Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Oilaviy qotillik: jirkanch odamlar qilmishi

Oilaviy qotillik: jirkanch odamlar qilmishi

Qotil oila (Staflblek).

Seriyali qotilliklar bir kishi tomonidan amalga oshirilsa, har qanday insonni qo‘rqitadi, ammo bu ishni butun boshli oila amalga oshirsa-chi? Bu yanada dahshat! Ular shafqat bilmas odamlardir. Siz hech qachon bunday maxluqlar qo‘shni bo‘lib yashashni xohlamas edingiz.

Aka-uka Xarplar katta ehtimol bilan Amerikadagi birinchi seriyalik qotillar hisoblanadi. Garchand ular ammavachchalar bo‘lishsa-da, vaqt-soati o‘tib, bo‘y-bastidagi tafovutga ko‘ra, Mikaj «To‘ng‘ich» Xarp, Uayli esa «Kichik» Xarp bo‘lib tanildi. 1775- yilda ular Shimoliy Karolinadagi o‘z fermasini tark etib, pul va sarguzasht izlab yo‘lga tushishdi. Amerika inqilobidan keyin Kentukki va Tennessidagi yovvoyi o‘rmonlar oralab sayr qilisharkan, tez orada jinoyatchi va qotillarga aylanishdi.

1781-yildan 1799-yilgacha bu ikki qarindosh Tennessidan Illinoysgacha o‘nlab odamlarning umriga zomin bo‘ldi. Yo‘l-yo‘lakay esa boshqa jinoyatchilarni ham uchratib, yiriklashib bordilar. Ularning qurbonlari esa, asosan, sayohatchilar yoki shu atrofda yashovchi odamlar edi. Qotillar qurbonlarini o‘ldirgach, tanasiga tosh bog‘lab, daryoga cho‘ktirib yuborishardi.

1799 yili qurbonlardan birining otasi aka-ukalardan birini otib o‘ldirdi. Ikkinchisi qochdi, ammo keyin qo‘lga olinib, qatl etildi. Ular kamida 39 kishini o‘ldirishgan, ammo ma’lum bo‘lishicha, 50 nafarga yaqin odamni gumdon qilishgan – buni o‘zlari aytib berishgan.

* * *

Opa-singil Gonsaleslar kamida 90 nafar odamni o‘ldirishgan. Ularning qotilliklari 1950-yildan 1960- yilgacha Mexiko shimolidagi Guanaxuato shtatida ro‘y bergan. Delfina va Mariya de Xesus Gonsales Valensuela «Rancho El Anxel (Farishta ranchosi)»ini boshqarishgan. Ular xotin-qizlarni aldab ishlatishgan va xo‘rlikka mubtalo qilishgan. Bu berahm opa-singil ayollarni ofitsiant yoki enaga bo‘lib ishlashlarini aytib, o‘z tuzog‘iga tushirgan, ammo keyin fohishalikka majbur qilishgan.

Kasallik orttirgan yoki ishdan bosh tortgan ayollar och-nahor qoldirilgan yoki o‘ldirilgan. Homilador bo‘lgan ayollarni esa bolasini abort qilishga majbur qilishgan. Opa-singil uzoq yillar shu tarzda mo‘may pul topishgan. Nihoyat bu tomonlarga politsiya qadami yetib, bir nechta go‘dakning murdasi va katta yoshli qurbonlarning jasadi topilgach, ularning faoliyatiga nuqta qo‘yildi.

Opa-singillar erkak-mijozlarni ham o‘ldirishgan. Ularning hisobida 90 ta qurbon qayd etilgan bo‘lib, shu qo‘rqinchli raqam bilan Ginness rekordlar kitobidan joy olishgan.

1964-yili opa-singilning har biri 40 yillik qamoqqa hukm qilindi (Meksikadagi uzoq muddatli jazo). Odam savdosi bilan shug‘ullangan yana 19 jinoyatchi, jumladan, ularning oila a’zolari ham turli muddatlarga ozodlikdan mahrum etildi.

* * *

Benderlar oilasi er – katta Jon, xotini – Elvira va bu juftlikning farzandlaridan iborat edi. 1870-yilda ular Oseyjeydan uncha uzoq bo‘lmagan Kanzasdan qo‘nim topishdi. Tez orada esa bu oila hech nimadan shubha qilmagan sayohatchilarni asfalosofilinga jo‘nata boshladi. Qurbonlarga yegulik va yotish uchun joy taklif qilishar, keyin esa ishga kirishishardi.

Odatda, sayyoh kechki ovqatlanish uchun faxriy joyga o‘tqazilardi. Orqa tomonda, parda ortida esa qo‘lida bolg‘a ushlagan oila boshlig‘i poylab turardi. Mehmon o‘ldirilgach, uni tuynuk orqali yerto‘laga tashlardilar. «Qo‘y og‘zidan cho‘p olmagan» oila shu tariqa juda ko‘plab odamlarning umriga zomin bo‘ldi. Ularni hech kim qotil deb o‘ylamas, chunki Benderlar uncha-munchaga e’tiborni tortavermasdi.

Ammo taniqli vrach o‘ldirilgach, uning ukasi va qo‘shnilar bu oiladan shubhalanib qoldi. Mahalliy izquvarlar Banderlar uyini tintuv qilganida ular allaqachon bu yerni tark etishgandi.

Bog‘dan 10 ta ko‘milgan jasad topilsa-da, biroq 21 nafar odam o‘ldirilgan, degan xulosaga kelindi. Benderlarni ko‘rgan va topgan kishilarga mukofot berilishi e’lon qilindi, ammo qotillar baribir topilmadi. Aftidan, Benderlar oilaning haqiqiy familiyasi bo‘lmagan.

* * *

Stafflbeklar yana bir seriyali qotil oila bo‘lib, XIX asrning oxirida Kanzasda paydo bo‘lgan. Oila bekasi Nensi Stafflblek bu xonadonda qotillik ro‘y bergunga qadar jinoyatchilik bilan shug‘ullangan. 1897-yili Nensi, uning eri va ikki o‘g‘li shaxtyorni o‘ldirish va murdasini tashlandiq shaxtaga uloqtirishda ayblanib, sud qilindi.

Stafflbeklar oilasi faqat bitta jinoyat bo‘yicha jazolangan bo‘lsa-da, aslida o‘zlari boshqargan fohishaxonada elikka yaqin odamni o‘ldirishgani aytiladi.

Birinchi qurbon oilaning o‘g‘illaridan biri Edning qiz do‘sti ekanligi ehtimol tutiladi. U bilan yana bir dugonasi Stafflbeklar uyiga kelishgandi. Aynan shu qiz bilan o‘rtada kuchli ziddiyat chiqqan. Natijada ikkinchi o‘g‘il Mayk uni o‘lgunicha do‘pposlagan. Guvoh qoldirmaslik uchun esa Ed ham xuddi shu tarzda birinchi qizning bahridan o‘ta qolgan. Yosh mehmonlarning jasadini tashlandiq yerto‘laga tashlashgan.

* * *

1979-yilda Lindvud Erl Bril, Jeyms Dayral (Jey Bi) Bril va Entoni Ray Bril Virjiniya shtatidagi Richmondga qo‘rquv solishdi. To‘da boshlig‘i bo‘lmish to‘ng‘ich o‘g‘il Lindvud hali 16 yoshida qotillikka qo‘l urib boshlagan edi. U orqa hovlida choyshablarni quritish uchun dorga yoygan 57 yoshli qo‘shni ayolni otib tashlagandi. Bu jinoyati uchun bor-yo‘g‘i bir yil axloq tuzatish maktabida bo‘ldi, xolos.

Aka-uka Brillar o‘zlarining o‘smir hamtovog‘i bilan 11 nafar odamni o‘ldirishgan. Aslida 20 ga yaqin insonning umriga zomin bo‘lishgani taxmin qilinadi. Qotilliklar shafqatsizlik bilan amalga oshirilganki, bu haqda mufassal yozishga qalam bormaydi. Qurbonlar orasida homilador ayol va uning besh yoshli o‘g‘li ham bo‘lgan.

Seriyali qotilliklarning sakkizinchi oyidan so‘ng nihoyat uch aka-uka hibsga olindi va qamoq jazosiga hukm qilindi. Kichik uka Entoni qatldan qutulib qoldi, chunki uning o‘z qo‘li bilan qotillik qilgani haqida dalil-isbot yo‘q edi. To‘ng‘ich o‘g‘il Lindvud va o‘rtancha o‘g‘il Jey Bi Virjiniya shtatidagi Boydntondan uncha uzoq bo‘lmagan Meklenburdagi qattiq rejimli qamoqxonaning o‘limga hukm etilganlar kamerasiga yuborildi.

Qotillar u yerda ham jinoyat qilishda davom etishdi. Ikki aka-uka Amerika tarixida o‘limga mahkum qilingan mahbuslarning eng yirik isyoniga boshchilik qildi. Ular va yana to‘rt mahbus qamoqxona xodimlarini garovga olib, qochib ketishdi. FQB bilan otishmadan so‘ng aka-ukalar yana hibsga olindi. 1984 va 1985 yillarda ular qatl qilindi.

«Brayllar to‘dasi» haqida Dueyn Uoker va Jek Rozvudning 2015 yili nashr etilgan «Aka-uka Brayllar: qotil og‘a-inilar xususida» kitobida batafsil keltirilgan.

* * *

Fred va Rouz Uestlar er-xotin bo‘lib, 1970 va 1980- yillarda Angliyaning Kloster shahrida 10 ga yaqin odamni o‘ldirishgan. Boshqalardan farqli o‘laroq, bu oilada farzandlar ham jinoyat ishtirokchilari edilar. Uestlar o‘z qurbonlarini bolalari uchun ayollarni enagalikka yollash orqali tanlashgan. Keyin esa zo‘rlab, qiynab o‘ldirishgan.

Eri qamoqda bo‘lganida 1971-yilda Rouz uning sakkiz yoshli qizini o‘ldirdi. Ozodlikka chiqqan Fred murdani bo‘laklab, yashirib tashladi. Oradan ko‘p yillar o‘tgach, er-xotin o‘zlarining 16 yashar qizi Xizerni o‘ldirishdi. Qiz o‘zining o‘rtoqlariga ota-onasi uni tez-tez do‘pposlashi haqida aytib bergan edi.

Uestlarni nihoyat 1995-yilda hibsga olishdi. Bu ularning boshqa qizi o‘z dugonasiga ota-onasining shafqatsizlarcha munosabati borasida aytib bergan edi. Dugonasi politsiyaga murojaat qildi.

Tergovchilar hovlida o‘nta ayolning murdasini topishdi. Fred Uest sudgacha o‘z joniga qasd qilib o‘ldi. Rouz Uest esa muddatidan oldin ozod qilmaslik kafolati bilan bir umrga qamaldi. Uning noodatiy bolaligi va hayoti tarixi Karter Vudrouning 2011-yilda nashr qilingan «Rouz Uest: maxluqqa aylanish» kitobida yozilgan.

A.Fathullayev

 

 

 

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring