo naqd pullarning o‘zini yo‘qotish kerak.

Ma’lumotlarga ko‘ra, qora iqtisodiyot Albaniya yalpi ichki mahsulotining qariyb yarmiga tenglashgan. Bunga qarshi chora sifatida naqd pullarga limit o‘rnatish, SEPA (Yevroda to‘lovlar yagona zonasi)ga o‘tish, lahzalik to‘lovlarni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Biroq banklarning ishonchsizligi siyosatchining yo‘liga g‘ov bo‘lishi mumkin. So‘rovlarga ko‘ra, bankka har uchinchi alban ishonadi, xolos. Buning ildizi moliyaviy ehromlar qo‘ziqorindek ko‘paygan 1997-yilga borib taqaladi. O‘shanda yuz minglab odamlar banklarga qo‘ygan omonatlariga kuyib qolishgan, oqibatda yuz bergan tartibsizliklarda 2 ming nafar alban fuqarosi jon bergan.

Albaniya taraqqiyot va farovonlikni ifodalovchi juda ko‘p ro‘yxatlarda Yevropada eng oxirgi o‘rinlarda turadi. Kommunizm qurilishiga ishontirilgan albanlar hali-hanuz yaqin o‘tmishdagi diktatura va korrupsiya asoratlarini his etishmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring