O‘qituvchi! Bo‘l tayyor — doim tayyor!

Qisqacha aytib bo‘lmaydigan gaplar...
Men o‘qituvchining farzandiman va bundan hamisha g‘ururlanganman. Ayniqsa, besh-olti sana muqaddam oilamizda katta yo‘qotish bo‘lgan, jigarimizni tuproqqa berib, ezilib turgan paytimizda chamasi yigirma besh-o‘ttiz nafar bola, – keyin bilsam, onamning o‘quvchilari ekan, – boshiga chust do‘ppi, qora ro‘mol tashlab, g‘amgusor alpozda onamning atrofida girdikapalak bo‘lib, unga qo‘shilib yig‘laganida, hali go‘dak isi ketmagan shuuri ila musibatni his qilib, «Biz ham sizga farzandmiz, onajon» deganida o‘qituvchilik kasbining, ustozlik maqomining ikki dunyoga yetgulik saodatini his qilganman. O‘shandan buyon asosiy kasbim – jurnalistlik barobarida o‘qituvchilik bilan muntazam shug‘ullanib kelaman.
O‘ylab qarasam, es bitib, xotiram shakllangandan beri o‘qituvchi, ustoz fenomeni ko‘z o‘ngimda bo‘lgan ekan. Yoshlik xotiralarim ham shu kasb atrofiga qurilgan: «Chopiq mahali tug‘ilgan kunimni dalada nishonlardik», «”Mehnat-rohat” lagerida gulxayri ekilgan yili maktabga borganman», «Otam “Zaporojets”da maktab bog‘idagi sarimsoqpiyozni sotish uchun Novosibirskka ketganda qattiq zilzila bo‘lgan edi», «Otam o‘quvchilarni “Artek”ka oborgan yili tug‘ilganman...». Shunaqa gaplar... Hammasi maktab, ta’lim bilan bog‘liq. Keyinroq magistratura, aspiranturada o‘qidim. Shu tarzda yana ustozlar, ulug‘ insonlar atrofida yurib, bu kasbning sir-sinoatini to‘laroq bildim, ko‘rdim, o‘rgandim.
Afsuski, orada yurakni mahzun qiladigan xotiralar bor...
Shu kunlarda bir kuyunchak bloger do‘stimizning yozganlarini o‘qib qoldim. Unda qayd etilishicha, portalga yozilgan shikoyat xati bo‘yicha maktab direktori va uning o‘rinbosari arizachini – blogerni daraklab keladilar. Shikoyatda arz qilingan masalalar naridan-beri hal etilganiga qaramay, undan e’tirozi bor-yo‘qligi yuzasidan tilxat yozib berishni so‘raydilar. Tilxat-ku yozilgandir, e’tiroz yo‘qligini aytgan shikoyatgo‘y esa ustozlari oldida dilgir vaziyatga tushib, izza bo‘lgandir. Binobarin, shogirdbola huzuriga ustozlarni yo‘llaganlar ham anoyi emas – «Natijasidan qoniqdim, ijobiy hal etildi» tarzida dilso‘z yozdirishga bundan-da ma’qul variant topilmaydi, axir biz, o‘zbeklar, ustozning gapini sira ikki qilmaganmiz. Shu blogpost sabab bo‘ldi-yu, ba’zi xotiralarni qayta elakdan o‘tkazdim...
Juda qadim bo‘lmagan davrlarda, o‘sha – gugurtning narxi bir tiyin bo‘lgan paytlarda shunaqa gap bor edi: «Bo‘l tayyor!». Javobi ham qisqagina: «Doim tayyor!». Agar bugun kimdir «O‘sha kashshoflar an’anasini davom ettirayotgan qavm hozir ham bormi?» deb so‘rasa, ikkilanmay «Bor, o‘qituvchilar» degan bo‘lardim.
Zahmatkash armiya bo‘lgan bu qavm bajarmagan ish qolmadi hisob. Bir adibimizning jumlalarini andak o‘zgartish bilan qo‘llab aytganda, bugun maorif sohasida maorifdan boshqa hamma narsa javlon urmoqda. Shaharning markaziy ko‘chalariga gul ekish, paxtakorlik, go‘ng tashish, ariq chopish, metallom to‘plash, kommunal to‘lovlar yig‘imi, katta kampaniyalar vaqtida aholini ro‘yxatga olish, ana endi portalga yozilgan shikoyatlarning muallifi bilan suhbatlashish ham ularning gardaniga yuklanibdi... Yolg‘onmi? Bu gaping yolg‘on deydiganlar tushini suvga aytsin. Bular sizu bizning ko‘z o‘ngimizda kechayotgan voqeliklar, real manzara. Manzaraki...
Birinchi manzara. 2010-yil. Erta bahor. Ustozim – taniqli olim, O‘zFA akademigi, O‘zbekistonda madaniyat nazariyasi va tarixi ilmiy maktabi asoschisi Said Shermuhammedovning 80 yillik yubileyi arafasi. O‘shanda kamina Fanlar akademiyasining endilikda nomi tarixdagina qolgan Ibrohim Mo‘minov nomidagi Falsafa va huquq instituti aspiranti edi. Taomilga ko‘ra, bunday tadbirlar arafasida yubilyar haqida maqolalar to‘plami chop etiladi. Xullas, Said Shermuhammedov bilan turli yillarda birga ishlagan do‘stu yorlardan, madaniyat va san’at arboblaridan, shogirdlardan maqolalar yig‘ildi. Bu ish bilan shug‘ullanish mening chekimga tushdi. Maqolalar to‘plami tayyorlanayotgani haqida idoralarga, ta’lim muassasalariga axborot tarqatdik. Shunday kunlarning birida «Teatr» jurnalidan telefon qilib, bir maqola borligini, olib ketishimni aytishdi. Keyin bilsam, o‘sha paytda jurnalning bosh muharriri atoqli yozuvchi O‘tkir Hoshimov ekan. Boyagidek esimda: adib yarashiqli nimtabassum bilan salom-alik qilgach, maktablar haqida so‘zlay ketdi. Hammasini so‘zma-so‘z eslay olmayman, ammo «Bu kunlarda ta’limdan fayz qochgan, bo‘tam» degan ma’noda edi. Xayrlashib chiqarkanman, O‘tkir Hoshimovning ustozim haqidagi maqolasini sokinroq bir joyda sekin o‘qiy boshladim. Gap sovet davrida bo‘lgan bir voqea, o‘qituvchining o‘sha paytdagi ahvoli haqida edi. O‘qiy boshladim. Maqoladan iqtibos:
«O‘tgan asrning saksoninchi yillari boshi edi. Qayerga bormang, “Paxta — o‘zbek xalqining iftixori!” degan shiorga ko‘zingiz tushadi. Albatta, paxta – fayzli ekin, qimmatbaho xomashyo. O‘zbek xalqining milliy boyligi. Biroq narigi shiordan kelib chiqiladigan bo‘lsa, karam — rus xalqining, kartoshka — belarusning, chorva — qozoq birodarlirimizning “milliy iftixori” degan ma’no chiqadimi? Odatda milliy iftixor deb o‘sha millatning xotirasida o‘chmas iz qoldirgan buyuk shaxsi, shonli tarixi, boringki, ona tili yoki umumbashariy udumni atash mumkin. Ishlab chiqarish mahsulotini milliy iftixor deyish g‘alati...
Mayli, gap faqat bunda ham emas. Bunday shiorlar bilan paxta yakkahokimligi avj olib, Orol dengizining o‘limiga bir bahya qoldi. Olisdagi poytaxt qutqusi bilan paxta rejalari oshirib borila-borila oxiri “paxta ishi”, “o‘zbek ishi” degan qatag‘on boshlandi.
Shunday qilib, o‘sha yillari bir viloyatga borganimda to‘yga taklif qilishdi. Maktab o‘qituvchisi o‘g‘lini uylantirayotgan ekan. Tabiiyki, o‘qituvchining to‘yiga muallimlar yig‘iladi. To‘y ayni qiziganda tuman “katta”laridan biri — ijroqo‘m raisi so‘zga chiqdi. Davrada o‘tirgan maktab direktorini ko‘rib qolib, dashnom berdi:
– Ibi, domullo! Sizam shu yerdamisiz? Kecha chopiqqa nega bachalarni kam olib chiqdingiz?
Rostini aytsam, jonim hiqildog‘imga kelgandek bo‘ldi. Ijroqo‘m tugul avliyo bo‘lganida ham katta bir davrada mo‘’tabar inson — maktab direktorini mulzam qilishga nima haqqi bor bu chalasavodning! To‘yda o‘tirganlarning yarmidan ko‘pi shu muallimning shogirdlari-ku! Tuman rahbari shunday deb turganidan keyin o‘qituvchiniing obro‘si nima bo‘ladi? Qolaversa, yoshlarga bilim, tarbiya beradigan ilm maskani — maktabning obro‘si nima bo‘ladi?!
Ertadan boshlab bu masalani alohida o‘rganishga ahd qildim. Bilsam, tuman rahbari uyoqda tursin, oddiy brigada boshlig‘i ham o‘qituvchini kamsitish, “o‘zbek xalqining milliy iftixori” — paxta yumushiga maktab o‘qituvchisini ham, o‘quvchilarini ham (hatto go‘dak bolalargacha) istagan paytda jalb qilishga haqli ekan. Mana shu dardli dalillar ta’sirida “Qalbning oppoq daftari” degan maqola yozildi. Maqolani o‘sha paytdagi “O‘qituvchilar gazetasi”ga taqdim etdim. Oradan anchagina fursat o‘tgach, tahririyatdagilar garchand unda jo‘yali mulohazalar aytilgan bo‘lsa-da, bu anchayin qaltis masala ekanini, bosishning iloji yo‘qligini aytishdi. Maqola bir haftadan keyin “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida e’lon qilindi. Ertasigayoq “O‘qituvchilar gazetasi”dan maqolani berib turishni, uni ruschaga tarjima qilish haqida topshiriq bo‘lganini aytishdi. “Adabiyot gazetasidan olib tarjima qilaverishsin” deb qo‘yaqoldim. Qizig‘i shundaki, maqola bir haftadan keyin “O‘qituvchilar gazetasi”da ham, “Uchitel Uzbekistana”da ham bosildi va meni Maorif vazirligiga taklif qilishdi. Vazir Said Shermuhammedov taniqli olim, adabiyotni teran tushunadigan, hurmat qiladigan kishi ekanini eshitgandim. Said akaning huzurida ancha fursat suhbatlashdik. Maqolada aytilgan va ba’zi aytilmay qolgan muammolar haqida fikrlashdik. Jumladan, “yuz foiz o‘zlashtirish” degan talab mantiqqa sig‘masligi, bunday qilish o‘qituvchining oyoq-qo‘lini bog‘lab, o‘quvchining oldida uning obro‘sini to‘kishi, shu bilan birga ayrim muallimlarning o‘zi ham fanni yaxshi bilmasligi, hatto qaysi o‘quvchining ota-onasidan ko‘proq naf tegsa, o‘shanga “ko‘taribroq” baho qo‘yadiganlari ham borligi va shunga o‘xshash og‘riqli masalalarni ochiqchasiga gaplashdik.
Oradan ko‘p o‘tmay maqola yuzasidan Maorif vazirligining maxsus qarori chiqdi. Bu — chinakam ma’nodagi jiddiy hujjat edi. Unda o‘qitish saviyasini keskin ko‘tarish, pedagoglar faoliyati uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, joylarda, ayniqsa qishloqlarda o‘qituvchining obro‘sini to‘kishga olib keladigan holatlarga chek qo‘yish masalalari ko‘tarilgan edi. Vazirlik qarori barcha maktablar, pedagogika institutlari, bilim yurtlari, barcha viloyat, shahar, tuman maorif bo‘limlari, malaka oshirish institutlarida keng muhokama qilindi va zarur choralar ko‘rildi». Iqtibos tamom.
Tushuntirish o‘rnida aytishim joizki, paxta siyosiy masalaga aylangan u paytlar haqida ustozim bilan ko‘p gaplashganman. Domlaning ta’kidicha, o‘qituvchilarni paxta terimidan saqlashning imkoni bo‘lmagan. Bunga hatto Rashidovning ham jur’ati yetmagan. «Bir safar, – deb so‘zlab bergandi ustozim Said Shermuhammedov, – Sharof Rashidovichning kabinetiga ish bilan kirsam xursand kayfiyatda turgan ekan. Ma’lum bo‘lishicha, paxtaning xarid narxini oshirishga erishibdi. Qanchaga oshgani bilan qiziqdim. 2 tiyinga oshgan ekan. Shunda axir bu juda kam-ku deb ajablanganimda Sharof Rashidovich menga qattiq tanbeh bergan, “siz bu summani millionlarga ko‘paytiring, hisoblang, o‘shanda bilasiz. Biz bunga juda katta mashaqqat bilan erishdik” degan edi». Xullas, o‘shanda O‘zSSR rahbariyati o‘qituvchining sha’ni uchun, dala ishlariga jalb qilingan vaqtidagi ta’minoti uchun, zaifgina imkoniyati, jur’ati doirasida qattiq kurashgan. Qisqasi, paxta terishga borgan hasharchi yotoq-joy, oziq-ovqat, sut-qatiq haqida umuman o‘ylamagan. Yonidan pul sarflab oziq-ovqat uyushtirish kabilar bo‘lmagan. Hasharmi-hashar, boshqasini o‘ylama degandek...
Ikkinchi manzara. O‘sha davrda maktablardagi ahvol bilan ham tanishdik. Xo‘sh, universitet, umuman, oliy ta’lim, ilmiy tekshirish institutlarida vaziyat qanday edi? Bu haqda quyida keltirilmish parchada yetarlicha tafsilotlar bor. Marhamat:
«...Yana kuz keldi. Chaman-chaman ochilgan paxtalarni quvnab tergali ming-minglab shahar ahli safarbar etildi. Jamiki ulov dalaga jo‘natildi. Faqat tramvayni jo‘natmoqning iloji bo‘lmadi. Ro‘znomalar sahifasida andoq so‘zbo‘ronlar boshlanib, ko‘z ochirmay qo‘ydi, sakson yashar momoning etak tutgani ham, to‘qson yashar boboning himmat kamarini beliga bog‘lagani ham, besh yashar go‘dakning g‘o‘zaga bo‘yi yetmasa-da, umumxalq hashariga otlangani ham, uch kunlik kelinchakning oq saharni paykal og‘ushida qarshilagani ham... hech narsa qolmadi. Hammamiz uchun hurmatli zotlar esa “oynai jahon”dan boqib, “million egatlarga sochilgan” umumqo‘shinga amr qilar edilarki, so‘nggi misqoligacha! Jon berib, qon berib, sharaf-shon berib bo‘lsa-da!..
Yalpi xuruj boshlangan kuni men bir hafta muqaddam Nazarbekdan – oylik yantoq o‘rimidan qaytib endi ishga chiqqan edim. Menga bundoq hayronalik bilan boqmang, mavlono Gulxaniy: garchi biz ilmiy-tadqiqot muassasasi deb atalmish dargohda ishlasak-da, chopiqqa chiqamiz, yagana qilamiz, piyoz o‘taymiz, pichanu yantoq o‘ramiz, patinjondan tortib paxtagacha teramiz va bir misqolini ham qoldirmasdan hukumatga to‘plab beramiz. So‘ngra agar shu ishlardan ozgina fursat orttirgudek bo‘lsak, ilmu urfon bilan ham mashg‘ul bo‘lamiz. Alqissa, oyog‘imni qo‘limga olib farang-rumo bo‘limiga qarab chopdim. Hovliqib yetib borsam, afsuski, vatanparvarlik tashabbusiga birinchi bo‘lib qo‘shilgan farang-rumolar chidab turolmay hafta burun jo‘nab ketgan ekanlar. Bo‘shashib idoraga qaytdim. Rohiba chaqirtirgan ekanlar, huzurlariga kirib, erta tongda Arnasoyda bo‘lishim kerakligidan xabar topdim. Nazarbekdan kelgan qopim hali og‘zi yechilmay turgan edi, orqalab jo‘nadim. Benihoya xursand edim: Arnasoy bilan Do‘stlikning orasi qochib ketgan emasdir axir!
Ochig‘ini aytsam, paxta terimiga ilk marta buningdek quvonch bilan otlanmoqda edim. Men tug‘ilib-o‘sgan yurtlarda u paytlar g‘o‘za bitmasdi, shu bois yoshlik chog‘larimizdan kunbotardagi uzoq-uzoq dalalarda yotib terardik. Beshinchi sinfda o‘qib yurgan kezlarimda Ko‘korolga borganimni xotirlayman. Ob-havo odatdagidek noqulay kelib, mavsum o‘sha yili ham achchiqichakdek cho‘zilgan, biz uchun naq yetmish ikki kun davom etgan edi. Parij kommunasining umricha. Biz ham kommunarlar kabi sabot-matonat ko‘rsatgan edik.
Endi ba’zan o‘ylab, o‘n ikki yashar bolaning qo‘lidan nimayam kelardi deb shubhaga boraman. Moziyda-ku misollar ko‘p: Bobur o‘n ikki yoshida Andijon taxtiga o‘tirgan. Motsart, deylik, simfoniya yozgan, lekin eng buyuk daho ham o‘n ikki yasharida Ko‘korol cho‘llarida yetmish ikki kun paxta terolgan emas – tarixni varaq-varak axtarib ham bu yanglig‘ hodisani hech qaysi solnomadan topolmaysiz.
Ko‘k yomg‘iri ustimizga tomadi, ko‘zyoshimiz – yerga, yer loy bo‘ladi – ahvolimiz voy, paytava quriydi – sho‘rimiz ham, quyosh mo‘ltiraydi – biz ham mo‘ltiraymiz, makaron sho‘rva qaynaydi – jig‘ildon qaynaydi, maymunlar yig‘laydi – biz yig‘lamaymiz. Kuni bo‘yi qo‘shiq aytib paxta teramiz, xuftonda etigimizni sudrab yotoqqa qaytamiz, bir qoshiq obiyovg‘on yutmasimizdan uy egasi – Mamat degan badjahl turk eshikni ochib mo‘ralaydi: apil-tapil kiyinib jo‘naymiz. Turkning o‘n chaqirim narida tomorqasi bor, poyoni yo‘q, tomorqasida yeryong‘oq bor, qazib olgani vaqt yo‘q, biroq uyida hasharchi bor, hasharchining tili yo‘q, biroq dili bor, dilida jur’ati yo‘q, ammo alami bor, oyning issig‘i yo‘q, yolg‘iz shu’lasi bor, ishsevarga tunu kunning farqi yo‘q, ish bor, ish bor, faqat ish bor!
Oramizda Tursun degan bola bo‘lardi. Eng nimjonimiz shu edi. Bir yil avval otasi o‘lgan, doim burnini tortib yurardi. Mavluda degan opachasi maktabda supuriqchi, paxtaga oshpaz bo‘lib kelgan edi. Kechqurun ovqat suzilgan payti biz bo‘rivachchalardek bechora Tursunni o‘rtaga olib talar edikki, Maluv apachang senga karchikani ko‘p solibdi, mana, menikidan ikki makaron ortiqcha, go‘shting ham ko‘pga o‘xshaydi-ku, ablah?! Nihoyat, Tursun sho‘rlikning yemishini zahar-zaqqum qilib, ko‘nglimiz taskin topar – xusurimiz qongandek bo‘lar edi.
Mehnat hayvonni odamga aylantirganidek, ba’zan odamni ham hayvonga aylantirishi hech gap emasligiga ana shunda imon keltiraman, mavlono Gulxaniy.
Bir sahar uyg‘onib ko‘zimizni ochsak, boyaqish Tursun kulala bo‘lib, tirishgancha ingrab yotibdi. Yaqiniga borib bo‘lmaydi – bad bo‘y dimoqni yoraman deydi. Kulmanglar deb yig‘laydi bechora, kulmanglar, og‘aynilar, o‘rnimdan turolmay qoldim, voy, qornim, o‘lib qolaman, Maluvni chaqirib beringlar, jon og‘aynilar!..
Biz esa qornimizni ushlab qotib-qotib kulardikki, ana shundoq bo‘ladi, nafsi yomon hayitda o‘lar deydilar, kinnamiz kirib, teshib chiqibdi-ku axir!
Oyog‘imiz olti bo‘lib ko‘chaga yugurdik – boshqalardan suyunchi olgani. Radiodan aytsa ham shunchalik tez tarqamas: “Beshinchi “b” Tursun bor-ku, o‘sha ishtoniga...”.
Ming la’nat! Ming karra la’nat, mavlono Gulxaniy! Endi jirkanaman o‘zimdan – o‘sha paytda Tursun boyaqishdan jirkanganim uchun! O‘shanda boshqalarga qo‘shilib suyunchiga yugurganim uchun! Bir mahal sho‘rlik Maluv keldi, yig‘lab-yig‘lab jigarini pokiza qildi, kimlarnidir qarg‘adi, otasini yo‘qlab yana ko‘zyosh to‘kdi, biz esa tashqarida, turkning ayvonchasida hamon hiringlashib turardik.
Saldan keyin muallimdan direktor keldi, “tez yordam”, do‘xtirlar keldi, lekin ulardan avval qazo elchisi allaqachonlar kelib Tursun bechoraning qismatini hal qilgan ekan-ku, hech kimsa buni sezmagan ekan.
Tursunni kasalxonaga olib ketishdi.
Keyin biz uni qaytib ko‘rmadik.
Faqat bir oydan so‘ng, maktabda o‘qish boshlangan kunning ertasiga o‘qituvchimiz Eson aka bizni Tursunning uyiga olib bordi.
Eshikni ko‘k kiygan Maluv ochdi...
Shu-shu, Ko‘korolni yomon ko‘rib qoldim. Dorilfununda biz bilan benihoya xushfe’l, odobli, jajmondek bir qiz o‘qirdi. Ismi Barno edi, men olamda ismi jismiga bunchalar mos tushgan odamni juda kam ko‘rganman. Yigitlarning bari unga oshiq, qizlarning jami unga mahliyo edi-yu, yolg‘iz mengina uni yoqtirmasdim: Barno Ko‘koroldan edi. Ko‘korol rahmatli Tursunni yodimga solardi, Tursunning xotirasi esa menga o‘zimni, o‘zimning o‘sha paytdagi jirkanch qiyofamni eslatardi». Iqtibos tamom. Manba: Xayriddin Sultonning «Ko‘ngil ozodadir» nomli qissasi.
Ha, bu tarixchining o‘lik so‘zlari emas, jarayonni boshidan o‘tkargan adibning tirik so‘zlari, o‘sha davr manzarasiga chizgilari. Har holda men mamlakatda yalpi vaziyat taxminan shunday bo‘lganiga ishonaman – boshidan kechirmagan odam bunchalar aniq va ta’sirli yoza olmaydi.
Uchinchi manzara. 2013-yil. Namangan viloyatining Chortoq shahri. 34-o‘rta maktab. Qandaydir oilaviy sababga ko‘ra bitiruvchi sinf o‘quvchilaridan biri o‘zini osib qo‘yadi. Boshlandi to‘polon!.. Direktor, mahalla raisi, sinf rahbari, hamma sarosimada. Ular bosim ostida qolgan, mayit ko‘mgan xonadon ahlidan-da chuqurroq qayg‘uga cho‘mib o‘ltirgan palla. Tasodifan guvohi bo‘lib qolganim bu voqeadan xulosa shuki, dag‘dag‘alar bilan tekshiruvga kelgan taftishchi hujjat ishlari-yu, boshqasidan ayb topolmagach, maktab kutubxonasidan kalavaning uchini qidirdi. Mirmuhsinning sovet davrida chop etilgan kitobini topib olib, unga yozilgan so‘zboshimi-so‘ngso‘zmi, ishqilib qayeridandir Marks, Lenin kabi nomlarni topib oladi-da, mudhish qiyofada majlis o‘tkazib, kitobni o‘qituvchilarning yuziga otadi. Jamoani siyosiy savodsizlikda va kaltafahmlikda ayblaydi. Xullas, ma’naviyatchi (muovin) bilan kutubxonachi birgalashib 50 ming evaziga komissiyani «tinchitishdi». Elliktaning orqasidan Marks va Lenin unut bo‘ldi, «O‘raga sichqon tushdi, guldurgup...». Kutubxonadan Mirmuhsin, uning «Xo‘jand qal’asi» ham gum bo‘ldi, qaytib ko‘rmadim...
Darvoqe, maktab psixologi, ma’naviyatchi (nomi uzundan-uzun MMIB o‘rinbosarning xalqona atalishi ushmundoq turur) birgalikda o‘quvchilardan... o‘zini o‘zi o‘ldirmaslik haqida tilxat olishdi!.. Bir boshidan, hammadan, «Menkim, falonchi qizi falonchi, o‘zimni o‘zim o‘ldirmaslikka va’da beraman, har qanday sharoitda ham dardimni maktab psixologiga aytaman, o‘lay agar» degandek...
To‘rtinchi manzara. 2013-yilning erta bahori. Yana Namangan. O‘sha paytdagi viloyat hokimi Bahodirjon Yusupovning «xayrli» tashabbusi bilan o‘qituvchilar bir qop go‘ng olib kelib, umumiy xirmonga topshirishi muqaddas burch, vatanparvarlik namunasi tarzida uqtiriladi. Tashabbusga o‘qituvchilar bajonidil rozi ekani, qo‘llab-quvvatlashi haqida boshqarma boshlig‘i axborot beradi. Xullas, go‘ngtalosh mavsum boshlandi. Xo‘p ajab davrlar edi-da. Men bir kamxarj tadqiqotchi, ilm-fan sohasida ayni shu paytda o‘tkazilgan islohotdan ruhim cho‘kib, deyarli tayyor nomzodlik ishimni doktorlik ishiga aylantirish, yana hammasini boshidan boshlash azobini o‘ylab, umidsizlikka tushib turgan paytim... Oxiri boshim gangib, necha oy-kun deganda padaru modarimni sog‘inib, bir chekkasi dardlashish uchun qishloqqa borganimda dastlab «Mirmuhsin voqeasi», ertasiga esa «Go‘ng tashish» aksiyasining ustidan chiqib, tilimni tishladim... O‘qituvchilar ertalab maktabga yelkasida bir qop go‘ng ko‘tarib kelar, o‘quvchilar ham kuchi yetgancha go‘ngni orqalab umumxirmonga to‘kar, so‘ngra saboqlar boshlanardi. Bir qarich bolalarga go‘ng iskattirgan viloyatning o‘sha sobiq rahbarini juda yomon ko‘rib ketganman. O‘zining farzandlari, nabirasi ham o‘sha kunlarda maktabiga, kollejiga go‘ng tashiganmikin degan xos savolim bor. Nasib bo‘lsa, bir kun uchrashsak, buni o‘zlaridan ham so‘rayman...
Beshinchi manzara. Kuz oylari edi. Taxminan, shu... 2014-yil bo‘lsa kerak. Chortoqqa borgim kepqoldi. Otamga telefon qilib, yo‘lga chiqqanimni, falon vaqtlarda yetishimni aytib qo‘ydim. Otam bilan viloyat markazida ko‘rishadigan bo‘ldik. Xullas, ko‘rishdik. «Jiguli» mashinamiz bor edi. Otam endigina maktab direktori bo‘lib ish boshlagan, yonida maktabning xo‘jalik ishlari mas’uli birga ekan. Mashinada esa joy yo‘q. Qandaydir shisha idishlar, sxemalar, asbob-anjomlar... G‘alati jihozlar. Qorong‘i edi. Bir amallab joylashdim. Mashinaning orqa o‘rindig‘i bu g‘alati buyumlar bilan to‘la bo‘lganidan ularni chetga surib, o‘ltirishga joy ochdim. Nimadir, chamasi shisha idish bo‘lsa kerak, pastga tushib sindi. Allanima esa chisir-chisir etib ovoz chiqardi-yu, go‘yo ushalib ketgandek tuyuldi. Otam esa: «Qo‘yaver, bo‘lar ish bo‘ldi, nima bo‘lganini uyga chiqqanda ko‘ramiz», — dedi. Ma’lum bo‘lishicha, o‘sha kuni viloyat xalq ta’limi boshqarmasidan maktabimizga kimyo, fizika xonalari uchun kerakli jihozlar ajratilgan, men qoqbosh esa priborlar, kolbalar, boshqa anjomlar orasinda, ularni pajaqlab-majaqlab ketayotgan ekanman. Tafsilotning yanada ajabi buki, mashinamizning yukxonasida har xil kimyoviy moddalar, umuman, laboratoriya sharoiti uchun kerakli narsalar bor ekan. Otamning aytishicha, to‘la ta’mirdan chiqqan, yangitdan qurilgan maktab uchun endi, oradan bir yillar o‘tgach bu jihozlar arang ajratilibdi. Aniqrog‘i, ish bitavermagach, omborxona boshlig‘iga «qo‘l haqi» uzatilgach, buyog‘i jo‘nashib ketibdi. Otam xursand edi. Mashhur she’r yodimga tushadi: «Ijroqo‘m uy bermish, ko‘zlaringda yosh...».
O‘ylardimki, bunda nimadir g‘alati. Aslida bu jarayon boshqacha bo‘lishi kerak degan fikr ko‘nglimni kemirardi. Xullas, kimyo va fizika fani o‘qituvchilarining orzusidagi anjomlarni ortmoqlab, metallomga aylanish arafasida turgan mashinamizda, chayqalib-chayqalib, sharaqa-shuruq bilan qishloq yo‘lida ketarkanmiz, bu o‘ylar ko‘nglimga savol bo‘lib mahkam tugildi. Oradan ikki haftalar chamasi vaqt o‘tgach, men bu savollarim bilan Xalq ta’limi vazirligi binosida, boshqarma boshlig‘i Abdurahim Nosirov huzurida ovoz yozgichlarni sozlab o‘ltirardim.
Abdurahim Nosirov dilkash va odamoxun inson ekan. Taxminan bir soatdan mo‘lroq suhbatlashdik. O‘sha paytlarda hammaning og‘zida bo‘lgan chet tillarni o‘qitishning yangi davri boshlangani haqida ko‘p gaplar bo‘ldi. Suhbatdoshim o‘z sohasining bilimdoni ekani ko‘rinib turardi. U kishi ingliz tilining ahamiyati, maktablarda uni o‘qitishning mukammal maxanizmi joriy etilayotgani haqida jo‘shib gapirdi. Tusmol qilingan, kutilgan javoblar eshitildi. E’tiborga arziydigan gap shuki, ingliz tilini boshlang‘ich sinflarda chuqurlashtirib o‘qitish evaziga dasturda o‘zgarish bo‘lgan, unga ko‘ra endilikda «Odobnoma» degan dars soatlari qisqaribdi. Zo‘rmi? «Mayli, bolalarga odobnomani keyinroq, ular universitetga kirganda yoki aqidaparastlar tuzog‘iga tushgan pallada majburlab o‘rgatarmiz. Hali vaqt bor-ku...», — dedim yumshoqqina qilib. Abdurahim aka bu qitmir luqmaga javob berib aytdilarki, «“Odobnoma” degan dars tugatilgani bilan uning tarkibidagi mavzular yo‘l harakati xavfsizligi degan fakultativ soatlarga singdirilgan, xavotir olishga hojat yo‘q...».
Alqissa, bu xavotirni ko‘ngildan quvib, maktabda odobnoma soatlari jo‘shqin o‘tayotganiga o‘zimni ishontirib, asta maqsadga o‘tayozdim – anjomlar masalasidan so‘z ochdim. «Bu jarayon-chi, uning keltirish, tarqatish mexanizmi naqadar mukammal?» degandek savol berdim. Abdurahim akaning aytishicha, kimyo va fizika xonalari uchun kerakli jihozlar asosan chet eldan xarid qilinar ekan. Vazirlik bu jarayonda mahsulotga buyurtma berar, davlat tomonidan keltirilgan mahsulotlarni qabul qilib olar, keyin bu anjomlarni bevosita maktablarga yetkazib beradigan tashkilotni tender asosida aniqlar, qolganini o‘sha tashkilot bajarar ekan. Mahsulotlarning viloyat boshqarmalariga yetkazilguncha bo‘lgan qismi qat’iy nazoratda. Binobarin, tashuvchi korxona ham viloyatlarga, xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan ko‘rsatilgan omborlarga yukni yetkazish jarayoniga qadargina shartnoma tuzgan ekan. Qolgan ish esa viloyat xalq ta’limi boshqarmasi ixtiyorida bo‘lib, holat yuzasidan ular chora ko‘rishi, buyumlarni ta’lim muassasasiga bekamu ko‘st, talofatsiz yetkazishni yo‘lga qo‘yishi kerak ekan. Tushunishimcha, jarayon mana shu bosqichdan e’tiboran rahbarlarning, mas’ullarning ijro nazoratidan chiqadi. Go‘yo hamma o‘z ishini bajarib bo‘ldi. Missiya bajarildi. Ammo pirovard maqsad, eng asosiysi hali oldinda edi-ku! Buyumlar qachon va qay tarzda maktabga yetib boradi? Buyog‘i ombor mudirining kayfiyati-yu maktab direktorining hafsalasiga bog‘liq. Abdurahim aka bu masala bilan shug‘ullanishga, o‘rganib ko‘rib, barcha viloyatlar bo‘yicha aniq dalillar bilan yozma javob berishga va’da bergan edi. Yashirib nima qildim, men hanuz shu va’daning ijrosini kutaman.
Bu masalada qat’iy fikr shuki, qancha valyuta sarflab, xarajatlar qilib keltirilgan tansiq jihozlarning tarqatilish mexanizmi mukammal emas. Viloyatlardagi ta’lim boshqarmasining siyosati taxminan bundoq turur: «Marhamat, jihozlar kimga kerak bo‘lsa, kelib olib ketaversin. Bularni yetkazish uchun bizda mablag‘ yo‘q. Bu xarajat budjet rejasida yo‘q. Shunday ekan, maktablar rahbariga aytilsin, kelib tegishini olib ketsin». Shunaqa gaplar. Qolgani bilan birovning ishi yo‘q. Muhimi, unisi «topshirdim» degan imzoga ega chiqadi, bunisi esa «oldim» deb tasdiq etadi. Bu qaydlar varog‘i Toshkentga, vazirlikka yuboriladi, axborot beriladi, yetkazdik, bo‘ldi, hammasi joyida degandek... «Qayerga yetkazding, qanday yetkazding?» deydigan odam yo‘q...
Oltinchi manzara. 2015-yil. Bahor oylari. An’anaga ko‘ra Xalq ta’limi vazirligi yangi o‘quv yili oldidan, sinov-tajriba tariqasida qo‘llangan ingliz tili, umuman, chet tillar darsliklari, jarayonning borishiga bag‘ishlab matbuot anjumani o‘tkazdi. Masalaning mohiyati bundayki, sinov tariqasida tayanch maktablarida o‘qitilgan 4-sinf darsligi naqadar mukammal, metodikada noqislik yo‘qmi, kelasi yili sentyabrda ommaviy ravishda, barcha maktablarda o‘qitiladigan bu darsliklarning sinov jarayoni nechog‘li samarali bo‘ldi qabilidagi gap-so‘zlar muhokama mavzusi... Majlis oldidan barcha jurnalistlar o‘sha tayanch maktablarga borishdi, dars jarayoni, darsliklar, multimedia vositalari bilan tanishishdi. Xullas, ajoyib manzara. O‘qitish tizimi naq Yevropa, juda zo‘r. Bola uchun ikkita darslik, ota-ona uchun alohida darslik (bu qo‘llanmaning zarurati shundaki, ota-ona bolasining o‘qishini nafaqat nazorat qiladi, balki o‘ziga ajratilgan kitob orqali ko‘maklashadi ham), o‘qituvchi uchun alohida qo‘llanma, bundan tashqari, bir qancha multimediali ilovalar, o‘yinlar, ko‘rgazmali qurollar... Havasingiz keladi. Majlisni shaxsan vazirning o‘zi olib bordi. Qiziqarli, jonli muloqot tarzida o‘tgan suhbat davomida men bir savol berdim: «Hammasi yaxshi, zo‘r. 2012 yilgi o‘quv yilidan boshlab, ingliz tilini bolalarga yangi metod asosida o‘qitayapsizlar. Rahmat. Lekin chet tillarni o‘qitishning samaradorligini oshirish bo‘yicha Prezident topshirig‘ini, ya’ni qarorni boya yana qayta o‘qib chiqdim. Bu qarorda chet tillarni o‘qitish kuchaytirilishi evaziga boshqa tillar, aytaylik, shu, o‘zimizning jaydari ona tilimizga e’tibor susaytirilsin degandek gap yo‘q ekan. Qiziq, chet tillarni o‘qitaman deb shunday samarali, serxarajat tizim yaratibsizlar. Bu ishni o‘zbek tilini o‘qitishga to‘la holatda joriy qilsa bo‘lmaydimi? Hozirgi kunda savodsizlik katta muammoga aylanib borayotganini ko‘rib turibmiz-ku! Mana, to‘rt yildan beri ingliz, nemis, fransuz tiliga ayricha e’tibor, ayricha darsligu qo‘llanma. O‘zbek tilini unutib qo‘ymadikmi?». Savolimga Xalq ta’limi vaziri U.Inoyatov javob berdi. Ammo javobdan hech nimani uqmadim. Aniq bir gap yo‘q. Keyinroq yana bir hamkasabamiz rus tilini o‘qitishga ham aynan chet tillar darajasida e’tibor qilinsa yaxshi bo‘lardi degandek savol berdi. Haqli savol. Rus tili biz uchun istasak-istamasak yaqin 50-100 yil davomida ta’sir kuchiga, ahamiyatga ega bo‘lib qolaveradi. Kechagi kunimiz, tariximiz, ilmiy maktablar ruscha manbalarda bo‘lsa, qanday qilib undan qisqa davrda voz kecha olamiz? Bu savolga ham yetarlicha javob bo‘lmadi. Chunki bu haqda topshiriq bo‘lmagan. Topshiriq faqat chet tillarga... Afsuski, Xalq ta’limi vazirligi chet tillarni – ingliz, nemis, fransuz tillarini o‘qitishga doir mukammal tizim ishlab chiqadi-yu, bunda bugungi kunimiz uchun suv va havodek zarur bo‘lgan o‘zbek, rus tillari eski uslubda o‘qitilishda davom etadi.
Yettinchi manzara. Toshkent viloyati. Yangiyo‘l tumani. 68-umumta’lim maktabi. 2017-yil 21-mart. Shu maktabda ma’naviyat va ma’rifat ishlariga mas’ul bo‘lgan bekamiz andog‘ shumxabar aydilarki, «Navbatchilik vajhidan bu kun uyga bora olmasmen, tushuning endi, erjon...». Avvaliga bu xabarga xotirjam qaradim. Bayram kuni, navbatchilik tashkil qilinadi, bu hamma joyda bor taomil. Lekin xuddi ana shu «hamma joyda mavjud tunu kun navbatchilik» masalasi g‘alati tuyula boshladi. Axir maktabu bog‘chalarda, barcha maskanlarda maosh olib ishlayotgan inson – qorovul bor-ku! Unda nimaga kerak bu mashmasha? Qachondan beri bunaqa odat paydo qildik? Modomiki, qorovulga ishonmas ekanmiz, har bayramda unga yordamchilar ajratilar ekan, u holda bu shtat birligini saqlab o‘ltirishdan ne naf? Birato‘la har kuni navbatchilik tashkil qilinib, binoni o‘qituvchilarning o‘zi qo‘riqlab qo‘yaqolsa bo‘ladi-ku! Ana foyda-yu mana foyda! O‘ylab ko‘ringlar, o‘rtoqlar!..
Kech soat 21:00 atrofida maktabga borib, ayolimni, unga poyloqchi bo‘lib ketgan birinchi sinf o‘quvchisi bo‘lgan o‘g‘limni oldimga solib, uyga qaytardim. Maktabda svet o‘chgan, sovuq, bechora o‘g‘lim sovuqda qaltirab turardi. Qorovul-ku o‘z xonasida, kunda-shundaligidanmi, haytovur issiq-sovug‘ini eplab olgan. Ammo navbatchi degichga hech sharoit yo‘q ekan. Stulda o‘tirib, katta, muzdek xonada tong ottirar ekan. Tizimdagi noqisliklar dastidan ota-onam, keyinroq biz – er-xotin kuygan, chuchmal topshiriqlar dastidan tishni-tishga bosib sabr qilayotgan edik, ammo murg‘ak farzandim ham shuning kasriga qolgani g‘azabimni toshirardi. Bu ahvol avlodlar umrida ham u yoki bu darajada takrorlanishini, qaytariq bo‘lmasligini azbaroyi istayotganim uchun ham borini, o‘zi holicha yozayotibman...
Gap shu haqda ketar ekan, yana bir ajabtovur holatni aytmasam bo‘lmas. Xullas, respublika bo‘ylab qariyb barcha maktablarda yil nomiga baxshida o‘laroq, har yakshanba kuni «Ota-onalar bilan muloqot kuni» deb e’lon qilinibdi. Chuchmallik shu qadarki, o‘qituvchi qachon dam oladi, o‘zi dam oladimi degan savol birovni o‘ylantirmayapti. Shunday bosimlar, larzalar ostida qolgan o‘qituvchi kunlardan bir kun sabr kosasi to‘lib, o‘quvchidan bor alamini olsa, odatiy mayin tanbeh o‘rniga asabiy holga tushib, tazyiq o‘tkazsa va bu hol dard ustiga chipqondek, video tarzida internetni portlatsa... men to‘g‘ri tushunaman. Baribir ichki bir sezgim, toza vijdonim bilan shu kunlarda o‘qituvchilik kasbini tutganlarga barakalla degan nido kelaveradi qalbimdan...
* * *
Nazarda tutishingizni istardimki, ba’zi o‘tgan gaplarni, mavzuga oid taassurotlarni hikoya qilar ekanman, ataylab shaxsiy hayotimdan, aniq ko‘rganlarimdan misol keltirdim. Quruq gap bo‘lib qolmasin degan andisha shunday yo‘l tutishni taqozo qildi. Boshqa tomondan olganda, aminmanki, aytganlarim shu yurtda yashayotganlar uchun u qadar yangilik ham emas. Bilgan-ko‘rganlarining umumlashmasi, boshidan o‘tganlarining qaytarig‘i bo‘lsa ehtimol. Ha, men boshqa viloyatlardagi ahvol bilan tanish emasman, poytaxtga kelgich do‘st-yorlar bilan suhbatlardan ayoni shuki, ularda ham vaziyat shu atrofida, sira boshqacha emas ekan...
Umid va ishonch shulki, buyog‘iga ustoz, o‘qituvchi kasbi sharaf va shonlarga burkanadi. Duch kelgan tashkilotning hasharchisi, zaxiradagi imkoniyatlari emas, kelajak bunyodkorlari tarzida e’zozlanadi. Aks holda tarix, kelajak oldida na degan kas bo‘ldik...
P.S: Bu bitiklarni roppa-rosa bir yil avval yozgan edim. Qandaydir boshqa ishlarga sho‘ng‘idim, bir tarafi jamoatchilik fikri ham juda qisqa vaqtda juda muhim tuyulgan boshqa mavzular tomon yo‘nalgani ham shashtimni so‘ndirdi shekilli. Bugun, oradan bir yilcha vaqt o‘tib, amin bo‘layapmanki, tizimda aytarli o‘zgarish yo‘q. Hammasi o‘sha-o‘sha... Istak buki, o‘qituvchilarning o‘zi kelgusida katta o‘zgarishlarga, haqiqattalablar yalovbardoriga aylana olsa... Nazarimda, ularni tiyiqsiz va qonunsiz xorlikdan qutqara oladigan yagona kuch bor xolos – o‘ziga bo‘lgan ishonch, noravo ishlarga bo‘ysunmaslik. Binobarin, ana shunday qila olgan taqdirdagina ular ustoz maqomiga loyiq, qobil sanaladi...
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter