Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

Olimlar va odamlar yoxud bizni qiynayotgan savollar...

Olimlar va odamlar yoxud bizni qiynayotgan savollar...

«2001-yilda britaniyalik tadqiqotchilar ikki hafta ichida jismoniy mashg‘ulotlarga qatnash odatini yaxshilash ustida ish boshladi. Tadqiqotga 248 nafar ko‘ngilli qamrab olindi», «yo‘l-transport hodisalari oqibatida o‘lim holatlarining 90 foizidan ortig‘i daromadi past va o‘rta bo‘lgan mamlakatlarda sodir bo‘ladi...», «tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, ba’zi ayollar uydan chiqish uchun qaynonalarning ruxsatiga muhtoj, boshqa tadqiqotlarda esa ayolning qaynonasi kelinning sog‘lig‘i bo‘yicha qaror chiqarish huquqiga ega...» Bu tadqiqotlar bizning olimlarga tegishli emas. «Atom odamlar» degan kitob muallifi Jeyms Klir har bir mavzuga o‘tishdan oldin odatlarni o‘zlashtirish ustidagi tadqiqotlarni misol keltirishdan boshlaydi. Shu bois kitob sizni o‘ziga oson jalb qiladi. Masalan mana bunday: «1970 yillarda energiya inqirozi va neft embargosi paytida niderlandiyalik tadqiqotchilar mamlakatning energiya sarfini yaqindan o‘rgana boshladi».

Maqola energiya sarfi haqida emas

Ilm-fanning insoniyatga foydasi haqida umumiy tushunchamiz mavjud, ya’ni u foyda keltiradi. Ana shu ilm-fandan oddiy odamlar qanday foyda topadi? Menimcha bu haqda bizda ilmiy-tadqiqot ishlari qilinmagan yoki izlasam ham topolmadim. Maqolaning bosh maqsadi ham ilmiy-tadqiqot olib borilishi kerak bo‘lgan mavzularning juda ko‘pligi haqida. Jurnalistlaru blogerlarning tanqid qilmagan sohasi qolmadi. Ba’zida tanqid mevasini bergan paytlari bo‘ldi, lekin ba’zi sohalar hamon o‘sha-o‘sha. Demak, tanqidning o‘zi yetarli emas. Bizga endi har bir tizimni rivojlantirish uchun katta-katta ilmiy-tadqiqotlar kerak – u tibbiyot bo‘ladimi, ta’limmi yoki qishloq xo‘jaligi, huquqiy va moliyaviy savodxonlik masalalarimi... Masalan bu yil qovun-tarvuz haddan ortiq ko‘p ekilganidan dalalarda qolib ketdi. Bir yili piyoz, bir yili esa karam... Balki hududlar kesimida nima uchun dehqonlar bir yili qovunni, bir yili karamni basma-bas ekishi o‘rganib chiqilar, balki shu tadqiqot tufayli kelasi yil bir hududda qovun ekilsa boshqa bir hududda karam ekilar... Chunki bunday xatolar ustma-ust har yili takrorlanmoqda.

Nega va nima uchun... savollarga javob yo‘q

Ko‘pincha biror maqola yozish uchun Googlega murojaat qilsam, hammasi ingliz tilida qilingan tadqiqotlar bo‘lib chiqadi. Hattoki qaynona-kelin munosabatlari 1980 yillarda xorijda tadqiq qilinganining guvohi bo‘ldim. Ehtimol shu tadqiqotlar tufayli bugun ular qaynona-kelin munosabatlariga yechim topishgandir.

Biz esa haliyam nega bizda johillar ko‘p-a, nega bizda poraxo‘rlik urchib ketayapti-a, nega qishloqlarning ko‘pida hali-hamon sharoitlar og‘ir-a, degan savollar atrofida aylanib yuribmiz.

Axir endi zo‘ravon erlarni qarg‘ash, johil qaynonalarni yomon qaynona deb atash, poraxo‘ru yulg‘uchlarni qachondir teshib chiqishini kutish absurd...Endi nima uchun zo‘ravon erlar ko‘p, nima uchun ko‘pgina ayollar zo‘ravonlikka chidab yashaydi, o‘g‘lini kelinidan qizg‘anadigan qaynonalarning ruhiy holatida qanday o‘zgarishlar bor yoki poraxo‘rlar nega na Xudodan va na qonundan qo‘rqmaydi, bu holatlar balki irsiyat bilan bog‘liqdir, degan savollarga ilmiy javob topishimiz kerak.

Nima uchun ko‘pchilik o‘qituvchi yoki ota-ona bolani ursa bolani o‘zlariga dushmandek ko‘radi, zo‘ravonlikni qo‘llab-quvvatlaydi... Balki boshqa ijtimoiy omillar bordir? Qachonki bu mavzular chuqur o‘rganilsa yechim ham topiladi.

Qaynona-kelin mavzusi – abadiy mavzu

Ijtimoiy tarmoqlarda ayollar guruhida anonim xatlarga ko‘zim tushadi. Juda ko‘pchiligi qaynonasining o‘g‘lini qizg‘anishini, ovqat qizg‘anishini, ko‘p mehnat qildirishini va shunga qaramay hech ham ro‘shnolik ko‘rmayotganini yozadi. Va tabiiyki ayollar, psixologlar, sobiq kelinlar, qaynonalar o‘z maslahatlarini ayashmaydi yoki juda bo‘lmasa nega shunaqa yomon qaynonalar ko‘p ekan-a, degan savol mualliqligicha qoladi. Meniyam bunday qaynonalar o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolmagani, ularning tarbiyasi va xarakteri nega bunday shakllangani, buni yo‘qotish, kamaytirish uchun nimalar qilish kerakligi haqidagi savollar har doim qiynaydi. Afsuski internetdan o‘zbekcha tadqiqotlarni qidirib deyarli hech narsa topolmadim. Shundan so‘ng ingliz tilida tadqiqotlarga murojaat qildim. Eh-he, qaynona-kelinlar muammosi faqat bizda bor, deb o‘ylab shuniyam texnika asrida anglab yetgan bo‘lsak, xorijda bu mavzuga o‘tgan asrdayoq qo‘l urilgan va bir necha tadqiqotlar olib borilgan ekan. Masalan, shunday tadqiqotlarga ko‘zim tushdi: «Gana shimolidagi qishloqlarda onalar va yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning sog‘lig‘ini tiklashda qaynonalarning ta’siri», «Malidagi onalar sog‘lig‘ini saqlashda oiladagi kuchlarning ta’siri: ayollar, erkaklar va qaynonalarning istiqbollari», «Hindistonning qishloq joylarida qaynona va kelinning kamqonlik bilan yashashi», «Uy-ro‘zg‘or qarorlarini qabul qilishda ayollarning avtonomiyasi». Ko‘pgina tadqiqotlarda qaynona bilan yashagan kelinlar uy-ro‘zg‘or mustaqilligi vakolatiga, eri bilan munosabatiga va sog‘lig‘ini saqlashga oid qarorlarga qanday ta’sir qilishi haqida aytlgan.

Yoki bo‘lmasa o‘qituvchining bolalarni urishi, qo‘l ko‘tarishi haqida juda ko‘p muhokamalar bo‘ladi. Va juda ko‘pchilik biz ham kaltak yeganmiz, ammo o‘lmadik, odam bo‘ldik deyishadi. Xo‘sh, bizning mentalitet odamlari urgandan o‘lmagandir, odam bo‘lgandir, lekin unda qanday ruhiy jarohatlar bo‘lgan va hayoti davomida asqotgan? Masalan, yana o‘sha xorij tadqiqotlarida aytilayapti: zo‘ravonlikdan keyin jabrlanuvchilar o‘zlarini past baholaydilar va tengdoshlari oldida pessimistik, kamsitilgan, uyatli, izolyasiya qilingan, rad etilgan va yoqimsiz his qiladi....

Bu mavzuda xorijda yuzlab tadqiqotlar bor. Biz faqatgina xorij tajribasiga suyanmasligimiz kerak. Millat geni, irsiyati, qadriyatlari, mentaliteti bilan bog‘lagan holda o‘rganilgan tadqiqotlar juda zarur. Tasavvur qilingan, kompyuterni ochdingiz va o‘qituvchi nega bolani uradi va undan so‘ng bolada nima bo‘ladi, degan savolni o‘zbek tilida berdingiz. Qani endi biz izlagan tadqiqot chiqib kelsa. Bu yerda uchta savol bor – urgan o‘qituvchining bolaligi qanday o‘tgan, to‘polon qilgan bolaning oilasida muhit qanday va ayni paytda bu bolani nima qiynayapti? Masalan O‘zbekistonning Qashqadaryo viloyatida o‘nlab maktablarda so‘rovnoma o‘tkazildi yoki Farg‘ona viloyati bilan solishtirilganda zo‘ravonlikka uchragan bolalar ko‘p yoki kam mazmunida tadqiqotlar bormi? Xo‘p, ana undan keyin javoblar kelib chiqa boshlaydi... muhitmi, ob-havomi, hatto yeyiladigan taommi yoki iqtisodiy ahvolmi va bunga yechim axtariladi, topiladi.

Shunchaki zo‘ravon o‘qituvchi, qizg‘anchiq qaynana, yoki tarbiyasiz o‘quvchi degan bilan nimadir o‘zgarib qolmaydi. (Qarg‘ishlarimiz, nafratlarimiz qayerdan paydo bo‘ladi – buyam bir tadqiqot qilinishi kerak aslida.)

Qanday odamga havas qilish kerak?...

Internetda mashhur axloqsiz bir inson bor. Uning so‘kinib gapirishi, hatto quloqchinda eshitsang uyaladigan gaplarni aytishiga chidab bo‘lmaydi... Shu mavzuni o‘rganish asnosida odamlar yozgan izohlarni o‘qidim, bu ham maqolam uchun kichik eksperiment edi. O‘sha axloqsiz instagramm va YouTube kanallarida dasta-dasta pullarini maqtangan, kiyimlarini, atirlarini, yegan ovqatlarini ko‘z-ko‘z qilgan. Unga yozilgan 100dan ortiq izoh egalarining 90 nafari o‘sha insonning yashashiga havas qilishgan: «Yashashingizga havas qilaman, qani endi shuning 100 dollari menda bo‘lsaydi..., siz o‘zingizni yaxshi ko‘rasiz, sizga mazza-ya»... Nima uchun ba’zi odamlar arzimagan pul uchun hamma narsaga tayyor? Yengiltaklik bilan topilayotgan pullarga havas qilayotganlar rostdan ham muhtojmi, dangasami, o‘qimaganmi yoki mehnatsiz topilgan luqmani yeb yashaganmi?... shuni ilmiy-tadqiqot qilish mumkindir...

Ilmiy maqolalarning «tili» qiyin...

2023-yil yanvar oyida olimlar 1600 nafar rossiyalik o‘rtasida telefon orqali so‘rov o‘tkazishdi. «Fan va texnologiyaning yangi yutuqlari sizni qiziqtiradimi?» degan asosiy savolga ryespondentlarning 70 foizi ijobiy javob berdi. Biroq, respondentlarning yarmidan ko‘pi (58%) so‘nggi o‘n yilliklarda Rossiya va jahon ilm-fani yutuqlarini nomlay olmadi.

Rostdan ham nima uchun odamlarimizda ilmiy maqolalarga, ilmiy shoularga qiziqish kam? Ehtimol ilmiy til ular uchun tushunarsizdir?

O‘sha tadqiqotda ishtirok etgan talabalar ham ilmiy materiallarni o‘qishga tayyor emasliklarini tan olishdi, chunki ular uchun aniq atamalar, formulalar va umuman murakkab tilni «o‘tish» qiyin edi. Ko‘ngillilarning 46 foizi va ilmiy talabalarning 27 foizi shunday javob berdi.

Rossiyada o‘tkazilgan yana bir talabalar va ko‘ngillilar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovda ikkala guruhdagi respondentlarning taxminan 40 foizi ilmiy kontent o‘sha ochiq sahifalarda va ular ko‘rgan yoki o‘qigan media resurslarida ko‘rinmasligini ta’kidladi.

Ulardan ilm-fan yangiliklarini qayerdan olishi so‘ralganida respondentlarning 42 foizi vaqti-vaqti bilan OAV va turli ommaviy axborot vositalarida fan yangiliklariga duch kelishini aytishgan.

Bundan tashqari, ular teledasturlarni asosiy manba deb atashgan (so‘rovda qatnashganlarning 65 foizi bunga javob bergan), ikkinchi o‘rinda internetdagi video. Ilmiy bilimlarni ommalashtirishning eng «samarasiz» xususiy kanallar podkastlar, radioeshittirishlar va bosma nashrlar bo‘ldi. Shu bilan birga, xuddi shu tadqiqot ishtirokchilarining boshqa javoblariga qaraganda, hamma ham fan tarixidagi faktlardan bemalol foydalana olmaydi. Respondentlardan so‘nggi 10 yil ichida turli sohalarda erishilgan eng muhim ilmiy yutuqlarni sanab o‘tish so‘ralgan: tibbiyot, fizika, kosmik fanlar, matematika, kimyo, yangi materiallar va boshqa bir qancha. Keyin ishtirokchilar tirik rus olimlarining ismlarini aytishlari kerak edi. Natijada 42% birorta ilmiy kashfiyotni nomlay olmadi, 84% esa biror olimning ismini eslay olmadi.

Endi tasavvur qiling, bizda shunday so‘rov o‘tkazilsa qancha odamlar olimlarni biladi yoki ilmiy kashfiyotlarimizdan xabardor?

Yana bir tadqiqot doirasida sotsiologlar 3000 nafar rossiyalik olimlardan ularning bolalik va maktab yillarida fanga qiziqishlari nimada saqlanib qolgani haqida so‘rashdi: 94% ilmiy-ommabop dasturlar va filmlarni tomosha qilishlarini aytdi, 92% ilmiy fantastika o‘qigan, 91% ilmiy-ommabop kitob va jurnallarni o‘qiydi, 79% olimlarning tarjimai holi bilan qiziqdi, 72 foizi o‘qituvchilar tufayli fanga qiziqib qolgan, 58% olimlar bilan muloqot qilish tajribasiga ega, 55% fan va texnologiya klubi yoki fan maktabida qatnashgan. Demak, mana shunday so‘rovlardan keyin ilmiy-ommabop dasturlarni ko‘paytirish kerakligi, ilmiy fantastik asarlar yozilishiga ehtiyoj borligi o‘z-o‘zidan ayon bo‘ladi.

Olimlardan, shuningdek, ilmiy bilimlarni tarqatishda nima yordam berishi mumkinligi haqida so‘rashdi: ilmiy ma’ruzalar, YouTube’dagi videolar birinchi o‘rinni egalladi. Ammo olimlar shaxsiy bloglar va ommaviy mukofotlarni eng kam samarali usullar deb bilishadi.

AQShliklar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovlarga qaraganda 54 foiz odamlar olimlarga o‘rtacha darajada, 18 foizi esa yuqorida darajada ishonishadi, 14 foizi olimlarga unchalik ishonmaydi. Ulardan ilm-fanning jamiyatga qo‘shgan hissasi haqida so‘ralganda 69 foiz odamlar fan o‘zlariga o‘xshash odamlarga foyda keltirishini aytadi, 41 foizi fan o‘z mamlakatlaridagi ko‘pchilikka foyda keltirishiga ishonadi, 15 foizi ilm-fan ne’matlaridan faqat bir necha kishi bahramand bo‘ladi, degan fikrda.

Bizda-chi, ilm-fandan qancha odam foydalanayapti, o‘qib-o‘rganishi uchun oddiy odamlarga qanchalik foydasi tegayapti? Bugun texnika zamonida ularni internetga, saytlarga joylashtirish va topib foydalanish qanchalik oson? Biz hali ilmiy ishlarning murakkab tiliga to‘xtalmadik. Modomiki, ilmiy ishlar shunchaki tadqiqot bo‘lib qolmasdan odamlar foydalanishi uchun qilinarkan, tushunarli tilda yozilishi ham o‘rganib ko‘rilganmi?

Kechikishni yaxshi ko‘rishimiz ham bir mavzu

Nima uchun biz doimo kechikib yuramiz? Davlat miqyosidagi tadbirlardan tortib konsert, teatrlargacha kech boshlaymiz, kech boramiz. Bu qonimizda bormi?

Xorij tadqiqotlarning birida aytilishicha, kech qolishga shaxsiyat ham rol o‘ynarkan, ba’zi shaxsiy xususiyatlar masalan vijdonning pasayishi ba’zi odamlarning oldindan rejalashtirgan vazifalarni unutishga olib kelishi mumkin. Kechikmaslik, vaqtni qadrlash borasida Germaniya, Shvetsariya va Yaponiya xalqini misol keltirish mumkin. Ular uchun vaqt juda qadrli. Agar kechikib yuradiganlari ko‘p mamlakat biz bo‘lsak, demak vijdonlilik bizda pasayib ketgan. Shvetsariya, Germaniya va Yaponiyaning rivojlanishi, ya’ni ularning vaqtni qadrlashi, shaxsiy xususiyatlarining yetukligi bilan bog‘liq, degan xulosaga kelish mumkin.

Umuman olganda butun dunyo bo‘yicha insonning (FFM) besh omil modeli mavjud. Ya’ni insondagi shaxsiy yetuklikning besh xususiyati – nevrotizm, ekstraversiya, ochiqlik – (tajribalarga, ilmga), muvofiqlik va vijdonlilik. Xo‘sh, bizning millatda qay bir xususiyatlarimiz yuqori, ochiqmizmi yoki vijdonli, ektsraversiya – (do‘stlik, xushchaqchaqlik, qat’iyatlilik) kuchlidir, yoki vijdonlimizmi? Mana shu «Atom odatlar» kitobida vijdonlilik irsiyatga bog‘liq degan fikrni o‘qib qoldim. Bu men uchun evrika. Xo‘p mana shu bizning millat odamlarida vijdonlilik qay darajada? Birgina misol qanchadan-qancha bolalar yetim bo‘lib qolayapti, otalik instinkti, mas’uliyati nega yo‘q? Yoki yaxshi qurilmagan uylarning qulab tushishi oqibatida odam o‘lsa, ta’mirsiz yo‘l tufayli avtohalokat yuz bersa, maktab oldiga qo‘yilmagan oddiygina belgi tufayli bola halok bo‘lsa VIJDON nega qiynalmaydi? Biz ishiga befarq mas’ullarni vijdonsiz, deb noliganimiz bilan hech narsa o‘zgarmaydi...vijdonni qanday tarbiyalash, shakllantirish va kuchaytirish haqida ilmiy tadqiqotlar kerak, aynan bizning mentalitet va millatimizga xosligi ta’minlangan holda.

Yoki meni shu kunlarda yana bir savol qiynayapti, nima uchun qishloqlarda odamlar uylarini turli joylarga qurib olishadi, yoki nimaga Toshmat usta, xotini oddiy hamshira ammo uyini ko‘rsangiz havasingiz keladi, lekin Eshmat ham usta, xotini o‘qituvchi uyi juda abgor holatda. Bu ikki odamga o‘xshash yurtdoshlarimiz ko‘p. Bugungi kunda biri mehnatining ortidan yaxshi yashayapti, biri esa dangasa-da yoki ish yo‘q, o‘qituvchining oyligi kam degan quruq gap javobi yo‘q savollarni keltirib chiqaradi. Ilmiy dalil kerak. Nima uchun Toshmat kabi odamlar qila olayotgan ishni Eshmatga o‘xshaganlar eplay olmayapti, ularning bolaligi, oilaviy muhiti, pulni joy-joyiga qo‘yib ishlatishi, garchi juda zerikarli eshitilsada moliyaviy savodxonligi qanday bo‘lgan? Ilmiy tadqiqotlar shu qadar kuchga egaki, bitta savolning orqasidan yuzlab savolga javob qidirishingiz va topishingiz mumkin. Shunday savollardan biri boqimandalik qon-qonga singib ketadimi yoki g‘urursizlikmi? Ana endi yana bir savol: g‘ururni qanday tarbiyalash mumkin, millatimizga mos bo‘lgan tadqiqotlar bormi shu g‘urur, or-nomus haqida. Chunki odamlarda g‘urur yoki or-nomus qolmadi, deb qo‘yish bilan g‘urursizlarni kamaytirib bo‘lmaydi.

Qanchadan-qancha odam tirikchilikning aybi yo‘q, deb xorijda har qanday ishni qilishga tayyor, avvalo ishsizlikni sabab qilib ko‘rsatamiz, ya’ni shunga o‘rganib qolganmiz, ammo o‘ziga har qanday ishni ep ko‘rmaydigan odamlar ham bor-ku oramizda. Shu ikki holatni o‘rganish mumkindir, ularning oilasi, bolaligi, muhiti, o‘qigan kitoblari yoki umuman kitob o‘qimaganligi taqqoslansa savollarga javob topilar. Yoki o‘sha «tirikchilikning aybi yo‘q», degan maqol motivatsiya berayotganmikan?... Intellektual salohiyatimiz qay darajada, tadqiqotlarda aytilishicha yumorni yaxshi tushungan odamning intellektual salohiyati kuchli bo‘ladi, deyishadi. Biz jiddiymizmi yoki yumorni yaxshi tushunamizmi?

Xullas, bugungi kunda odamlarimiz o‘z shaxsiyatiga qiziqishni boshlagan bir paytda ko‘pchilik turli savollar, fikrlar qurshovida turibdi.

Ishonmasangiz, men kabi ushbu savollarni internetga berib ko‘ring: «Zo‘ravon o‘qituvchilar qayerdan paydo bo‘ladi?», «Qaynonalar nega kelini bilan kelishmaydi?», «Qovun-tarvuz dalada qolib ketmasligi uchun kelasi yil nima qilish kerak?», «Zo‘ravon erning bolaligi» – aniq bilaman o‘zbek tilida mazza qilib o‘qiydigan birorta ilmiy-tadqiqot topolmaysiz. Ana endi shu savolni ingliz tiliga tarjima qilib qidiring, xohlaganingizcha manba bor. Yana men tadqiqot mavzusida ajaoyib terminlarga duch keldim: mahalliy tadqiqot, hududiy tadqiqot... Ha, o‘zligimizni anglashimiz, topishimiz, o‘zgarishimiz, o‘sishimiz, rivojlanishimiz uchun bizga tadqiqotlar juda zarur va juda ko‘p kerak, ya’ni mahalliy, hududiy tadqiqotlarga ehtiyojimiz bor.

Barno Sultonova

 

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring