Olis urush xotiralari (video)
«Tirik, u tirik ekan» degan so‘zlarini eshitdim...
Urush qatnashchilari yildan-yilga kamayib bormoqda. Urushning oxirida borgan o‘spirin ham 87 ga kirdi.
Rashid Rahmonov ham bu yil 95 yoshga kiradi.
Qahramonimiz urush xotiralarini shunchaki so‘zlab berolmaydi. Har gal urush manzaralarini eslar ekan, asablari zo‘riqadi, ko‘zlariga yosh keladi. Urushni la’natlaydi. «Urushni ko‘rmanglar!» deb duo qiladi.
Orzulari ko‘p yigitcha edim
1924-yili Xo‘jandda tug‘ilgan ekanman. 1928-yili ota-onam Samarqandga ko‘chib kelishgan. To‘rt yoshimda otamning to‘pponchasini ko‘tarib chiqib odamlarni bir qo‘rqitgan ekanman. Keyin otamni Urgutga ishga yuborishdi. 1940-yili Urgutdagi 1-maktabning yettinchi sinfini tugatganimdan keyin Samarqanddagi pedagogika bilim yurtiga o‘qishga keldim. Birinchi kursni bitirayotganimda urush boshlanib qoldi.
1941-yil avgustda meni urushga olishdi. Qizil vagonda 14 kun yurib, Gorkiy shahriga bordik. Uch oy tayyorgarlikdan o‘tib, Kalinin shahrining mudofaasiga otlandik. Men urushning shunday davrida bordimki, qahramonliklarimizni aytib maqtanadigan ahvolda emasdik. Ketma-ket shahar va qishloqlarni tashlab chiqar, mag‘lubiyat alamini tortib, chekinar edik.
1943-yilning iyuli hech esimdan chiqmaydi. Bu Kursk yoyida sodir bo‘lgan edi. Bu urush taqdirini hal qilgan jang edi. Biz o‘limning emas, o‘lim bizning saflarni oralab yurar edi. Har lahzada o‘ngda yo chapda kimdir qulardi. Biz esa u paytda o‘limdan qo‘rqmas edik. Bu gaplarni o‘zimni qo‘rqmas qahramon qilib ko‘rsatish uchun aytmayapman. To‘g‘ri, qo‘rqar edik, atrofimizda bomba portlaganda qo‘rqib, yuz tuban yotib olardik. Lekin atrofimizdan tinimsiz vizillab uchib o‘tayotgan o‘qlarga deyarli parvo qilmasdik. Vaholanki, ko‘p yigitlar bomba portlashidan emas, o‘sha daydi o‘qlardan o‘lim topardi. Biz o‘qqa chap berishni, jonimizni saqlashni emas, dushmanni daf qilishni o‘ylar edik. Chekinish joniga tekkan jangchilar endi fashistlarni chekintirish istagida olov bo‘lib yonishardi. Ana shu shiddat, fidoyilik Kursk yoyidagi muvaffaqiyatni ta’minladi va shu kundan dushman chekina boshladi.
Qaranglar-chi, hali tirikmi?
Kursk yoyi har ikkala tarafdan o‘lgan askarlarning jasadlari va yaradorlar bilan to‘lib ketdi. Shunday bo‘ldiki, biznikilar bilan dushmanlarning yaradorlari, halok bo‘lgan jangchilar qorishib ketdi. Meni ham dushman o‘qi yiqitdi...
Kunduzi yaradorlarni janggohdan olib chiqishning iloji yo‘q. Kechasi sanitarlar ot-aravada kelib, yaradorlarni olib ketishadi. Men tungacha sanitarlar kelishini kutib, ko‘p qon yo‘qotganim tufayli goh hushimga kelib, goh hushimdan ketib yotardim. Ammo kechasi kimningdir «Tirik, u tirik ekan» degan so‘zlarini eshitdim. Meni aravaga olishdi.
Dala gospitalida o‘zimga keldim. Oyog‘imni belimgacha bog‘lab tashlashgan edi. O‘n besh kun davomida bir xil manzara: bosh vrach keladi va «Qaranglar-chi, hali tirikmi?» deb so‘raydi. Keyin bilsam, ko‘p qon yo‘qotganim tufayli tirik qolishim ehtimoli kam bo‘lgan ekan. Shuning uchun meni operatsiya qilishga ham shoshilishmayotgan ekan.
Ana o‘shanda ko‘nglimdan bir gap o‘tdi: agar sog‘ayib ketib, oyoqqa tursam, to oyoqda tik yurar ekanman, hech kimga yomonlik qilmayman, qo‘limdan kelgancha yaxshilik qilaman.
Shu niyatim ijobat bo‘ldimi, o‘n besh kun o‘tib, meni operatsiya qilishdi. Gospitalda besh oy davolanib, yana safga qaytdim.
Men tankchi bo‘laman
Meni Kiyevdagi tankchilar tayyorlaydigan bilim yurtiga yuborishdi. Tayyorgarlikdan o‘tganimdan keyin 4-Ukraina frontiga yuborishdi. Men bu frontda o‘ziyurar qurol komandiri sifatida yana jangga kirdim. O‘ziyurar qurol deganimiz tankka o‘xshagan qurilma bo‘lib, farqi usti ochiq va unga ham tankniki singari 76 mm. kalibrli to‘p o‘rnatiladi. Mashinaning to‘rt kishilik ekipaji va 76 ta snaryadi bo‘ladi.
Polkimizning chekiga Ujgorod shahridan to Chexoslovakiyagacha bo‘lgan hududni dushmandan tozalash tushdi.
Dushman bilan yuzma-yuz
Ana shu frontda eng dahshatli jangga guvoh bo‘ldim. Armiyasi tinimsiz chekinayotganiga chiday olmagan Hitler eng yangi tanklari, o‘ziyurar to‘plari bilan mukammal qurollangan qo‘shinini aynan bizning frontga tashladi. Oldin xuddi qiyomat qoyim bo‘lgandek samolyotlar bombardimon qilishdi. Uzoqqa otadigan artelleriyadan rosa snaryadlar yog‘dirishdi. Shundan keyin yerni zirillatib, ko‘plab og‘ir tanklar, o‘ziyurar to‘plar, hisobsiz piyodalar bizga qarshi hujumga o‘tdi. Chor tarafda yorilayotgan snaryadlarning hisobi yo‘q. Bittasi bizga yaqin portladi. Bir muddat ko‘rmay qoldim. Yuzimdan shovullab qon oqardi. Xayriyat, ko‘zim chiqib ketmabdi. Qonni to‘xtatishga, jarohatni bog‘lashga esa vaqt yo‘q edi...
Ana shu qirg‘inbarot jangda dushman tanki bilan yuzma-yuz bo‘ldim. U tank ham bizga qarab zambaragini to‘g‘rilay boshladi. Men ham. Nihoyat, to‘plarimiz ham yuzma-yuz bo‘ldi. Menimcha, fashist tankchilari to‘pga snaryad joylashga kech qolishdi. Bizniki esa o‘qlangan edi. Men oldin otdim. Fashistlarning «Yo‘lbars»i gurillab yona boshladi. Tankdan qochib chiqadigan fritslarni poylab, avtomatni qo‘limga oldim. Ammo ular chiqa olmay yonib ketishdi.
Yuzma-yuz olishuvdagi g‘olibligim «Jasurligi uchun» medali bilan taqdirlandi.
Siz ofitser bo‘lasiz
1944 yilning dekabrida Chexoslovakiyani ozod qilish chog‘ida qo‘limdan yarador bo‘ldim.
Bitta narsani kashf qildim. Jangchi yarador bo‘lguncha jangga xuddi o‘yinga kirgandek kirarkan. Vizillab uchib turadigan o‘qlar hatto zavq berarkan. Ammo bir-ikki marta yarador bo‘lgach, oldingi shiddati pasayar ekan. Salgina ehtiyotkor bo‘lib qolarkan.
Gospitaldan so‘ng meni Kiyevga, harbiy bilim yurtiga o‘qishga yuborishdi. Endi mening zimmamga harbiy ofitser bo‘lish tushgan edi. Yarim yil ana shu harbiy bilim yurtida o‘qidim.
Ana shu yerda hayotimizdagi eng quvonchli voqea sodir bo‘ldi!
Ofitserlar! Pod’yom!
Hali soat tonggi beshlar edi. Navbatchining baland ovozidan hammamiz uyg‘onib ketdik:
− Ofitserlar! Pod’yom! Urush tugadi! G‘alaba!
Hali tong yorishmagan. Hamma tashqariga otildi. Kim kiyingan, kim yalang‘och. Buning ahamiyati yo‘q. Ko‘chalar odamga to‘lib ketdi. Kimdir osmonga o‘q otgan, kimdir pistoletidan «raketa» otgan. Hammayoq qiyqiriqqa to‘lib ketdi. Tanigan-tanimagan bir-birini quchoqlaydi, bir-birini o‘padi. Ayollar yig‘lagan. Bizdan o‘zini olib qochib yurgan qizlar kelib, bo‘ynimizga osilgan, o‘pgan...
Axir bu g‘alaba kuni edi-da!
Tankchilarning ustozi bo‘ldim
Urush tugagandan keyin ofitser bo‘lib, bir umr harbiy formada yurgim kelmadi. Urushning o‘zi bezdirib bo‘lgan edi. O‘qishni davom ettirmasligimni aytdim. Keyin meni Gorkiy shahriga yuborishdi. Ikki yil davomida armiyaga yangi kelganlarga tankchilikni, uni haydash va to‘pdan otish sirlarini o‘rgatdim.
1947-yildagina meni demobilizatsiya qilishdi. Shunda ham bir umrga emas, zaxiraga.
Men traktorchi bo‘laman
Urgutga keldim. Biror oy o‘tgach, otam: «Xo‘sh, o‘g‘lim, damni olib bo‘lding, endi nima qilmoqchisan?», — deb so‘radi. «Traktorchi bo‘laman», — dedim. Traktor ham tank bilan bir xil edi, men esa tankchi edim-da. «Traktorchilikka doim ulgurasan, Urgutga oliy ma’lumotli o‘qituvchilar yetishmayapti. Muallimlar institutiga o‘qishga borgin, matematik bo‘lib kelgin», — dedi. «Ota, to‘rt yil urushda yurgan odamning kallasida matematika qolibdimi?», — dedim eplay olmasligimdan qo‘rqib. «Mehnat qilsang, hammasini eplaysan», — dedi otam. Shu bilan Samarqanddagi ikki yillik muallimlar tayyorlaydigan institutga kirdim. Otam aytgandek tinimsiz o‘rgandim, izlandim. Kam uxlab, ko‘p o‘qishni odat qildim. Natijada birinchi kursni faqat besh bahoga tugatdim. Ikkinchi kursda esa Stalin stipendiyasi oldim. Bu domlalarning oyligidan ko‘proq edi. Institut komsomoli boshlig‘i bo‘ldim.
Institutni qizil diplom bilan bitirganimda yigirma beshga kirib qolgandim. Ammo ustozim Abdullayevning tavsiyasi bilan universitetga kirib, davlat stipendiyasi bilan o‘qidim. Komsomol tashkilotini boshqardim. Universitetni ham qizil diplom bilan bitirdim. Tirishqoqligimni ko‘rgan ustozlarim matematika fakultetida ishga olib qoldilar.
Mening universitetim
Avval matematika fakultetida assistent bo‘ldim, o‘qituvchi bo‘ldim. Keyin Bokuda aspiranturani bitirib keldim. Fizika-matematika fanlari nomzodi, katta o‘qituvchi, ko‘p o‘tmay dotsent bo‘ldim. O‘n ikki yil kafedraga mudirlik qildim. Olti yil matematika fakulteti kechki bo‘limi dekan o‘rinbosari bo‘ldim.
58 yil umrim Samarqand davlat universitetida o‘tdi. 53 yil dars berdim. Minglab shogirdlar yetishtirdim. Hali ham shogirdlarim G‘alaba kuni yo‘qlab turishadi, qo‘ng‘iroq qilishadi...
2006-yildagina, 82 yoshimda pensiyaga chiqdim.
Mening mukofotlarim
Umrim davomida ko‘p orden-medallar, mukofotlarga loyiq ko‘rildim. 1-darajali «Vatan urushi» ordeni, jangovar medallar oldim. Yubiley medallari bilan, hukumatning faxriy yorliqlari bilan mukofotlandim. «Xalq maorifi a’lochisi» unvonini berishdi. Mashina ham berishdi. Xullas, mukofotlarim ko‘p.
Ammo eng oliy mukofot − mening oilam, farzandlarim, nevaralarim, evaralarim.
Taqdir peshonamga o‘zimga adash bo‘lgan Rashida ismli qizni bitgan ekan. Qozondan kelgan bu qiz mendan bir kurs yuqorida o‘qirdi. 29 yoshimda unga uylandim. U fizik edi. Umrining oxirigacha bitta joyda — sil dispanseri qoshidagi maktabda sil bilan og‘rigan bolalarga dars berdi. O‘g‘lim Ravil ham fizik bo‘ldi. Uning qizlari vrachlar, o‘g‘li ichki ishlar xodimi. Qizlaridan nevaralari bor. Qizim Ra’no mening izimdan ketdi. U matematika fanlari nomzodi. Undan ham nevaralarim va evaralarim bor. Qizim Rahima vrach. U hozir «Sog‘lom avlod uchun» xalqaro xayriya jamg‘armasining viloyat bo‘limi rahbari. U ham o‘g‘il uylantirib, qiz chiqardi. Ikkalasidan ham nevaralari bor. Kenja qizim Roziya ham vrach. Shahar bolalar stomatologiya poliklinikasida bo‘lim boshlig‘i. Ikki o‘g‘li bor. Ha, aytgancha, hamma farzandlarim maktabni oltin medal bilan tugatgan. Davlat stipendiyasi olib o‘qib, oliy ta’lim muassasalarini qizil diplom bilan tugatishgan.
Katta nevaramning qizi o‘zi bilib-bilmay bitta gapni aytdi: «Bobomning nevara, evaralari bor, ammo hali chevarasi yo‘q. Men o‘n oltiga kirsam, erga tegaman va bobomga chevara hadya qilaman». O‘n ikkiga kirgan evaramning niyati ijobat bo‘lib qolsa, chevaralarni ham ko‘ramiz nasib bo‘lsa! Ishqilib tinchlik bo‘lsin! Tinchlik bo‘lsa, har qanday orzuga yetadigan zamon bo‘ldi.
Nima uchun farzandlar, nevara, evaralar men uchun oliy mukofot? Chunki ularning har biri tug‘ilganda bitta narsa yodimga tushaveradi: dala gospitali, vrach kirib keladi va har gal bitta narsani so‘raydi: «Qaranglar-chi, hali tirikmi?». Men esa hali tirikman!
Meni yig‘latgan mukofot
Yuqorida aytdim, men ko‘p mukofotlar oldim deb. Ammo davlatimiz rahbari bergan bir mukofot mening ko‘zlarimdan yosh oqizdi. «Sog‘lom avlod uchun» jamg‘armasidagi samarali mehnatlari uchun qizim Rahimaga «Do‘stlik» ordeni berildi. Buni eshitib, ishonasizmi, chorak soatcha o‘zimga kelolmadim. Kichkina qizimning telefon raqamlarini terganman, ammo unga bu xushxabarni aytolmayman. Tinimsiz yig‘layman. Gapiray desam, tomog‘imga bir narsa tiqilib qolgan. Qizim yetib keldi nima bo‘libdi deb.
Farzandlaring erishgan muvaffaqiyat o‘zingnikidan azizroq bo‘larkan. Farzandlarimiz bor ekan, biz o‘lmaymiz. Ular bizdan ham yuksakroq parvoz qilishadi. Bizning orzularimiz ular bilan birga parvoz qilishadi.
Doimo bir xil duo qilaman
Bizni hamma joyda qadrlashadi. Prezident saflari kamayib qolgan urush veteranlarining hurmatini joyiga qo‘ymoqda. Bu yil ham bizga alohida e’tibor qilib, 5000000 so‘mdan mukofot berilishini e’lon qildilar. Biz u kishidan minnatdormiz. Davlat hisobidan bitta kuzatuvchimiz bilan urushda bo‘lgan joylarimizni ko‘rib kelishimiz, shuningdek, Sochi, Yalta, Kislovodskdagi sanatoriylarga bir kuzatuvchimiz bilan birga borib, dam olib kelishimiz mumkin ekan. Men Yaltadagi sanatoriyni tanladim. Nasib bo‘lsa, may oyi oxirlarida Rahima qizim bilan Yaltada dam olib kelaman.
Barcha quroldoshlarimni, front ortida mehnat qilib, g‘alabani yaqinlashtirgan mehnat fronti veteranlarini g‘alaba bayrami, Xotira va qadrlash kuni bilan tabriklayman! Barchasiga sihat-salomatlik tilayman!
Har yili meni turli uchrashuvlarga taklif etishadi. Institutlarda, litsey, kollejlarda, harbiy qismlarda bo‘ladigan uchrashuvlarda vatan xizmatini qilish sharafli burch ekanini aytaman. Ularni tinchlikning qadriga yetishga da’vat qilaman. Ularga bitta gapni aytaman: urushni kinoda ko‘rish yaxshi. Urush faqat kinolarda qolsin! Urush – dahshat! Urushning dahshatini so‘z bilan aytib bo‘lmaydi. Aytganing bilan urushni ko‘rmagan odam tasavvur qilolmaydi.
Duo qiling deyishadi, men esa doimo bir xil duo qilaman: «Urushni ko‘rmang! Urushni siz-ku ko‘rmang, farzandlaringiz ham, nevaralaringiz ham, evaralaringiz ham ko‘rmasin! Tinchligimiz barqaror bo‘lsin!».
Karimberdi To‘ramurod suhbatlashdi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter