Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Oliy sud «lazeyka» haqida gapirgan IIV mutasaddisi uzr so‘rashi kerakligini aytmoqda. Nega?

Oliy sud «lazeyka» haqida gapirgan IIV mutasaddisi uzr so‘rashi kerakligini aytmoqda. Nega?

Foto: AOKA matbuot xizmati

Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi mas’ul xodimlarining ommaviy axborot vositalari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tgandi. Unda Toshkent shahri va viloyatiga doimiy propiskaga o‘tish asosiy mavzuga aylanib, bu borda IIV Bosh boshqarma boshlig‘ining ayrim mulohazalari bahs-munozaraga sabab bo‘lgandi.

Mutasaddining so‘zlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida ham e’tiroz uyg‘otdi. Oliy mahkamaning quyidagi munosabati ayni shu haqda.

***

Ichki ishlar vazirligi Bosh boshqarma boshlig‘i Badriddin Shorixsiyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Adminstratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan jurnalistlar bilan ochiq muloqot jarayonida ko‘p bahsli holatlar, aynan propiskadan o‘tish jarayonida yuzaga kelayotganligi, Toshkent shahriga propiskaga o‘tish, qo‘pol qilib aytganda, «lazeyka» bo‘lib qolganligi, shunga qaramasdan, ko‘pchilik fuqarolar sudga murojaat qilishayotganligi, sud qaror chiqargandan keyin xodimlari fuqarolarni propiska qilayotganligi, bu masalada yuqori tashkilotlarga ma’lumot kiritilganligi haqida fikr bildirgan.

Tabiiy savol tug‘iladi: bu fikrlar nechog‘li asosli?! Yoxud IIV Bosh boshqarma boshlig‘i nimaga asoslanib, bunday fikr yuritdi?

Ma’lumki, Toshkent shahrida fuqarolarni doimiy propiska qilish O‘zbekiston Respublikasining «Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinishi lozim bo‘lgan shaxslar – O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining ro‘yxati to‘g‘risida»gi Qonuniga asosan tartibga solinadi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 16-fevraldagi «Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinishi lozim bo‘lgan shaxslar – O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining ro‘yxati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bilan «O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish va turgan joyi bo‘yicha hisobga olish tartibi to‘g‘risida»gi Yo‘riqnoma tasdiqlangan.

Mazkur Yo‘riqnomaning 4-bandiga ko‘ra, doimiy propiska qilish uchun ariza Toshkent shahri yoki Toshkent viloyati tuman (shahar) ichki ishlar boshqarmasi (bo‘limi)ning migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limiga taqdim etilishi ko‘rsatilgan.

O‘ylaymizki, bu qoida talabidan ko‘pchilik, shu jumladan, IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish Bosh boshqarma boshlig‘i ham xabardor bo‘lsa kerak? Zero, birinchidan, mazkur qonun va Nizomda fuqaroni Toshkent shahriga sud qaroriga asosan propiska qilish haqida birorta qoida mavjud emas va sudlar buni yaxshi bilishadi.

Ikkinchidan, amaldagi FPK talabiga ko‘ra, sud tomonidan shaxsni turar joyga doimiy propiskaga qo‘yish yoki propiskadan chiqarish sudlar vakolatiga kirmaydi, bu ichki ishlar organlarining mutloq vakolatiga berilgan.

Uchinchidan, sud statistikasi tahliliga ko‘ra, o‘tgan yillar mobaynida sudlar tomonidan kimnidir Toshkent shahriga ro‘yxatga qo‘yish, kiritish haqida bironta ham qaror chiqarilmagan, bu fakt.

Ma’lumot o‘rnida shuni ham qayd etish joizki, sudlar tomonidan uyga kiritish, merosni taqsimlash haqida ko‘rilgan ishlar bo‘yicha chiqarilgan hal qiluv qarorlari fuqaroni uy ro‘yxatiga kiritishga asos bo‘lmaydi. Chunki uy ro‘yxatiga kiritishning yuqorida keltirilgan talablariga ko‘ra, uy mulkdorining roziligi talab qilinadi. Ya’ni sud, biron fuqaroni, aytaylik kelinni uyga kiritish haqida qaror chiqarishi uni faqat uyga kiritishga asos bo‘ladi, uy egalari roziligisiz uni ro‘yxatga qo‘yib bo‘lmaydi.

Xulosa qilib aytganda, OAVda bunday noxolis, asoslanmagan fikrlar bildirilishi fuqarolar orasida sud orqali Toshkent shahriga doimiy propiskaga o‘tish mumkin ekan, degan noto‘g‘ri fikr shakllanishiga olib kelishi mumkin. Shunday ekan, ichki ishlar organi vakili o‘z fikrlarini yuqorida qayd etilgan qonun hujjatlariga asoslanib, bildirilgan fikrlari sudlar faoliyati qonuniyligiga shubha tug‘ilishiga asos bo‘lishi mumkinligini inobatga olib, xolis va haqqoniy izoh bersa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Dunyo tajribasida esa, noto‘g‘ri yoki asoslanmagan fikr bildirib qo‘ygan mansabdor shaxs tez fursatda o‘z xatosini to‘g‘irlab, uzr so‘raydi.

Oliy sud Matbuot xizmati

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring