OTB O‘zbekistonning to‘rt hududi turmush sharoitini yaxshilashga $59 mln kredit ajratadi
Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekistonning to‘rtta o‘rta shaharlarida turmush sharoiti va iqtisodiy raqobatbardoshlikni yaxshilash uchun 59 million dollarlik kredit va 500 ming dollarlik grant ajratishni ma’qulladi.
OTB integratsiyalashgan shaharsozlik loyihasi doirasida COVID-19 pandemiyasi va iqlim o‘zgarishlari sababli rivojlanish bir qadar to‘xtab qolgan Jizzax, Xovos, Xiva va Yangiyer shaharlarida kommunal infratuzilma va xizmatlarga strategik investitsiyalarni qo‘llab-quvvatlaydi.
«Integratsiyalashgan, iqlim o‘zgarishlariga chidamli shaharlarning rivojlanishi o‘rta sinfdagi shaharlarning iqtisodiy raqobatbardoshligini oshirishi hamda ularda yashovchi aholining hayot sifatini sezilarli darajada yaxshilash mumkin», – deydi OTBning Markaziy va G‘arbiy Osiyo bo‘yicha Bosh direktori Yevgeniy Jukov. – «OTB loyihasi mazkur hududlarni har qachongidan ham yaxshiroq va tezroq qayta tiklashdagi innovatsion yechimlarni qo‘llaydi va bu uchun institutsional salohiyatni kuchaytiradi.»
Loyiha yashil rivojlanishni, jumladan, Xovosdagi ko‘p funksiyali jamoatchilik markazi va umumiy yashil yo‘lni o‘z ichiga olgan yangi jamoat bog‘ini, shuningdek, Xivada ilk marta tashkil etiladigan Buyuk ipak yo‘liga bag‘ishlangan ikki qavatli binoda raqamli muzeyini o‘z ichiga oladi.
Shuningdek, Jizzaxda ekologik toza suvni tejovchi texnologiyalar yordamida suv tarmoqlarini rivojlantirish va barcha to‘rtta shaharda qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirishni qo‘llab-quvvatlaydi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston OTBga 1995-yilda a’zo bo‘lgan. O‘shandan beri bank mamlakatga 10 milliard dollardan ortiq kreditlar, grantlar va texnik yordam ko‘rsatdi.
OTB 1966-yilda tashkil etilgan bo‘lib, 68 a’zoga ega va ulardan 49 tasi ushbu mintaqada joylashgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter