Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘tgan yili poyezd va avtomobillar to‘qnashuvi sabab 11 kishi halok bo‘lgan

O‘tgan yili poyezd va avtomobillar to‘qnashuvi sabab 11 kishi halok bo‘lgan

Senatda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga temir yo‘l transportida va metropolitenda harakat va tashish xavfsizligi talablarini hamda yo‘lovchilarni, bagajni va yuk bagajini tashish qoidalarini buzganlik uchun jarima solishga sabab bo‘lishini belgilovchi qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi muhokama qilindi.

Ta’kidlanishicha, 2023-yil davomida metropolitenda 172 mln, yo‘lovchi poyezdlarda 9 mln 300 ming yo‘lovchi tashilgan bo‘lsa, 2024-yilda metropolitenda 270 mln, yo‘lovchi poyezdlarda 10 mln 70 ming, shuningdek, avtomobil transportida 8 mlrddan ortiq yo‘lovchilarni tashishga erishildi. Bundan tashqari, 2024-yil davomida temir yo‘l transportida 102,7 mln tonna yuk tashilgan bo‘lsa, avtomobil transportida 2 mlrd tonnadan ortiq  yuk tashilgan.

Bu esa o‘z navbatida davlat nazoratini amalga oshirishda yo‘lovchi va yuklarni manziliga o‘z vaqtida xavfsiz yetkazish, ularga xizmatlar ko‘rsatish jarayonining uzluksizligi, sifatliligi, barqarorligi va ishonchliligini ta’minlash lozimligini taqozo etmoqda.

Amaldagi qonunchilikda temir yo‘l tashishlari xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha kamchiliklar va huquqbuzarliklar aniqlanganida Transport nazorati inspeksiyasi yuridik shaxsga nisbatan faqat ko‘rsatma berish huquqiga ega.

Jumladan, temir yo‘l transporti hamda metropolitenda 2024-yilda harakat va tashishlar xavfsizligi talablarining qo‘pol buzilishi bilan bog‘liq 130 ta hodisa sodir etilgan. Natijada harakatdagi tarkib va temir yo‘l infratuzilmasiga qariyb 4 mlrd so‘m moddiy zarar yetkazilgan. Xuddi shuningdek, mamlakatimiz avtomobil yo‘llarining tartibga solinmagan temir yo‘llari kesishmalarida poyezdlar hamda avtotransport vositalari ishtirokida 2024-yilda 38 ta yo‘l transport hodisasi sodir bo‘lgan va buning oqibatida 11 nafar fuqaro halok bo‘lgan.

Shu bois Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks yangi 113-1-modda bilan to‘ldirilib, tashishlar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha qoida va talablarni buzganlik uchun mansabdor shaxslarga va xizmatchilarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari miqdorida  jarima solishga sabab bo‘lishi belgilanmoqda.

Muhokama qilinayotgan Qonun bilan xalqaro va shaharlararo avtomobil tashuvlarini amalga oshirishda haydovchilarning mehnat va dam olish rejimini buzganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘lishi belgilanmoqda.

Senatorlar tomonidan Qonun transport xizmati ko‘rsatishni tashkil etish tizimini takomillashtirishga hamda yuk va yo‘lovchilar tashishdagi xavfsizlikni ta’minlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Muhokamadan so‘ng Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring