Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘quvchi uchun tushlik — chirigan olma, qurtlagan shirinlik yoxud bolaning begonasi bo‘larkan

O‘quvchi uchun tushlik — chirigan olma, qurtlagan shirinlik yoxud bolaning begonasi bo‘larkan

foto: Jo‘qorg‘i Kenges

 

2021 yil 21 sentyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev respublika faollari oldida qilgan ma’ruzasida shunday degan edi: «Qoraqalpog‘istonda kelgusi yildan boshlab, 1-4 boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun bepul tushlik berish yo‘lga qo‘yiladi. Buning uchun, budjetdan yiliga 100 milliard so‘m ajratiladi. Bu bolajonlar – mening bolalarim. Onalarida sog‘liqlarida muammo bor, endi bolalarda bo‘lmasin...»

Mana shu ezgu tashabbus ortidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 472-sonli qarori imzolandi, qarorki Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida joylashgan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida sog‘lom ovqatlantirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida. Qarorning boshida 2022 yil uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati mahalliy budjeti parametrlarida mazkur hududlardagi boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bepul ovqat bilan ta’minlash uchun 100 milliard so‘mdan, jami 200 milliard so‘m ajratilganligi, tajriba-sinov doirasida 2021/2022 o‘quv yili yakuniga qadar bepul ovqatlantirishni tashkil etish uchun tegishli mahalliy budjetlarda nazarda tutilgan mablag‘lardan Xalq ta’limi vazirligiga 100,6 milliard so‘m yo‘naltirilgani ma’lum qilingandi. Xo‘sh, bu tajriba sinov o‘zini oqladimi?

Yo‘q-da, oqlamadi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Axborot xizmatining xabar berishicha, kuni kecha ayrim maktablarda o‘quvchilarga sanitariya epidemiologiya bo‘limi xodimlari tomonidan sifatsiz oziq-ovqat mahsulotlari berilgani aniqlandi, mahsulotlarki chirib ketgan olma va qo‘ng‘iz bosgan shirinlik. Mazkur oziq-ovqat mahsulotlari maxsus avtomashinalarda emas, yo‘lovchi tashish transportida yetkazib berilmoqda. Agar olmalar sifatli, shirinliklar qurtlamagan bo‘lganda qaror ijrosi to‘liq ta’minlangan bo‘larmidi? Keling, Vazirlar Mahkamasining ushbu qaroriga ilova qilingan nizom bilan qisqacha tanishib chiqamiz. Ya’ni,  ushbu nizom Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi  maktablarda 1–4-sinflar o‘quvchilarini keytering usulida sog‘lom ovqatlantirish tizimini tashkil etish tartibini belgilaydi.

Keytering tizimi nima?

Ushbu tizim xorij tajribasi bo‘lib, hududlarda ovqatlanishni shartnoma asosida tashkil etish, ovqatlarni tayyorlash, yetkazib berish va tayyor pazandachilik mahsulotlarining chakana savdosini amalga oshirish xizmatlarini ko‘rsatadi. Nizomda belgilanganidek buyurtmachi – Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Xorazm viloyati hokimligi. Xo‘sh, buyurtmachilar nizomda ko‘rsatilganidek keytering tizimi shartlaridan xabardormi? Ya’ni, buyurtmachi o‘quvchilarni ovqatlantirishni keytering usulida tashkil etishda quyidagilarga rioya qilishi shart: keytering tashkilotini qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiq tanlab olish, ular tomonidan amalga oshiriladigan xizmatlar sifati yuqori darajada saqlab qolinishini talab qilish...

5-bandda esa keytering tashkiloti xodimlari maktabning tegishli hududiga oldindan taqdim etilgan va Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlangan ro‘yxat asosida belgilangan tartibda kiradi hamda maktab binosida harakatlanadi, deyilgan. Yuqorida nomlari keltirilgan maktablarda keytering qay holatda harakatlangan ekan-a?

Keytering tashkilotlarining javobgarligiga e’tibor qarating: ular xarid qilinayotgan oziq-ovqat mahsulotlari va tayyorlanayotgan taomlar sifatliligidan tortib  foydalaniladigan texnologik jihozlar sanitariya qoidalari, normalari, gigiyena normativlariga mosligiga, taom tayyorlash texnologiyasi qoidalariga rioya qilishdan tortib oshpazlarning har besh yilda malaka oshirishi, oshpazlarning tibbiy ko‘rikdan o‘tgan holda ishga qo‘yilishi uchun javobgar hisoblanadi. Endi savol tug‘iladi qurtlagan olma va suvarak bosgan shirinlikka qaysi oshpaz mas’ul?

Sichqon yegan shirinlik

Eh-he nizom bilan tanishsangiz inson qadrini his qilasiz... Lekin ijtimoiy tarmoqlarda o‘tgan yili 15 dekabr kuni  Qoraqalpog‘istonning Beruniy tumanidagi maktablarning birida o‘quvchilarga tushlik sifatida berilayotgan toshday qattiq shirinliklarning suratini ko‘rib inson qadri shumi degingiz keladi.  

 foto: ijtimoiy tarmoqlar

Ushbu sifatsiz tushlikdan keyin yutubga Beruniyda bu borada olib borilayotgan ishlar yuzasidan qo‘yilgan videoda na keytering xizmatini o‘z zimmasiga olgan tadbirkor yoki maktab, na hokimlik xodimlarining keytering xizmatidan umuman xabari yo‘qligini bilsangiz bo‘ladi. Boisi yig‘ilganlar qadoqlangan bulochka va shirinliklarni muhokama qilisharkan, ular issiq tushlikni umuman tilga olishmadi. Afsuski, ta’minotchi, ya’ni keytering tashkiloti 2 kun oldin va’da qilgan  o‘zgarishni amalga oshirmagan.

Shu o‘rinda o‘sha xabarlarga yozilgan izohlardan ham bilsa bo‘ladiki, bu toshday qattiq shirinliklar faqat bitta maktab muammosi emas: «Bu kanalga rasmni kanday tashlasa bo‘larkina, qizimga bergan shirinlikni rasmga tushirib qo‘yibman, qurtlagan, sichqon yegan  pecheneni bergan insofsizlar, o‘zlarining bolalariga berarmikan?».

«Assalomu aleykum bu narsalarni bermanglar iloji bo‘lsa, isrofgarchilik, bolalarimiz yemaydi, itga, tovuqqa berib o‘tiribmiz, chiqindiga tashlamaymiz-ku uvol...»

«38-maktabda bir oy berildi, undan keyin berilmay qo‘ydi...».

«Maktab oshxonalarini ochib yangi-yangi ovqat pishirish kerak, oshpaz ham vijdonli, tozalikka rioya qiladigan bo‘lishi kerak.», «shu ajratilgan pulga maktablarda oshxona qurish kerak, oshxonalarning barini tadbirkorlar egallab do‘konga aylantirishgan».

Keytering tashkiloti qanday tanlab olinadi?

Keytering tashkilotini tanlab olish Vazirlik tomonidan tasdiqlangan texnik talablarga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi  qonuniga muvofiq xarid qilish tartib-taomillari asosida tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Xorazm viloyati hokimligi tomonidan o‘tkaziladigan tanlov (tender) yakunlari bo‘yicha amalga oshiriladi. Tanlov (tender) o‘tkazish bo‘yicha e’lonlar va qo‘yiladigan umumiy talablar Vazirlik tomonidan buyurtmachiga taqdim qilinadi hamda buyurtmachi tomonidan davlat xaridlari elektron tizimining maxsus platformasiga va ommaviy axborot vositalariga joylashtiriladi. Tanlovga buyurtmachi tomonidan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining geografik joylashuvini va ular o‘rtasidagi masofani inobatga olgan holda alohida lotlar joylashtiriladi. Qarang, bu qanchalar murakkab zanjir. Demak, chirik olma va qurtlagan shirinlik aybdorlari maktab direktorlarigina emas ekan. Vazirlik keytering tashkiloti faoliyati ustidan doimiy monitoring olib boradi, degan joylariyam bor. Qurtlagan olma va qo‘ng‘iz bosgan shirinlik nahot monitoring paytda e’tibordan chetda qolgan bo‘lsa.

E’tibor bering, keytering tashkiloti taomlarni ushbu Nizomning 7-bandida nazarda tutilgan tartibda tasdiqlangan taomnoma asosida tayyorlaydi va o‘quvchilarga yetkazib berish choralarini ko‘radi – tayyor taomlarni qadoqlangan, bir marta ishlatiladigan qutilarda sovitkich moslamasi o‘rnatilgan maxsus avtotransport vositalarida maktablarga yetkazadi. Yetkazib berilgan taomlar tarkibi va sifati ustidan doimiy nazoratni ta’minlash maqsadida har bir maktabda 5 nafar (maktab direktori, hamshira va ota-onalar vakillari) a’zodan iborat tarkibda maxsus komissiya tuziladi. Chirigan va qurtlagan olmalarni nahotki 5 nafar maxsus komissiya a’zolari ko‘zini chirt yumib o‘tkazib yubordilar yoki o‘zlari farzandlariga shu olmalarni ravo ko‘rishadimi?

Vazirlik O‘zbekiston Autsorsing xizmatlari ko‘rsatuvchi korxonalar uyushmasi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining tegishli hududiy boshqarmasi bilan birgalikda keytering tashkiloti tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar sifati ustidan doimiy nazoratni amalga oshiradi.O‘rganish natijalariga ko‘ra, keytering tashkilotini «insofli ijrochi» yoki «insofsiz ijrochi» ro‘yxatiga kiritishni zimmasiga olarkan, demak qurtlagan olmada vazirlikning ham hissasi bor...

Ma’lumotga ham ega emas

Buyurtmachilar esa keytering tashkiloti tomonidan yetkazib berilgan tayyor oziq-ovqat mahsulotlarining hisob-faktura hujjatlari «kundalik.com» platformasida shakllangan ma’lumotlarga mosligini tekshirishi haqida umuman ma’lumotga ham ega bo‘lmasa kerak.

Demak, bu qarorda, nizomda ko‘rsatilgan talabni na vazirlik, na hokimlik bajarmagan. Epidemiologiya nazorati faqatgina sifatini tekshirish bilan kifoyalangan, vaholanki, bir marta tushlik degani chirigan olma va qo‘ng‘iz bosgan shirinlik degani emas, konteynerda yetkazib beriladigan issiq ovqat degani... 

foto: ijtimoiy tarmoqlar

Bu haqda Prezident Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzakov ham o‘tgan yili1 noyabr kuni xalq ta’limi sohasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida Qoraqalpog‘iston Respublikasida maktab o‘quvchilariga bepul tushlik berish bilan bog‘liq muammoga tanqidiy  yondashgandi. Ya’ni, o‘tib borayotgan yangi o‘quv yilida Xorazm viloyatida keytering usulida bepul ovqat berish 94 foiz maktablarda yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, Qoraqalpog‘istonda tender tanlovlarini o‘tkazish davom etayotganligi bois ushbu amaliyot hali to‘liq boshlanmagani haqida ma’lumot bergandi.

Sardor Umurzakov Prezidentning xayrli tashabbusi ijrosiga nisbatan mas’ullarning bunday sustkashlikka yo‘l qo‘ygani uchun e’tiroz bildirarkan:«19 sentyabr deyapsiz, axir o‘quv yili qachon boshlanadi? Nahotki, davlat rahbarining topshirig‘ini maktab davri boshlanguncha yo‘lga qo‘yib bo‘lmasa? Barcha zarur mablag‘lar ajratib berilgan», – deya kuyungandi.

Bashorat to‘g‘ri chiqdi

Nimagadir qanday bir xayrli ishni yo‘lga qo‘yishni boshlasak orqasidan albatta misi chiqadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev bolalarni tekin ovqatlantirish tashabbusi ijtimoiy tarmoqlarda yoyinlanganida juda ko‘pchilik xursand bo‘lgan edi, lekin juda ko‘pchilik o‘sha paytiyoq bu tushlikka ajratiladigan pullar talon-taroj bo‘lishini basharot ham qilishgan ekan. 

«Ey baraka topkurlar bu davlatning bolalarini bog‘chasidan boshlab 11-sinfigacha hammasining yoppasiga qon tahlilini qilinglar, eng oddiy gemoglobin darajasini bilinglar, statistikani ochiqchasiga ko‘rsatinglar, hududma hudud. Keyin xammasi tushunarli bo‘ladi hammaga, vrachlarga ham, o‘qituvchilarga ham, rahbarlarga ham, odamlarga ham. Ta’lim berish sifati juda xarob ahvoldaligini hamma biladi, lekin o‘sha xarob bo‘lsa ham berilayotgan ta’limning nega o‘zlashtirilishi yaxshi emasligi masalasini   hech kim o‘ylab ko‘rmadi haligacha...»

«O‘sayotgan organizmga, o‘quvchiga yetarli darajada kunlik vitaminlar va minerallar berilishi kerak, ko‘pchilik yetishmovchilik orqasidan bolalarning o‘qish va miyasining qabul qilish darajasi tushib ketdi o‘tgan yillar davomida».

«Bizda tuproqda yod yo‘q, demak yerda o‘sadigan yemishda, mevalarda ham yod yo‘q, okeanda esa ko‘p. Bizda okean yo‘q, demak yod tabletkasini aptekadan sotib olish kerak bo‘ladi, bo‘lmasa o‘sayotgan bolaning miyasi rivojlanishi orqada qoladi va bu bir umrga yetadi, ayollarda ham yod yetishmasa bolasi nosog‘lom, aqli bo‘sh bo‘lib tug‘ulishi mumkin».

«100 milliard...bolalarga bitta bulochka bilan bir bo‘lak sariyog‘ berib qolgani tuya...»

«Semiz-semiz  bufetchi opalar paydo bo‘lisharkan-da».

«Bizda bepul nonushta yetkazib berish uchun tizim mavjud emas, bu yana budjetni o‘marishga asos bo‘ladi... kalamushlar bo‘rsiqqa aylanadi...»

«Undan ko‘ra 2 yoshgacha bo‘lgan bola pulini hammaga baravar berishni qaytarish kerak...»

Oddiygina ichimlik suvi yo‘q-ku

Bugungi chirigan olma qo‘ng‘iz bosgan shirinlikka esa jamoatchilik faollaridan biri iqtisodchi bloger  Otabek Bakirov shunday munosabat bildiradi:

«Jo‘qorg‘i Kenges raisi topshirig‘i bilan maktablarda «bepul nonushta» qanday yo‘lga qo‘yilganini Kegeyli tumani misolida o‘rganilipti. O‘rganishlar bolalarga berilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari sifatsiz yoki yaroqsiz ekani, maktablarda oddiy ichimlik suvi yoki issiq choy tayyorlashga imkon yo‘qligini ko‘rsatgan.

Albatta, bu kamchiliklar ro‘y-rost aytilayotgani yaxshi. Lekin ko‘zda tutilayotgan yechimlar o‘sha-o‘sha: kamchiliklarni bartaraf etish, aybdorlarga chora ko‘rish.

Hech bir mas’ul hozir maktablarda bolalarga zarurroq yordamlar nimalar ekanining ro‘yxatini tuzmagan. Balki, bu oddiygina normal hojatxonaning mavjud bo‘lishidir? Balki bu suvning, mayli issiq suv bo‘lmasin, oddiygina ichimlik suvining bo‘lishidir? Balki zaruriyat sport zali bilan bog‘liqdir? Ikkinchi va uchinchi smenada o‘qiyotganlar uchun bu birinchi smenada o‘qish imkoniyati bo‘lishi mumkin. Yuzlab maktablar burjuy pechkalar bilan isitiladi. Balki qozonxonalar zarurroqdir.

Mas’ullar orasida bunday savollarni beradiganlar hozircha yo‘q. Qaydan ham bo‘lsin, ular «labbay, xo‘p bo‘ladi» ijrochilar, ular Tetcher emaslar.

Qoraqalpog‘iston va Xorazmda yiliga 100 mlrd.dan, tez orada butun O‘zbekiston bo‘ylab bir necha trillion «bepul nonushta»ga sarflanadi. «Bepul nonushta»ning asl mazaxo‘raklari (ular aslo bolalar emas), bu kun kelishini tamshanib kutib o‘tirishipti.»

Yana talon-taroj bo‘lmasmikan?

Kelasi o‘quv yilidan barcha viloyatlar va Toshkent shahri maktablarida ham bepul ovqatlanish joriy etiladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga murojaatnomasida aytildi:

«Yil boshidan Qoraqalpog‘iston va Xorazmda 285 ming nafar boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun bepul ovqatlanish yo‘lga qo‘yildi. Bu borada yetarli tajriba orttirdik.

Endi, kelasi o‘quv yilidan ushbu amaliyot qolgan viloyatlar va Toshkent shahri maktablarida ham joriy etiladi va buning uchun 2,3 trillion so‘m ajratiladi».

Yana niyatlar ezgu, qarorlar me’yorida, tajriba orttirganimiz ham, sifatli ovqatlar yetkazib berilayotgani ham bor gap. Lekin birniki mingga, mingniki tumanga deganlaridek, yuqorida misol keltirganimiz qurtlagan olmalarini, sichqon yegan shirinliklarini, mog‘orlagan bulochkalarini jondan aziz bolajonlarimizga o‘tkazmoqchi bo‘lib yurgan kalamushlarimiz ham tajribalari bilan o‘rtoqlashish uchun tayyor turgani sir emas.

Barno Sultonova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring