Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Oq uy Netanyahudan g‘azabda

Oq uy Netanyahudan g‘azabda

Foto: Axios

Oq uy Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning mintaqada urush olovini yoqishga qaratilgan harakatlaridan g‘azabda. Prezident Donald Tramp ma’muriyati Netanyahu AQShning Yaqin Sharqdagi diplomatik urinishlarini yo‘qqa chiqaradi deb hisoblaydi. Bu haqda Axios nashri Oq uydagi manbalariga tayanib yozdi.

O‘tgan hafta Suriyaning Suvayda viloyatida darziylar isyon ko‘tarishi ortidan Isroil hukumati separatistlarni dastaklab Suriya hududiga bombalar yog‘dirdi. Damashqqa qarshi uyushtirilgan aviahujumlar Tramp atrofidagi yuqori martabali mulozimlarning jahlini chiqargan.

“Bibi (Binyamin Netanyahuning laqabi – tahr.) bamisoli aqldan ozgan. U muntazam ravishda hammayoqqa bomba yog‘dirmoqda. Bu hol Trampning sa’y-harakatlarini yo‘qqa chiqarishi mumkin”, – degan amerikalik mulozim.

Isroil Suriyaga hujum borasida Oq uydan “oq fotiha” olmagan.

“Tinchlik o‘rnatishga intilayotgan mamlakati bombalanayotganidan televizor orqali xabar topish prezidentga yoqmayapti”, – degan Vashington rasmiylaridan biri.

G‘azo sektorida 2023 yil 7 oktyabrdan buyon qonli urush olib borayotgan Isroil armiyasi o‘tgan hafta G‘azodagi katolik cherkovini o‘qqa tutgan edi. Axios nashrining qayd etishicha, Tramp bu hodisadan darg‘azab bo‘lgan va Netanyahuga qo‘ng‘iroq qilib noroziligini bildirgan.

“Har kuni biror yangi mojaro ro‘y beradi. Bu nima bema’nigarchilik?!” – deya Netanyahu harakatlariga e’tiroz bildirgan Tramp.

Donald Tramp an’anaviy ravishda Isroilni qo‘llab-quvvatlab keladi. Yahudiy davlati G‘azo sektorida davom ettirayotgan harbiy harakatlarda, shuningdek, Eronga qarshi olib borgan urushida Tramp ma’muriyati yaqindan ko‘mak berdi. Ammo “siyosiy umri”ni uzaytirish uchun urush va qon to‘kish siyosatini olib borayotgan Netanyahuning harakatlari Yaqin Sharqda tinchlik o‘rnatish haqida bayonotlar berayotgan Trampning diplomatik urinishlariga xalal bermoqda.

Tramp avval ham Netanyahuning mintaqadagi ciyosatiga diplomatik tarzda norozilik bildirgan edi.

Sobiq prezident Jo Bayden ham Isroil bosh vazirining G‘azoda olib borayotgan, minglab tinch aholi vakili o‘limiga sabab bo‘layotgan urushi sabab millionlab liberal saylovchilar ovozini yo‘qotganidan norozi bo‘lgani va Netanyahuga o‘ziga xos tarzda e’tiroz bildirgani ma’lum.

Ayni choqda, tahlilchilar Oq uyning Netanyahuga ro‘yxushlik bermasligi muvaqqat holat ekani, Isroilni shartlarsiz qo‘llab-quvvatlab kelayotgan prezident Tramp kelgusida strategik masalalarda baribir Tel-Avivning yonini olishda davom etishini aytmoqda. Bu borada Tramp butun dunyoning e’tiroziga qaramay, Isroil rasmiylari taklif etayotgan G‘azo sektori aholisini boshqa hududlarga surgun qilish rejasini dastaklab kelayotganini eslash kifoya.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring