Ona-bola muloqoti: bir savol va sakkiz xato...
Yaqinda bir hayotiy vaziyatning guvohi bo‘lib qoldim. Ona va to‘rt yoshli bola o‘rtasidagi qisqagina suhbat meni mushohadaga tortdi.
— Oyijon, nega bugun havo issiq, yozmasku? — deb so‘radi bolakay.
— Unday dema! Bu Xudoni kuni, — deb javob berdi onasi va yumushini davom ettirdi.
Bola indamadi. Stolda turgan telefonni oldi-da, “shorts” videolari olamiga sho‘ng‘ib, o‘z xayollari bilan yolg‘iz qoldi. Bu manzara menga tanish insonlar hayotidan olingan bo‘lsa-da, unda jamiyatimizdagi ko‘plab katta muammolarning ildizi ko‘rinib turardi.
Ishonch va qiziquvchanlikning rad etilishi
Bu suhbatda, eng avvalo, bolaning fikrini inkor qilish holati yuz berdi. Bola norozilik yoki noshukurlik qilmayotgandi, u shunchaki o‘ziga qiziq bo‘lgan savolga javob izlayotgandi. “Unday dema” degan keskin taqiq esa bolaning endigina uyg‘onayotgan qiziquvchanligini bo‘g‘ib qo‘ydi. Vaholanki, bolaning aynan shu yoshdagi qiziquvchanligi qondirilmasa, u vaqt o‘tib atrof-muhitga befarq bo‘lib qoladi.
Mas’uliyatsizlik va hissiyotlarni tushunmaslik
Onaning havo issiqligini umumlashtirib izohlashi bolaning mantiqiy fikrlashini cheklab qo‘yadi. Albatta, bu Xudoning kuni, lekin issiqlikni tabiat hodisalari nuqtai nazaridan ham tushuntirsa bo‘lardi-ku? Bunday yondashuv bolada vaziyatlarga mas’uliyatsizlik bilan qarash ko‘nikmasini shakllantiradi. Ertaga u biror narsani sindirib qo‘ysa ham, buni o‘z xatosi emas, shunchaki “taqdir ishi” deb qabul qilishga o‘rganib qoladi. Bundan tashqari, bu yerda bolaning hissiyotlari ham inkor etildi. Bolaga haqiqatdan ham issiq! Uning kiyimlari qalin, tanasi noqulaylikni his qilyapti. Unga o‘z hissiyotlari “noto‘g‘ri” ekanligi uqtirilmoqda, bu esa kelajakda o‘z tuyg‘ularini anglay olmaydigan, emotsional intellekti past inson bo‘lib yetishishiga sabab bo‘ladi.
Telefonga ishonilgan tarbiya
Onaning vaqti yo‘qligi sababli bola o‘z onasi bilan suhbat qura olmadi. Uning gapi, fikri va hissiyoti rad etilgan joyda, u o‘ziga taskinni telefondan qidirdi. Shu tariqa, biz bolani o‘z befarqligimiz bilan telefonga yo‘naltiramiz. Vaholanki, bu oddiy savol kamida o‘n besh daqiqalik mazmunli, mehrli va rivojlantiruvchi suhbatga aylanishi mumkin edi.
Yechim kitobda...
Ko‘p ota-onalar farzandi bilan gaplashishga qiynaladi, sodda tilda tushuntirishga so‘z topa olmaydi. Bunday vaziyatda kitob eng zo‘r instrument bo‘la oladi. Kitob ota-onaga bola bilan muloqot qilish uchun mavzu, bilim va eng muhimi, to‘g‘ri so‘zlarni topib beradi. Farzandimizning aqliy va ruhiy rivojlanishi uchun kundalik yumushlardan ko‘ra, ular bilan quriladigan mana shunday kichik suhbatlar muhimroq ekanligini unutmasligimiz kerak.
Dinara Mo‘minova, bolalar yozuvchisi


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter