Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

2025 yildan Xitoyda odamsimon robotlar ommaviy ishlab chiqarila boshlaydi

2025 yildan Xitoyda odamsimon robotlar ommaviy ishlab chiqarila boshlaydi

Xitoy 2025 yilgacha og‘ir sanoat sohalari va xavfli sharoitlarda foydalaniladigan odamsimon robotlarni ommaviy ishlab chiqarishni rejalashtirgan. Bu haqda Xitoy sanoat va axborot texnologiyalari vazirligi e’lon qilgan 9 sahifalik hujjatda so‘z boradi.

Hujjatga ko‘ra, mamlakat 2027 yilga borib bu borada dunyo yetakchiligini qo‘lga kiritishni maqsad qilgan. Barchasi rejadagidek ketsa, 2027 yilda Xitoyda sanoatni avtomatlashtirish yangi bosqichga ko‘tarilishi, odamsimon robotlar esa iqtisodiy o‘sishning dvigateliga aylanishi kerak.

Xitoy Sanoat va axborot texnologiyalari vazirligining besh yillik rejasida robototexnika avtomobilsozlikdan tortib to tog‘-kon sanoatigacha bo‘lgan barcha asosiy tarmoqlarga integratsiyalash ko‘zda tutilgan. Agar bu strategiya amalga oshirilsa, 2025 yilga borib mamlakatda aholi jon boshiga nisbatan robotlar soni ikki barobar ortadi. Xitoy robotlari nafaqat son, balki sifat bo‘yicha ham jahondagi eng yaxshi brendlari bilan teng bo‘lishi maqsad qilingan.

So‘nggi 8 yil ichida Xitoy sanoat robotlari uchun eng yirik bozorga aylanib ulgurdi. Robototexnika sanoatining daromadi 2016–2020 yillarda o‘rtacha 15 foizga o‘sgan bo‘lsa, keyingi besh yil ichida o‘rtacha yillik o‘sish sur’ati 20 foizgacha oshishi ko‘zlangan. Ta’kidlash kerak, robotlar allaqachon katta daromad keltira boshlagan – sanoatni robotlar yordamida avtomatlashtirish 2020 yilda mamlakat iqtisodiyotiga 15,69 mlrd dollar daromad keltirdi.

Milliy statistika byurosining ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilning birinchi 11 oyida Xitoyda sanoat robotlarining umumiy ishlab chiqarilishi 330 ming donadan oshgan, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 49 foizga ko‘p.

O‘tgan yili mamlakatda har 10 ming ishchiga 246 robot to‘g‘ri keldi – bu ko‘rsatkich bo‘yicha davlatlar milliy avtomatlashtirish darajasini o‘lchaydi. Rasmiylarning ta’kidlashicha, bu natija jahon o‘rtacha ko‘rsatkichidan deyarli ikki baravar ko‘p demakdir.

Xalqaro robototexnika federatsiyasi tomonidan e’lon qilingan World Robotics-2022 hisobotiga ko‘ra, Xitoy 2021 yilda sanoat robototexnika sohasida AQShni ortda qoldirib, dunyodagi eng avtomatlashtirilgan beshinchi davlatga aylandi.

Odamsimon robotlar zaharli materiallar bilan ishlash yoki odamlar uchun yaroqsiz muhitda, masalan, Oyda faoliyat olib borishi prognoz qilinmoqda. Hujjatga ko‘ra, Xitoy yaqin kelajakda sog‘liqni saqlash, maishiy xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi va logistika kabi sohalarda robotlardan foydalanishni rejalashtirgan. Bunday robotlar kompyuter, smartfon va yangi transport vositalaridan keyingi “inqilobiy innovatsiya” bo‘lishi kutilmoqda.

Xitoy aholining qarishi, ishchi kuchi tanqisligi tufayli bo‘shliqlarni to‘ldirish uchun robotlarga murojaat qilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring