Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Oltin sohasida «xufiyona» iqtisodiyot ulushi yuqori ekani ko‘rsatib o‘tildi

Oltin sohasida «xufiyona» iqtisodiyot ulushi yuqori ekani ko‘rsatib o‘tildi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida mahalliy sanoatni rivojlantirish bo‘yicha kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilmoqda.

Ta’kidlanishicha, 2024-yilda zargarlikda ishlab chiqarish 200 million dollardan oshdi, eksport 17 foizga o‘sib, 92 million dollarga yetdi.

Shu bilan birga, mamlakatimizda yiliga 100 tonnadan ziyod oltin qazib olinayotgani bilan imkoniyatlarning o‘ndan biri ham ishga solinmayotgani qayd etildi.

Sohada «xufiyona» iqtisodiyot ulushi yuqori ekani ko‘rsatib o‘tildi. Yiliga 550-600 million dollarlik buyumlar norasmiy tilla bozorlarida aylanmoqda. Yoki, mustaqil izlovchilar 2020-yilda 40 kilogramm oltin topshirgan bo‘lsa, o‘tgan yili bu 100 karra kamaygan.

Yig‘ilishda sohani «soya»dan chiqarish uchun yakka tadbirkorlarga ham tilla buyumlari bilan savdo qilishga ruxsat berish, zargarlikda milliy brend yaratish uchun xorijdan dizayner, texnolog, qimmatbaho toshlar bilan ishlaydigan gemmologlarni olib kelish xarajatining bir qismini qoplash bo‘yicha takliflar bildirildi.

Davlatimiz rahbari ushbu takliflarni ma’qulladi.

Endilikda zargarlar ham yakka tadbirkor sifatida tilla buyumlari savdosi bilan shug‘ullanishi mumkin bo‘ladi.

Mutasaddilarga joylardagi norasmiy zargarlik rastalarini zamonaviy ko‘rinishga keltirib, ularning faoliyatini qonuniylashtirish topshirildi.

Chetdan mutaxassis olib kelish xarajatining 2,5 ming dollargacha qismi kamida 5 nafar shogird chiqarish sharti bilan qoplab beriladi.

Umuman, zargarlikda ham sanoat usuliga o‘tib, ichki bozorni himoya qilish va milliy brendlarni qo‘llab-quvvatlash vaqti kelgani qayd etildi.

Buning uchun zargarlik sanoatida ishlatiladigan uskunalar va ularni butlovchi qismlari import bojidan ozod qilinadi.

Navoiy va Olmaliq kombinatlaridan oltinni bo‘lib to‘lash asosida sotib olish tartibi yana 3 yilga uzaytiriladi.

Nufuzli brendlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, ularning dizayni va qolipini olib kelish xarajatining 30 ming dollargacha qismi qoplab beriladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring