Ongli iste’mol trendi. Raqamli markirovka mahsulotlar haqidagi tasavvurni qanday o‘zgartiradi?

Zamonaviy jamiyat xarid qilishga da’vatlar bilan o‘ralgan bo‘lib, bu, shubhasiz, ong va iste’molchilik odatlariga ta’sir qiladi. Biroq, har doim ham xarid foydali va asosli bo‘ladimi? Ko‘pincha odam ikkita quyonni tutishni xohlaydi - brend buyumini sotib olishni, lekin shu bilan birga cho‘ntagiga zarar keltirmaslikni istaydi. Arzonroq analoglar ortidan quvib, vijdonsiz sotuvchi qo‘liga tushib qolish va kontrafakt sotib olish xavfi esa yuqori. Iste’molchi soxta maishiy texnika sotib olib, pul yo‘qotsa, sifatsiz dori va qalbaki ichimliklar sotib olib o‘z sog‘lig‘ini xavf ostiga qo‘yadi. Bu esa ba’zan tuzatib bo‘lmaydigan zarar yetkazishi mumkin.
Bugungi kunda tobora ko‘proq odamlar ongli iste’mol sari yo‘nalmoqda. Iste’molchilar mahsulot haqida ko‘proq ma’lumot olishni istamoqdalar va shu bilan birga talabchan bo‘lmoqdalar: ular aynan nimani sotib olishlarini, tovar qayerdan kelishini hamda u hayot va sog‘liq uchun xavf tug‘dirmasligini bilishni xohlaydilar.
Raqamli markirovka tovarlarni qabul qilish va iste’molchilarning brendlar bilan o‘zaro munosabatlarini tubdan o‘zgartiruvchi muhim vositadir. Ushbu innovatsion yondashuv mahsulot sifati va haqiqiyligiga yangicha munosabatni shakllantiradi.
Raqamli markirovka iste’molchilarga faktlar va shaffof ma’lumotlarga asoslanib, ongli qarorlar qabul qilish imkonini beradi.
Vaqtni behuda sarflamasdan
Xilma-xil tovarlar orasida umid va ehtiyojlarga mos keladigan mahsulotni aniqlash oson bo‘lmaydi. «Asl Belgisi» raqamli markirovka kodlarini o‘qish uchun mobil ilova xaridga oqilona yondashishga yordam beradi. Yaqingacha iste’molchi qadoqlash yoki qo‘llash bo‘yicha yo‘riqnomani batafsil o‘rganishi, tarkibini o‘qishi, mayda tafsilotlar va noaniq shriftlarni tushunishi kerak edi. Endi «Asl Belgisi» mobil ilovasida (Android / iOS) Data Matrix-kodni skanerlash yordamida xaridor tovarning kelib chiqishi, uning tarkibi, ishlab chiqarish sharoitlari va yaroqlilik muddatlari haqida ma’lumotga ega bo‘ladi. Shunday qilib, iste’molchi o‘z vaqtini tejaydi va halol ishlab chiqaruvchidan tovar sotib olishiga ishonch hosil qilishi mumkin.
Ortiqcha xarajatsiz
Zamonaviy iste’molchi xaridga ko‘proq vazminlik bilan yondashadi va moliyaviy yo‘qotishlardan qochishga harakat qiladi. Arzon tovarni sotib olish ancha foydali bo‘lib tuyular balki, ammo bunday xarid pulni nooqilona sarflash, sifatsiz mahsulotga ega bo‘lishga olib kelishi va hatto hayot uchun xavf tug‘dirishi mumkin. Majburiy markirovkalash bunday holatlarning oldini olishga yordam beradi va tovar tanlashni yanada asosli qiladi.
Sog‘liqqa zararsiz
Raqamli markirovka ishlab chiqarishning ekologik jihatlarini kuzatish imkonini beradi. Xaridorlar atrof-muhitga ta’sir qilish xavfsizligi va mahsulot tarkibida zararli komponentlar yo‘qligini kafolatlaydigan sifat sertifikatlariga ega bo‘lgan brendlarni afzal ko‘rib, mahsulotlarni tanlashga ongliroq yondashadilar. Mahsulot tarkibi haqidagi ma’lumotlarning to‘liqligiga odamlarning sog‘lig‘i, ba’zan esa hayoti ham bog‘liq bo‘lishi mumkin. Shunday qilib, tovarning qonuniyligi va sifatiga ishonch hosil qilish imkonini beruvchi raqamli markirovka tizimiga ishonish odati shakllanadi.
Raqamli markirovka - bu iste’molchi uchun ham, bozorning boshqa ishtirokchilari uchun ham maksimal ochiqlik va shaffoflikdir. Qadoqdagi Data Matrix kodini skanerlash orqali xaridor qo‘lida asl tovar borligiga ishonch hosil qilishi mumkin. Kod ishlab chiqaruvchi haqida ma’lumot, seriya raqamini o‘z ichiga oladi va kriptohimoya tufayli ma’lumotlarni qalbakilashtirish imkonsiz bo‘ladi. Tadbirkorlar esa ushbu kod bo‘yicha tovarning yakuniy iste’molchigacha bo‘lgan yo‘lini kuzatishlari mumkin.
Hayot sifati ko‘p jihatdan mahsulotlarning xavfsizligi va sifatiga bog‘liq. Faqat sinalgan mahsulotlarni sotib olish, har bir xaridni sinchiklab o‘ylash, mahsulotni o‘rganish, narxini taqqoslash kerak. Majburiy markirovka qilinishi kerak bo‘lgan mahsulot guruhlari ro‘yxati yildan yilga kengayib borar ekan, iste’molchilarning onglilik trendi faqat tezlashib boradi.
Raqamli markirovka esa qalbaki mahsulotlar va insofsiz ishlab chiqaruvchilarni aniqlashda samarali vosita bo‘lib xizmat qiladi. Iste’molchilar ham, bozorning vijdonli ishtirokchilari ham yutadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter