Jigar — eng muhim organlardan biri. U qonni zararli moddalardan tozalab, tanada vitamin va minerallarni saqlaydi. Shuningdek, yallig‘lanishni nazorat qilib, energiya ishlab chiqaradi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati ushbu a’zo uchun foydali 10 ta mahsulot haqida
ma’lumot berdi.
Qovoq. Bu mahsulot beta-karotinning boy manbai hisoblanib, jigarni himoya qilishga yordam beradigan kuchli antioksidantdir. Undagi S, Ye, kaliy, magniy va temir kabi muhim vitamin va minerallar mazkur a’zo faoliyatini yaxshilab, himoya mexanizmlarini mustahkamlaydi.
Qovoqda ko‘p miqdorda suv va tola bo‘lib, ular jigarni tozalashga yordam beradi va zararli moddalarni organizmdan chiqarib tashlashni tezlashtiradi. Shu bilan birga, yog‘ miqdori kam va past kaloriyali bu mahsulot jigarga ortiqcha yuk tushishining oldini oladi.
Turshak. U jigar faoliyatini yaxshilab, detoksikatsiya qobiliyatini oshiradi. Turshak tarkibidagi silimarin moddasi uni mustahkam himoyalaydi.
Sut mahsulotlari. Yogurt, qatiq va boshqa sut mahsulotlari probiotiklarga boy. Ular ichak mikroflorasini muvozanatlashtirishga yordam beradi. Hazm tizimi yaxshi ishlasa, jigarga tushadigan yuk kamayadi. Natijada organizm toksinlarni tez va samarali chiqarib tashlaydi.
Brokkoli. Jigar uchun foydali bo‘lgan ushbu sabzavot antioksidantlarga boy. Ushbu sabzavotdagi sulforafan moddasi uni zararli moddalardan himoyalab, yallig‘lanish jarayonlarini sekinlashtiradi.
Qolaversa, brokkoli diindolilmetan va glyukorafanin kabi tabiiy birikmalar bilan jigar holatini yaxshilaydi. Bu moddalar saratonga qarshi xususiyatlar bilan bog‘liq va tabiiy detoksikatsiya jarayonini qo‘llab-quvvatlaydi.
Zaytun yog‘i. U antioksidantlarga boy va jigarni erkin radikallardan asraydi. Ushbu yog‘dagi olein kislotasi yallig‘lanishni kamaytirib, jigar hujayralarini himoya qiladi. Shuningdek, zaytun organizmdagi “yomon” xolesterinni kamaytirib, “yaxshi” xolesterinni oshiradi.
Yog‘li baliqlar. Ushbu mahsulot omega-3 yog‘ kislotalariga boy bo‘lib, jigardagi yallig‘lanishni kamaytiradi. Undagi D, V12 vitaminlari, selen va yod moddasi organ faoliyatini yaxshilaydi. Qolaversa, yog‘li baliqlar sifatli protein manbai hisoblanadi. Protein esa jigar hujayralarining tiklanishi va yangilanishida muhim hisoblanadi.
Qizil lavlagi. Uning tarkibidagi betanin moddasi jigar faoliyatini yaxshilab, detoksikatsiya qobiliyatini oshiradi.
Yong‘oqlar. Bodom va yong‘oq omega-3 yog‘ kislotalari va Ye vitaminiga boy. Ular jigarni zararli moddalardan himoya qilib, yallig‘lanishni kamaytiradi.
Tarvuz. Jigar uchun eng foydali mahsulotlardan yana biri tarvuzdir. Ushbu poliz ekinining suvi organizmdan ortiqcha suyuqlik va shlaklarni chiqaribgina qolmasdan, jigar to‘qimalarini yengil o‘zlashtiriladigan qandlar bilan ta’minlaydi.
Suli yormasi. Yuqori darajali tolalarga boy ushbu mahsulot hazm qilish tizimini me’yorlashtirib, toksinlarni organizmdan chiqarishga yordam beradi. Bu esa jigarga tushadigan yukni kamaytiradi va uning faoliyatini yaxshilaydi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter