Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«O‘smir voqea joyida vafot etgan» — vazirlik jabrlanganlar sonini e’lon qildi

«O‘smir voqea joyida vafot etgan» — vazirlik jabrlanganlar sonini e’lon qildi

Toshkent shahar Sergeli tumani «Quruvchilar» dahasida joylashgan omborxonalarning birida kuchli portlash oqibatida yong‘in sodir bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi jabrlanganlar sonini e’lon qildi.

Qayd etilishicha, ushbu hodisa oqibatida jabrlanganlarning umumiy soni 163 nafarni tashkil etmoqda. Shundan jami 24 nafari Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning Toshkent viloyati filiali, Toshkent shahar tez tibbiy yordam shifoxonasi, 1-sonli Respublika va 1-sonli shahar klinik shifoxonalari hamda 1-sonli shahar tug‘uruqxonasiga yotqizildi.

Qolgan 138 nafar jabrlangan aholi vakilining salomatligi yaxshi bo‘lganligi uchun ambulator tibbiy yordam ko‘rsatilib, uyiga javob berilgan. 

Hodisa oqibatida 2006 yilda tug‘ilgan bir nafar o‘smir bola voqea joyida vafot etgan va shifoxonaga tiriklik alomatlari bo‘lmagan holda olib kelingan.

Ayni paytda yuqoridagi shifoxonalarda davolanayotgan bemorlar orasida o‘ta og‘ir tan jarohati olganlar yo‘q. Ularning salomatligi qoniqarli.

Bemorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun xirurg, travmatolog, neyroxirurg, nevropatolog, yuz-jag‘ jarrohi, akusher-ginekolog kabi respublikamizning eng yetakchi mutaxassislari jalb qilingan.

Davolash muassasalarida tezkor va sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish uchun barcha zarur dori-darmon zaxirasi yaratilgan, deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi xabarida.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring