Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Og‘ir sharoitga tushib qolgan qizlar uchun bir xonali uylar qurib beriladi

Og‘ir sharoitga tushib qolgan qizlar uchun bir xonali uylar qurib beriladi

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Prezident yig‘ilishida bundan keyin ham qizlarning ta’lim olishi, daromad topishi, sharoitlarini yaxshilash borasidagi ishlar davom ettirilishi ta’kidlandi.

Jumladan, og‘ir sharoitga tushib qolgan uy-joyga muhtoj qizlar uchun 1 xonali ijtimoiy uylar quriladi. Ular ishga joylashib, oyoqqa turib olgunga qadar, ushbu uylarda 3 yil davomida bepul yashashi mumkin bo‘ladi.

Hokimlarga ijtimoiy uylarning namunaviy loyihasini qilib, qurilishni boshlash topshirildi.

Sog‘ligi tufayli ishga qatnay olmaydigan qizlarning yashab turgan xonadonida masofaviy ish bilan ta’minlash choralari ko‘riladi. Bundan tashqari, uch yoshgacha farzandi bor talaba-qizlarga masofaviy ta’lim olish imkoniyati yaratiladi.

Viloyat, tuman hokimlariga yoz mavsumida maktab, texnikum, oliygoh, istirohat bog‘larida mehnat yarmarkalarini o‘tkazish topshirildi. Bu orqali vakant o‘rinlarga kamida 150 ming yoshlarni ishga joylashtirish mumkin.

Yoz oylarida “qurilish otryadlari”ni tashkil etib, 100 ming yoshlarni oylik beradigan ishlarga jalb qilish muhimligi qayd etildi.

Tadbirkorlarning yoshlarni kasbga o‘qitish va ishga joylashtirish borasidagi tashabbuslari bundan buyon ham qo‘llab-quvvatlanishi ta’kidlandi.

Yangi o‘quv yilidan boshlab maktab, kollej, texnikum o‘quvchilarini kasbga o‘rgatib, ish berayotgan tadbirkorlarning bu xarajatlari soliq bazasidan chegirib tashlanadi. O‘quvchilarga daromad solig‘i va ijtimoiy soliq 1 foiz qilib belgilanadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring