Oliy sud. Yangi yilning ilk ish kuni yaxshilik bilan boshlandi
Ikki nafar polvonchalari bilan oydek yashab kelayotgan er-xotin o‘rtasida gap qochib, yo‘llari ayro tushdi. Natijada kelin ikki yashar o‘g‘lini olib, ota uyi — Jizzaxga ketdi, besh yoshli to‘ng‘ichi eri bilan (Samarqandda) qoldi.
Oliy sud matbuot xizmati xabar berishicha, shundan keyin g‘urbatlar boshlanadi. Mahalla-ko‘y, katta-kichikning gapi er-xotinga kor qilsa, qani?! Bu orda ayol sud murojaat qilib, erida qolgan to‘ng‘ichini o‘z tarbiyasiga olib berishni so‘radi. Onaning farzandiga nisbatan haq-huquqlari qonunda qanchalar mustahkamlab qo‘yilganini bilasiz. Sud bittada ayolning da’vosini qanotlantirib, to‘ng‘ichini olib berdi.
Er esa sud qaroridan norozi bo‘la-bo‘la Oliy sudga shikoyat bitdi.
Bugun sakkiz oydan buyon birga yashamayotgan er-xotin Oliy sudga chiqirtilgandi.
Yangi yilning ilk ish kuni, joriy yil hisobidan birinchi qabul. Yo‘q, rasman sud majlisi o‘tkazilmadi. Balki, Oliy sud raisi o‘rinbosari X.Yodgorov va sudya G.Parpiyeva ular bilan do‘stona suhbatlashdi. Hamma narsa rasmiylikdan xoli, samimiy tarzda o‘rtaga tashlandi, muhokama qilindi.
Muhokama esa murosaga olib keldi. Bir necha oylardan beri bir-biriga «ko‘rsatib qo‘yish»ni diliga tugib yurgan er-xotin sud mutasaddilari huzurida yaxshi-yomon gaplar uchun o‘zaro uzrlashib, binodan qo‘ltiqlashi-ib chiqib ketdi! Ikkisi ham shoshardi, ikkisiniyam farzandlari intiroz bo‘lib kutmoqda-da?!
Yangi hafta yoki yangi oy emas, yangi yilning ilk ish kunidagi ilk qabul bunday xayrli boshlangani qanday yaxshi!
Niyat shuki, bunday xushkayfiyat yil bo‘yi tark etmasin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter