Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Ona Hindiston» nima uchun «Oskar» mukofotini olmagan?

«Ona Hindiston» nima uchun «Oskar» mukofotini olmagan?

Bir necha kun oldin YouTube tarmog‘ida «Ona Hindiston» nomli hind filmini ko‘rdim. Avvallari ham juda ko‘p marta tomosha qilgan edim...

Yurtdoshlarimiz «Ona Hindiston»ni sevib tomosha qilishadi. Sevimli bo‘lishi sababi uning hind kinosi bo‘lgani, sho‘x qo‘shiqlarga boyligi uchun emas – filmda qo‘shiqlar kam. Shuningdek, rangli tasvirda namoyish qilinganligi uchun ham emas – ushbu kinoasar aslida oq-qora rangli bo‘lib, o‘n yillar muqaddam rangli tasvirga o‘tkazilgan. «Ona Hindiston» oddiy qishloqda tinimsiz mehnat qilgan ona siymosining gavdalantirgani va haqiqiy hind dehqon ayoli hayotini aks ettirgani uchun ham sevimli, deb o‘ylayman.

Ushbu film 1957-yilda suratga olingan bo‘lib, qishloqdagi Radha ismli kambag‘al ayolning yolg‘iz holda ersiz va birovning yordamisiz ikki norasida o‘g‘lini oyoqqa turg‘azish uchun nochorlik bilan kurash tarixi tasvirlangan. Radha o‘z haqini talab qilib, ochko‘z, maishiy buzuq, sudxo‘r kishi hamda daladagi hosili uchun tabiiy ofat bilan kurashadi. U sudxo‘rning tegajoqligidan o‘zining ayollik or-nomusini saqlaydi.

Filmdagi bosh rolni Hindistonning mashhur aktrisasi Nargis (haqiqiy ismi Fotima Abdul Rashid, 1929–1981) ijro etgan. Bu rolgacha u allaqachon jahon kinosida o‘z o‘rniga ega bo‘lib ulgurgan edi. Nargis, ayniqsa «Daydi», «Janob 420» bilan mashhur edi...

1947-yilgacha aktrisa bir nechta filmda ishtirok etgandi. Shu yili u mashhur rejissyor, aktyor Raj Kapurning rejissyor sifatida birinchi filmi hisoblangan «Alangali ehtiros»da rol o‘ynadi. Ushbu kinoasar jahon bo‘ylab prokatda muvaffaqiyatga erishgach, Raj Kapur keyingi filmlarida Nargisni bosh ayol roliga taklif qila boshladi.

1948-yili Raj Kapur o‘zining «R.K. Films» (R.K. Filmz) kinostudiyasini ochdi va ilk rejissyor sifatida katta sharaf olib kelgan «Yomg‘irlar mavsumi» filmini suratga oldi. Unda Raj Kapur va Nargis tushgan bir lavha «R.K. Filmz» kinostudiyasining ramziy logotipiga aylandi. Bir qo‘lida skripka, ikkinchisida ayolni ushlab turgan rassom yigit aks etgandi unda. Musavvir, bu – Raj Kapur, ayol – Nargis edi.

1947–1956-yillarda Nargis Raj Kapur bilan birgalikda 16 ta filmda suratga tushdi. Ular eng yaxshi romantik juftlik bo‘lib, bir-birini tushunishi, juftlikdagi ohangrabolik tufayli, ekran hayoti qachon boshlanishi va tugashini tomoshabin bilmay qolardi. Raj Kapurga Nargis bilan kinodan tashqari munosabatlari to‘g‘risida so‘rashganida, boshqa hech qanday aloqalar yo‘qligi va Nargis uning yaratgan filmlarining onasi bo‘lsa, xotini Krishna bolalarining onasi ekanligini aytib javob bergan...

«Ona Hindiston»gacha jahon kino muxlislari Nargisning Raj Kapur filmlarida qatnashgan rollarini eng yaxshi rollar deb kelishgandi. Uning o‘zi esa «Yomg‘irlar mavsumi»dagi Reshma rolini eng sevimli roli hisoblagan.

1956-yilda hind kinosida mashhur hisoblangan Raj Kapur-Nargis juftligi intiho topdi. Endi jahonga mashhur ikki hind kino yulduzi kinoda birga chiqmaydigan bo‘lishdi. Juftlik «Hammadan pinhona» (Chori Chori) filmida oxirgi bor birga o‘ynadi. Nargisning hadeb Raj Kapur bilan birga chiqishi uning shaxsiy hayotiga to‘sqinlik qilishi mumkin edi. Aktrisa buni hisobga olib, uning filmlaridan butunlay ketishga qaror qiladi. O‘zining fikricha, ularning kinodagi «juftligi» muxlislarni «zeriktirgan» edi. Endi u ijodiy faoliyatini «boshqacha yo‘sinda» o‘zgartirmoqchi bo‘lgandi.

Kino muxlislarini Nargis Raj Kapursiz qanday rol ijro etishi qiziqtirardi. «Ona Hindiston» suratga olinishidan oldin 26 yoshli Nargis hali turmush qurmagan, ona bo‘lmagan edi. Filmda u kelinchak, yosh xotin, bolalarini yolg‘iz tarbiyalagan ona, buvi, hatto katta o‘g‘lining sochlari oqarib ketgan yoshiga qadar yashagan qariya ona rollarini mukammal ravishda ijro etgan. To‘g‘ri, rol yaratishda pardozning ham o‘rni bor. Lekin Nargis yuz mimikalari harakati, ravon tili bilan o‘zining mashhur aktrisa ekanligini butun jahonga tanitdi.

Film Hindistonda «Hamma davrlarning blokbasteri» degan nomga sazovor bo‘ldi. Kinoprokatda pul yig‘imi bo‘yicha uch yil mobaynida birinchi o‘rinda turdi. Ayniqsa, hind filmlari orasida birinchi bor «Oskar» olish uchun xorijdagi eng yaxshi film nominatsiyasida ko‘rsatilishi ham jahonda tan olinganining isbotidir.

«Ona Hindiston» 2010-yili Empire jurnali tuzgan «ingliz tilidan bo‘lmagan jahonning eng yaxshi 100 filmi» orasida 80-o‘rinni egalladi. Hindiston Milliy kinomukofotini oldi. Filmfare Awards bo‘yicha eng yaxshi film, eng yaxshi rejissura (Mehbub Xon), eng yaxshi tasvirchilik ishi (Faredun A.Irani), eng yaxshi ovoz operatori ishi (R.Kaushik), eng yaxshi ayol roli (Nargis) mukofotlarini qo‘lga kiritdi. Film Karlova Varida o‘tkazilgan xalqaro kinofestivalda eng yaxshi ayol roli (Nargis) uchun mukofotini ham qo‘lga kiritdi. Nargis «Bollivud»da haqiqiy «qirolicha» ekanligini tasdiqladi.

«Ona Hindiston» Yaqin Sharq davlatlarida, sobiq ittifoq, AQSh, Yevropa, Lotin Amerikasi davlatlarida namoyish qilindi. Darvoqe, u nima uchun «Oskar» mukofotini qo‘lga kiritmagan? «Ona Hindiston» fohisha ayol hayoti haqida suratga olingan Italiyaning «Kabiriya kechalari»dan atigi bir ovoz kam ball to‘plagan...

Yana bir qiziq ma’lumot shuki, filmni suratga olishda budjetdagi pul yetmay qolgan va rejissyorga Nargis pul bergan. Jami uch yilcha vaqt ketgan. Filmdagi yong‘in sahnasida Radxa o‘g‘li Birjuni qidiradi. Unda Nargis dublyorsiz, o‘zi qatnashgan. Shamol yo‘nalishi o‘zgarib, yong‘in ratdan chiqib ketadi. Nargis ulkan alanga qa’rida qoladi. Agar uni Sunil Datt (Birju rolini ijro etgan) qutqarmaganida, aktrisa halok bo‘lishi mumkin edi. Xaloskori bo‘lmish Sunil Dattni Nargis sevib qoladi. Film suratga olingach, Sunil Datt aktrisaning qo‘lini so‘raydi. Nargis Sunil Dattga turmushga chiqadi...

Abdurashid Qo‘ziboyev.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring