Rasul Kusherbayev: «Oltinsoy voqeasida vaziyatni madaniy yo‘l bilan hal qilolmagan mas’ullar aybdor» (video)
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev «Munosabat» ko‘rsatuvida Surxondaryo viloyatining Oltinsoy va Sariosiyo tumanlarida bo‘lgan voqealarga munosabatini bildirdi.
«Birinchi navbatda mas’ullar qonunga amal qilishda namuna bo‘lib berishi kerak. Qachonki ular qonunga to‘liq amal qilishni boshlashsa, xalq o‘rnak olib o‘zini tartibga solishni boshlaydi.
Surxondaryolik Donayeva ismli fuqaromiz menga bir yarim oydan beri murojaat qiladi. Men uning murojaatini o‘rganib chiqdim. Hayron qoldim: uyi buzilganga davlatning nomidan, hujjat qilib yer berilyaptida, keyin yangi hokim, prokuror kelib endi buniyam buzasan deyapti. Aytingchi, endi u nima qilishi kerak? Oxiri bolta ko‘tarib chiqishga majbur bo‘lyapti. Ayolni shunday qilishga kim majbur qildi? Mas’ullarning o‘zlari majbur qildi. Sug‘oriladigan yerda uy qurdi deyilyapti. Mana Toshkent viloyatini olaylik. Ko‘pchilik uylar sug‘oriladigan yerlarda qurilgan.
Bundan tashqari qonunlarni qabul qilib qo‘yganmiz. «Ma’muriy tartib-tamoyillar to‘g‘risidagi» qonun bor.
Odamlar bir kunda uyni qurib qo‘ymaydiku. Mas’ullar uni kuzatadi, nimadir manfaatdorlik borki, indamaydi. Qachondir uni xizmatini qilib, pulini olgan. Uyi buzilgandan keyin odam nima qiladi, ko‘chaga chiqadi-da. Nimaga mas’ullarimiz sudning qaroridan so‘ng buzish lozimligini esdan chiqarib qo‘yishyapti?
Agar Oltinsoydami, Sariosiyodami, boshqa joymi, fuqarolarga shu paytgacha qonuniy va bepul yo‘l bilan sug‘orilmaydigan yerlardan ajratib kelinganda, ular bunday yashirin ishlar bilan shug‘ullanmas edi.
Oltinsoy voqeasida fuqarolarning hech qanaqa aybi yo‘q. Ularga borib muomala qila olmagan, ishlolmagan, madaniy yo‘l bilan hal qilolmagan mas’ullarning o‘zi aybdor», deya fikrini xulosalagan deputat.
Eslatib o‘tamiz, Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanida uylarni buzish va aholini ko‘chirishda oddiy fuqarolar va IIB xodimlari o‘rtasida mojaro sodir bo‘lgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter