Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Oiladagi zo‘ravonlikni yoqlovchi videorolik olgan vaynerlar qamaldi

Oiladagi zo‘ravonlikni yoqlovchi videorolik olgan vaynerlar qamaldi

Ijtimoiy tarmoqlarda ikki nafar vaynerning oilada ayol va erkak munosabatlari va unda ayolning kaltaklanishi haqida olingan videorolik ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi.

2024-yil 27-yanvar kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudida ushbu shaxslar – Sh. O. (1991-yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasida tug‘ilgan, muqaddam ma’muriy javobgarlikka tortilgan) va R. A. (1990-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, muqaddam ma’muriy javobgarlikka tortilmagan)ga oid ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqilib, sudning qarori e’lon qilindi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudining raisi T. Obidov tomonidan chiqarilgan sud qaroriga muvofiq Sh. O. va R. A. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 189-1-moddasi (tazyiqni, zo‘ravonlikni yoki shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, olib kirish, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish), 189-2-moddasi (jins bo‘yicha kamsitishni targ‘ib qilish), 194-moddasi (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 1-qismi va 195-moddasi (ichki ishlar organlari xodimlarining o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatish) da nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybli deb topilib, ularning har biriga 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Vaynerlar, shuningdek, ushbu chiqishlari haqida qisqa izoh berib, uzr so‘ragan.

«Biz uch-to‘rt kun avval ijtimoiy tarmoqdagi sahifamizga ayol har qanday holatda eriga itoat qilishi kerak, degan mazmundagi videoni joylashtirgan edik. Ushbu videomizda ko‘rsatilgan holat O‘zbekiston gender tengligi to‘g‘risidagi qonunga zid ekan. Shuning uchun ushbu video internet foydalanuvchilari tomonidan salbiy izohlarga sabab bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan uzr so‘raymiz va kelajakda bunday video olmaslikka so‘z beramiz», – degan vaynerlar.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring